Bir daraxtning ikki yaprogʻi
Qirgʻizistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Duyshonqul Chotonov Fargʻona viloyatiga tashrifi doirasida Oʻzbekiston tumanidagi “Boʻston” va “Yangihayot” mahallasida aholi vakillari bilan samimiy suhbatlashdi.
Yangi avlod taʼlim-tarbiya olayotgan 62-umumtaʼlim maktabida oʻtgan muloqotda tarixiy ildizlar bir, qadriyat va anʼanalari mushtarak oʻzbek va qirgʻiz xalqlarining koʻp asrlik doʻstligi haqida soʻz bordi. Ikki xalq azaldan bir daraxtning ikki yaprogʻi ekanligi taʼkidlandi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz tinchligi, oʻzaro hamkorligi, qardosh xalqlar oʻrtasidagi hurmat va mehr-oqibat, qadrdon doʻstlik abadiy boʻlishi uchun ezgu niyatlar bildirildi. Yigʻilganlar har ikki xalqqa farovonlik, kelajagimiz vorislariga yuksak marralarni zabt etishi uchun omad va zafarlar tiladi.
Elchi Duyshonqul Chotonov tumanda mohir hunarmand sifatida tanilgan Muhabbat Gʻofurova korxonasida boʻldi. Uning rahbarligidagi “Marxamatxon ustoz-shogird” korxonasida tashkil etilgan ishsiz xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitish markazi faoliyatiga yuksak baho berdi.

— Bir necha yildan buyon samarali faoliyat koʻrsatayotgan korxonamizda qoʻy va echki junidan ip yigirish hamda rang berish orqali gilam, sholcha, yotoqxona choyshablari singari oʻnlab turdagi tikuv-toʻquvchilik mahsulotlarini tayyorlaymiz, — deydi M. Gʻofurova. — Ayni paytda korxonada 60 nafardan ziyod xotin-qizlar kasanachilik asosida ishga jalb etilgan.
Yuzma-yuz muloqot chogʻida bir guruh hunarmand qizlar markazni tamomlagani haqidagi sertifikatni elchining qoʻlidan qabul qilib oldi.
Shuningdek, viloyatga tashrifi doirasida Qirgʻizistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Duyshonqul Chotonov Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bilan ham uchrashdi.
Uchrashuvda Fargʻona viloyati hamda Qirgʻiziston oʻrtasida hududlararo investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi hamkorlik aloqalarining bugungi holati hamda yaqin istiqbolga moʻljallangan reja-maqsadlar sarhisob qilindi.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring