Bir qadam oldinda yurmasangiz, koʻp narsadan bexabar qolasiz

15:46 09 Sentyabr 2020 Siyosat
1331 0

Davlatimiz rahbari Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali marosimdagi nutqida Xalqimizning ulugʻvor qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish — Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat boʻladi” deya taʼkidladi. Ushbu soʻzlar zamirida ulkan yangilanishlar, katta rejalar hamda ezgu niyatlar mujassam.

Buyuk tariximizga nazar tashlasak, mintaqamizda birinchi Sharq Uygʻonish davri IX-XII asrlarda roʻy bergan. Bu davrda qishloq xoʻjaligi, hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo, yurt obodligi bilan bir qatorda ilm-fan ham yuksak taraqqiy etdi. Markaziy Osiyo mintaqasidan yetishib chiqqan buyuk olimlar — Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, Al-Fargʻoniy, Abu Bakr Roziy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino kabi koʻplab allomalar Sharq va Gʻarbda aniq va tabiiy fanlarning keyingi rivojiga tamal toshini qoʻydilar.

Sohibqiron Amir Temur va temuriylar hukmronlik qilgan XIV-XV asrlarda bu jarayon yana takrorlandi. Bu davrning oʻziga xos xususiyati shundaki, mintaqada ilm-fan rivoji turli sohalarni, masalan, tibbiyot va dorishunoslik, kon ishi va metallurgiyani yangi bosqichga olib chiqdi. Bunga Ibn Sinoning “Tib qonunlari” va Beruniyning «Saydana» va “Mineralogiya” asarlari misol boʻla oladi.

Bugun, yaʼni olti asrdan soʻng, XXI asrning yigirmanchi yillarida Oʻzbekiston rivojlanishning mutlaqo yangi bosqichi — Uchinchi Renessans davriga dadil qadam qoʻymoqda. Yurtimizda Uchinchi Renessans uchun siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va tarixiy shart-sharoitning mustahkam poydevori yaratilyapti. Bu jarayonda yuksak maqsadlarni amalga oshirishda yangi Oʻzbekistonning qudrati joʻsh urgan mehnatkash va fidoyi xalqi hamda iqtidorli yoshlari asosiy kuch boʻladi.

Har bir Uygʻonish davri ilm-fandagi yutuqlarning inʼikosidir. Negaki, ilm-fan rivoji jamiyat taraqqiyotiga katta turtki beradi. Buni Yaponiya, Janubiy Koreya, Germaniya kabi eng rivojlangan mamlakatlar misolida koʻrishimiz mumkin. Joriy yilning “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilinishi bilan Oʻzbekiston ilm-fani taraqqiyotida yangi bosqich boshlandi.

Bu hali hammasi emas. Oʻzbekiston zamini oltin, uran, mis, polimetallar, fosforit, kaolin kabi foydali qazilmalarning koʻplab turlari zaxira va resurslariga boy hisoblanadi. Shuningdek, yurtimiz yer osti tabiiy boyliklari orasida gaz, neft, koʻmir kabi yoqilgʻi-energetika resurslari mavjudligi mazkur boyliklar qiymatini yana-da oshiradi.

Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunga qadar togʻ-kon sanoati zaxiralari boʻyicha mamlakatimizning 20 foiz maydoni oʻrganilgan. Albatta, bu kelgusida yangi va yirik konlarni ochish istiqbollari mavjudligini koʻrsatadi. Togʻ-kon sanoatini geologiyasiz rivojlantirib boʻlmaydi. Bugun Oʻzbekistonda yangi geologiya tizimi yaratilmoqda. Uni rivojlantirishdan maqsad — tabiiy resurslarni xalqimiz manfaatiga yoʻnaltirishdir.

Shu maqsadda Yurtboshimiz tashabbusi bilan zamonaviy Geologiya fanlari universiteti tashkil etilib, uning tarkibiga 4 ta ilmiy-tadqiqot instituti birlashtirildi. Kelgusida bu oliy dargohni tugatib chiqqan geologlar yer qaʼridan tabiiy boyliklarni qidirib topishda katta yutuqlarga erishadi, davlatimizning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshadilar. Ishonch bilan aytish mumkinki, yoshlarimiz orasidan geologiya sohasida dunyoga mashhur Habib Abdullayev, Ibrohim Hamroboyevdek zabardast olimlar yetishib chiqadi.

Davr boshqa tarmoqlar qatorida kon-metallurgiya sohasida ham keng tafakkur va chuqur bilimga ega yoshlar safini yana-da kengaytirishni talab etmoqda. Biz bunga erishmoqdamiz.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatida bugungi kunda qobiliyatli yoshlarni tarbiyalash va ularni boshqaruv sohasiga keng jalb etish borasida koʻplab ishlar amalga oshirilayotir. Yoshlarning koʻpchiligi ishlab chiqarish korxonalaridagi zamonaviy texnika va texnologiyalarni puxta oʻzlashtirib, yangi ixtiro va texnik takliflarini berayotgani barchani quvontiradi. Natijada kombinatda ilm-fan yutuqlari, innovatsion gʻoyalar va ishlanmalar ishlab chiqarishga tezkorlik bilan tatbiq etilyapti.

Oddiy aytganda, hozirgi kunda bu sohada bir qadam oldinda yurmasangiz, koʻp narsadan bexabar qolasiz. Yoshlarimiz orasida zamon bilan hamnafas qadam tashlaydigan malakali muhandislarimiz koʻp. Kombinatning bugungi yutuqlarida yoshlarning oʻrni katta. Kombinatni yoshlar korxonasi, deb atasak, mubolagʻa emas. Negaki, jamoaning oʻrtacha yoshi 37 yosh boʻlsa, rahbar va mutaxassislar orasida 30 yoshgacha boʻlganlar ulushi 32 foizni tashkil etadi. Ayni paytda zamonaviy zavod hamda korxonalarni boshqarayotgan yoshlarning shijoat va qatʼiyati, bilim hamda gʻayratini koʻrib havasing keladi.

Renessans davrida olamshumul kashfiyotlar qilingan, yirik bunyodkorlik ishlari va mashhur meʼmoriy obidalar barpo etilgan, asosiysi, ularni roʻyobga chiqaradigan buyuk allomalar yetishib chiqqan. Bu, oʻz navbatida, davlat va jamiyatni yangi bosqichga olib chiqishga asos boʻlgan.

Ishonch bilan aytish mumkinki, Oʻzbekiston yoshlari — Uchinchi Renessans bunyodkorlari shiddatli islohotlardan bahra olib, yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonlarida ulkan ishlarni amalga oshiradi. Ular orasidan Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek kabi dunyoga mashhur allomalar yana yetishib chiqadi.

Quvondiq SANAQULOV,
Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori,

Oliy Majlis Senati aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?