Biz suv ichgan daryolar
Oʻzbek va qirgʻiz azaldan bir etu tirnoq. Bu oʻxshashlik hatto maqollarimizda ham aks etgan. Bizda “Mehmon otangdek ulugʻ” degan naql asrlar mobaynida sayqallanib, oʻz qadr-qimmatini yoʻqotmay kelmoqda. Qirgʻiz elida “Qancha put kelsa – shuncha qut keladi” degan naql bor. Bu yurtga qancha koʻp mehmon kelsa, shuncha fayz va baraka keladi, deganidir. Biz bir daryo irmoqlaridan suv ichadigan bitta daraxtning ikki yaprogʻimiz. Tilni, dilni tushunish uchun bizga tarjimon shartmas. Yuzma-yuz boʻlganda qadrdon tuygʻular, kuy-qoʻshiqlar, mumtoz ohanglar, qadri abad qadriyatlar qalblarni-qalblarga mehr rishtalari bilan bogʻlayveradi. Ikki yurt boʻylab sayr qilarkanmiz, tabiat neʼmatlariga ishora qiluvchi joy nomlari ham juda oʻxshash: oʻrikzor, olmazor, bodomzor, behizor, mingoʻrik...
Qirgʻiz xalqining jahonga mashhur adibi Chingiz Aytmatov “Inson yurt tuprogʻi va havosidan quvvat olib yashaydi” deya yozganida naqadar haq edi. Bugungi kunda Qirgʻizistonning eng kenja viloyati Batkenda 500 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Chorvachilik, bogʻdorchilik hududning asosiy drayveri boʻlib, soʻnggi yillarda turizm, xizmat koʻrsatish va servis tarmoqlari, xususiy va kichik biznes jadal rivojlanmoqda. Batken hududi boʻylab 6 ta katta-kichik daryolar oqib oʻtadi. Yuz yillar mobaynida bu daryolar suvlari uch mamlakat – Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston yerlariga obi hayot baxsh etib kelmoqda.

Batken viloyati markazi boʻylab yurib borarkansiz, shu yilning bahorida Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston chegaralari kesishgan nuqtada qad rostlagan “Doʻstlik” stelasi koʻzga tashlanadi. Mazkur shahar markazdan15 kilometr uzoqlikda joylashgan. Hududning oʻziga xos yana bir ramziga aylangan “Batken toʻrt gul” suv saqlash koʻli chinakam tabiat moʻjizasidir. Bu sunʼiy koʻl 1974-yilda qurib bitkazilgan. Uning asosiy vazifasi Aksu daryosi suvini toʻplash, koʻp yillik oqimni tartibga solishga qaratilgan. Koʻlning uzunligi 5 kilometr, eng chuqur nuqtasi esa 26,8 metrdan iborat. Uning umumiy sigʻimi 90 million kub metr suvni tashkil etadi. Bu yerning huzurbaxsh tabiati, toza va musaffo havosidan toʻyib-toʻyib nafas olasiz. Turkiston togʻ tizmalari bilan oʻralgan ajoyib manzara, quyosh nurida tovlanayotgan tiniq suv qalbga orom bagʻishlaydi. Purviqor togʻlar bir-biriga yelka tutayotgandek, qizlarning kipriklaridek uzun-uzun suv oʻtlari mayin shabadada tebranib, zilol suv zarif qoʻshiqlar xirgoyi qilayotgandek tuyuladi.
— Oʻriklar vodiysi hisoblanuvchi Batkenning ikkinchi nomi Oʻrikzor, – deydi Qirgʻiz Respublikasi xalq artisti Aliya Jamantayeva. — Xalq ogʻzaki ijodi, oʻlan va laparlarimizda oʻrik bilan bogʻliq ijod namunalari koʻp. “Oʻrikzorga ketaylik...” qoʻshigʻi avloddan-avlodga oʻtib, zavol topmay kelmoqda. Unda ota yurtga sogʻinch, mehr tuygʻulari mujassam. Aliya hofiz qoʻshiqni maromiga yetkazib kuylarkan, koʻz oʻngingizda qardosh elning bepoyon oʻrik bogʻlari namoyon boʻladi. Atrofingizda daryo irmoqlari, soylar, ariqlar suvlarining jildirib oqishi eshitiladi. Bu – suv simfoniyasi, madhiyasi, yoqimli ohangidir...
Battken viloyati markazidan taxminan 50 chaqirim olisda “Madigen” geoparki joylashgan. Togʻlar, qoya-toshlar saltanati boʻlgan bu maskanda tabiat goʻzalligi asrlar davomida asl holicha saqlanib qolgani hayratga sazovordir. YUNESKOning madaniy yodgorliklari roʻyxatiga kiritilgan geopark maydoni 8160 gektardan iborat. Kunning turli vaqtlarida togʻlar manzarasi turfa ranglarda ajib jilva qiladi. Bu yerda tong otishi, kun botishi manzarasini tomosha qilish juda zavqli. Geopark keyingi yillarda AQSH, Germaniya, Xitoy, Rossiya, Oʻzbekiston singari dunyoning oʻnlab mamlakatlari arxeologlari, qadimshunos olimlari tomonidan keng tadqiq etilmoqda.

— Olimlar tomonidan olib borilgan izlanishlar mobaynida topilgan dinozavrlar qoldiqlari, qadimiy baliq turlari, madaniy obidalar bir necha million yillik tarixdan soʻzlaydi, – deydi shu yerlik mehnat faxriysi Nosir Oʻrolov. — Qadim davrlarda bu yerda ulkan dengiz boʻlib, u hatto hozirgi Kavkaz, Vengriya hududlarigacha oqib borgan. Turli millat va elatlarni obi hayot bilan taʼminlagan.
Bugun Batken ahli davr bilan hamnafas boʻlgan yangilanish va oʻzgarishlar jarayonining nafaqat kuzatuvchisi, balki faol ishtirokchisi hamdir. Zamonaviy shaharsozlik meʼmorchiligi anʼanalari boʻyicha bunyod etilishi rejalashtirilayotgan “Yangi Batken” shahri loyihasi koʻlami, miqyosi jihatdan qirgʻiz elining bunyodkorlik salohiyatini koʻrsatadi. Qardosh yurtga sayohat davomida togʻlar, daryolar, xullas, ona tabiat bizga sodiq hamroh boʻldi. Suv yoʻllari boʻylab yurib, yana qadrdon diyor quchogʻiga yetib keldik. Biz bilan yonma-yon yurgan ulkan daryolar esa oʻz yoʻlida tinchgina oqib ketaverdi.
Botir MADIYOROV
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring