“Barselona”dan gʻalaba, Angliya klublari muvaffaqiyatli yurishini davom ettirdi
Kecha, 21-yanvar kuni Yevropa chempionlar ligasi musobaqasining 7-tur oʻyinlari davom ettirdi. Kun doirasidan oʻrin olgan asosiy bahslarga toʻxtalib oʻtamiz.
Kechagi kunni ochib bergan bahsda Ozarbayjon chempioni “Qarabogʻ” jamoasi oʻz maydonida Germaniyaning “Ayntraxt” klubini qabul qildi. Taʼkidlash joizki, Ozarbayjon chempioni ushbu oʻyinga tayyorgarlik doirasida Oʻzbekiston Superligasi gʻolibi Fargʻonaning “Neftchi” klubi bilan oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazgan va 5:0 hisobida gʻalaba qozongan edi.
Bu galgi bahs ham Gurbanov shogirdlarining gʻalabasi bilan yakunlandi. 3:2 hisobida yakunlangan oʻyinda gollarga gʻoliblar safidan Kamilo Duran (2 ta) va Bahlul Mustafazoda mualliflik qildi. Germaniya klubining javob gollari esa Kan Uzun va Faresh Chaibi hisobiga yozildi.
Yana bir qiziqarli oʻyinda Turkiya chempioni “Galatasaroy” klubi oʻz maydonida Ispaniyaning “Atletiko Madrid” jamoasi bilan durang oʻynashga muvaffaq boʻldi.
Oʻyinda hisob 4-daqiqada “matraschilar” aʼzosi Juliano Simeone tomonidan ochildi. 20-daqiqada hisob tenglashdi. “Atletiko” futbolchisi Markos Lyorente oʻz darvozasiga toʻp kiritib qoʻydi. Shu tariqa uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi.
Ispaniyaning yana bir klubi — “Barselona” ushbu tur doirasida Praga shahrida “Slaviya” jamoasi mehmoni boʻldi. Oʻyin Xans Flik jamoasining 4:2 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvda kiritilgan gollarga gʻoliblar safidan Fermin Lopes (2 ta), Dani Olmo va Robert Levandovski mualliflik qildi. “Slaviya Praga”ning javob goliga esa Vasil Kushey mualliflik qildi. Yana bir gol avtogol sifatida Robert Levandovski hisobiga yozildi.
Arne Slot boshchiligidagi “Liverpul” klubi tur doirasida Fransiyada “Marsel” jamoasi mehmoni boʻldi. Oʻyin “mersisaydliklar”ning yirik 3:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvda kiritilgan gollarga Kodi Gakpo va Dominik Soboslai mualliflik qildi. Yana bir gol avtogol sifatida “Marsel” darvozaboni Jeronimo Rulli hisobiga yozildi.
Bu tur tom maʼnoda APL jamoalari uchun atalgan deyish mumkin. Bir kun oldin “Arsenal” va “Tottenhem” ishonchli gʻalabaga erishgan boʻlsa, 21-yanvar kuni “Liverpul” yirik gʻalaba qayd etdi. Angliyaning yana bir klubi — “Chelsi” ham bu turda gʻalaba qozondi, ammo ancha qiyinchilik bilan.
“Aristokratlar” bu tur doirasida musobaqaning yaqqol autsayderlaridan biri boʻlgan Kiprning “Pafos” klubini qabul qildi. Uchrashuv 1:0 hisobida yakunlandi. Oʻyinda kiritilgan yagona golni muxlislar 79 daqiqa kutdi. Aynan shu daqiqada Moises Kaysedo “Chelsi”ga gʻalaba keltirgan golni kiritdi.
Kun doirasida boʻlib oʻtgan boshqa oʻyinlarda quyidagi natijalar qayd etildi:
“Atlanta” (Italiya) — 2:3 “Atletik Bilbao” (Ispaniya);
“Nyukasl” (Angliya) — 3:0 PSV (Niderlandiya);
“Yuventus” (Italiya) — 2:0 “Benfika” (Portugaliya);
“Bavariya” (Germaniya) — 2:0 USG (Belgiya).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring