Birlashgan Arab Amirliklari chempioni “Nasaf”ga munosib raqibmi?

Bugun, 21 oktabr kuni “Nasaf” klubi OFK Elit chempionlar ligasi musobaqasining 3-turi doirasida Birlashgan Arab Amirliklarining “Shabab Al-Ahli” jamoasi bilan kuch sinashadi. Keling, bugun ushbu jamoa haqida biroz toʻxtalib oʻtamiz:
Tarixi
“Shabab Al-Ahli” jamoasi 8-yillik tarixga ega. Klub 2017-yili Birlashgan Arab Amirliklari futbolidagi eng nomdor klublar — “Al-Shabab” va “Al-Ahli”, shuningdek, “Dubay SK” klublarining birlashtirilishidan tashkil topgan.
Oʻzi klub tarixida bir nechta klublarning birlashtirilishi odat tusiga kirgan holat desak adashmagan boʻlamiz. Sababi ushbu klub dastlab 1970-yil “Al-Vahda” va “Al-Shabab” klublari birlashishidan tashkil topgan. 4-yil oʻtib, yana bir mahalliy jamoa “Al-Najah” ushbu jamoa bilan birlashgan. Soʻnggi birlashuv esa aytganimizdek, 2017-yilda yuz bergan.
Jamoaning “oltin davri” sifatida 1973–1980-yillar taʼkidlanadi. Ushbu yillar mobaynida “Al-Ahli” klubi 3 karra BAA chempionligi va yana shuncha Prezident kubogi musobaqasida gʻolib boʻladi.
Klub 2009-yili Birlashgan Arab Amirliklari mezbonligi ostida oʻtgan Klublar oʻrtasidagi Jahon chempionati musobaqasida ishtirok etdi va birinchi oʻyinning oʻzidayoq Yangi Zelandiyaning “Oklend Siti” klubiga magʻlub boʻlib, turnirni tark etdi.
Ayni vaqtda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishlayotgan Fabio Kannavaroning ham ushbu klubga aloqador tomoni bor. Italyan sobiq futbolchisi 2010–2011-yillarda mazkur klubda toʻp surgan.
Ushbu klubda toʻp surgan eronlik futbolchi Ali Karimi 2004-yil Osiyoning eng yaxshi futbolchisi nomiga sazovor boʻlgan. Xuddi shu tarzda 2015-yil BAA terma jamoasi yetakchisi Ahmad Halil ham Osiyoda yil futbolchisi deb topilgan. Sababi, oʻsha yili Ahmad terma jamoasi bilan Osiyo chempionatida uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan. “Al-Ahli” bilan esa Osiyo chempionlar ligasi finalida oʻynagan.
Klubning identiteti
Jamoaga muxlislar tomonidan “The Red Knights” (qizil ritsarlar) degan nom berilgan.
“Shabab Al-Ahli” oʻz uy uchrashuvlarini Dubay shahridagi “Rashid” stadionida oʻtkazadi. Ushbu maydon oʻz bagʻriga 8 mingdan ziyod muxlisni sigʻdira oladi.
Jamoa Birlashgan Arab Amirliklari chempionatining 2 karra gʻolibi, 3 karra Prezident kubogi sohibi va yana 3 karra mamlakat Superkubogi egasi hisoblanadi. Bu, albatta, 2017-yildan keyin qoʻlga kiritilgan sovrinlardir.
Xalqaro maydonda
“Shabab Al-Ahli” shu vaqtga qadar Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan oʻtkaziladigan rasmiy musobaqalarda 35 ta oʻyin oʻtkazgan. 13 ta oʻyinda gʻalaba qozongan, 7 ta oʻyin dubayliklarning magʻlubiyati bilan yakunlangan. 11 ta bahsda esa durang natija qayd etilgan.
Jamoa Oʻzbekiston klublari bilan shu vaqtgacha 6-marta oʻzaro kuch sinashgan. Ushbu oʻyinlarda quyidagi natijalar qayd etilgan:
“Paxtakor” 2:1 “Shabab Al-Ahli” (2020)
“Shabab Al-Ahli” 0:0 “Paxtakor” (2020)
“OKMK” 2:1 “Shabab Al-Ahli” (2021)
“Shabab Al-Ahli” 3:1 “OKMK” (2021)
“Nasaf” 2:1 “Shabab Al-Ahli” (2024)
“Shabab Al-Ahli” 3:2 “Nasaf” (2024)
Bosh murabbiyi
Jamoani ayni paytda 55 yoshli portugaliyalik mutaxassis Paulu Souza boshqarmoqda. Ushbu mutaxassis oʻz vaqtlarida “KPR”, “Suonsi Siti”, “Lester Siti” kabi APL klublarida, shuningdek, “Salernitana” va “Fiorentina” kabi A Seriya klublarida faoliyat olib borgan.
Uning boshqaruvida Isroilning “Makkabi Tel-Aviv” jamoasi va Shveysariyaning “Bazel” klubi oʻz mamlakatlari oliy ligasida chempionlikka erishgan. Birlashgan Arab Amirliklari chempionatida oʻtgan mavsum “Shabab Al-Ahli” klubi aynan Souza qoʻl ostida chempionlikka erishgan.
Futbolchilar
“Shabab Al-Ahli” klubida ayni vaqtda bir qator Yevropa va Osiyo futbolida nom qozongan futbolchilar toʻp surmoqda.
Munas Dabbur — isroillik futbolchi. 1992-yilning 14-may kuni tugʻilgan. Faoliyati davomida “Zalsburg”, “Sevilya”, “Hoffenhaym” kabi jamoalarda toʻp surgan. 2019-yili “Zalsburg” safida Avstriya chempionatining eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. 2019–2020-yilgi mavsumda “Sevilya” klubi bilan Yevropa ligasida chempion boʻlgan.
Sardor Azmun — eronlik futbolchi. 1995-yil 1-yanvar kuni tugʻilgan. Faoliyati davomida Rossiyaning “Rubin”, “Rostov”, “Zenit”; Germaniyaning “Bayer Leverkuzen” va Italiyaning “Roma” kabi jamoalarida toʻp surgan. “Zenit” bilan qatorasiga 4-marta Rossiya chempionligini qoʻlga kiritgan. 2020-yili Rossiya Premyer ligasida, 2024–2025-yilgi mavsumda esa Osiyo chempionlar ligasi 2 turnirida musobaqa toʻpurari boʻlgan.
Said Izzatullohi — eronlik futbolchi. 1996-yilning 1-oktyabr sanacida tugʻilgan. Faoliyati davomida Rossiyaning “Rostov”, “Amkar”, “Anji” klublarida, shuningdek, Belgiya va Daniya chempionatlarida toʻp surgan. 2014-yili bir muddat Ispaniyaning dunyoga mashhur “Atletiko Madrid” jamoasida ham oʻynagan.
Federiko Kartyabiya — 1993-yilning 20-yanvar kuni tugʻilgan. Faoliyati davomida “Kordoba”, “Valensiya”, “Deportivo” kabi jamoalarda toʻp surgan.
Ushbu klub Oʻzbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari uchun ham begona emas. Yaqin yillar mobaynida “Shabab Al-Ahli” safida Odil Hamrobekov, Jaloliddin Masharipov, Aziz Gʻaniyev kabi Oʻzbekiston terma jamoasi futbolchilari faoliyat olib bordilar.
Eslatib oʻtamiz, OFK Elit chempionlar ligasi 3-turidan oʻrin olgan “Shabab Al-Ahli” — “Nasaf” oʻyini 21-oktabr kuni boʻlib oʻtadi. Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan 21:00 da start olishi koʻzda tutilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Kambagʻal oilalar farzandlarining toʻgarak xarajatlarining 80 foizgacha qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring