BMT Qirgʻizistonni oʻlim jazosini qayta joriy etish rejalaridan voz kechishga chaqirdi

11:54 22 Oktyabr 2025 Dunyo
166 0

BMTning inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Folker Tyurk Qirgʻiziston hukumatini oʻlim jazosini qayta tiklash boʻyicha harakatlarni zudlik bilan toʻxtatishga chaqirdi.

Qirgʻiziston 1998-yilda oʻlim jazosini qoʻllashni toʻxtatgan, 2010-yilda esa Inson huquqlari va fuqarolik erkinliklariga oid xalqaro paktning Ikkinchi fakultativ protokolini ratifikatsiya qilgan holda uni qonuniy ravishda bekor qilgan edi. Mazkur shartnoma ishtirokchi davlatlardan oʻlim jazosini bekor qilish uchun zarur boʻlgan barcha choralarni koʻrishni talab qiladi.

Sentyabr oyining oxirida sodir boʻlgan voyaga yetmagan qizning zoʻrlanishi va oʻldirilishi bilan bogʻliq voqealardan soʻng Qirgʻiziston hukumati konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish taklifini ilgari surdi. Taklifga koʻra, bola zoʻrlanishi yoki bola va kattalarning zoʻrlanib oʻldirilishi uchun oʻlim jazosi qayta joriy etilishi hamda mamlakat protokoldan chiqishi mumkin. Ushbu takliflar yaqin haftalarda referendumga qoʻyilishi, agar maʼqullansa, parlamentga yuborilishi kutilmoqda.

— Pakt va Ikkinchi fakultativ protokol bilan kafolatlangan huquqlar, ular biror davlat tomonidan eʼtirof etilgach, bu davlat hududida yashovchi fuqarolarga tegishli boʻladi va hech qanday holatda, qanday asos bilan boʻlmasin, ularni bekor qilib boʻlmaydi, — dedi Folker Tyurk.

Uning taʼkidlashicha, “hech bir adliya tizimi mukammal emas va agar oʻlim jazosi qayta tiklansa, vaqt oʻtishi bilan davlat tomonidan begunoh insonlarning oʻlimiga sabab boʻladi”.

BMT Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasi shuni aniq bildirdiki, Pakt va Ikkinchi fakultativ protokolda ulardan voz kechish mexanizmi koʻzda tutilmagan. Shu bois oʻlim jazosining bekor qilinishi ushbu hujjatni ratifikatsiya qilgan davlatlar uchun huquqiy jihatdan qaytarilmas hisoblanadi. Demak, ular oʻlim jazosini qayta joriy eta olmaydi.

Bundan tashqari, protokolni hech qanday istisnosiz ratifikatsiya qilgan davlat hatto eng ogʻir jinoyatlar uchun ham oʻlim jazosini qoʻllay olmaydi.

— Hukumat oʻlim jazosini qaytarish zaruratini oqlashda tilga olayotgan jinoyatlar, albatta, dahshatli. Ular boʻyicha adolatli sudlov amalga oshirilishi zarur. Ammo ilmiy va amaliy dalillar oʻlim jazosi ogʻir jinoyatlarni kamaytirishga sezilarli taʼsir koʻrsatishini tasdiqlamaydi. Shuning uchun men Qirgʻiziston hukumatini bu takliflardan voz kechishga, buning oʻrniga qonun ustuvorligini mustahkamlash, odil sudlovga toʻliq kirish imkonini yaratish va jabrlanganlarga zararni qoplash tizimini rivojlantirishga chaqiraman. Zoʻravonlik, jumladan jinsiy zoʻravonlikka qarshi kurashda asosiy eʼtibor jabrlanuvchilar manfaatlariga yoʻnaltirilgan va yetarli resurslarga ega yondashuv boʻlishi kerak, — dedi BMT Oliy komissari Folker Tyurk.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер