“Barselona” raqibini tor-mor etdi, “markaziy oʻyin”da esa “Arsenal” zafar quchdi

10:12 22 Oktyabr 2025 Sport
125 0

Kecha, 21-oktyabr kuni UEFA Chempionlar Ligasi musobaqasining 3-tur oʻyinlari start oldi. Kun doirasida bir qator qiziqarli uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Ushbu bahslarga toʻxtalib oʻtamiz.

“Barselona” raqibini tor-mor keltirdi

Hans Flik boshchiligidagi “Barselona” mavsumni aʼlo darajada oʻtkazmoqda. Jamoa ayni vaqtda Ispaniya La Ligasida 9 ta oʻyin oʻtkazdi. Ushbu oʻyinlarda jamoa “Malyorka”, “Levante”, “Jirona”, “Valensiya”, “Xetafe”, “Real Sosyedad”, “Real Ovyedo” kabi jamoalarni magʻlub etdi. “Rayo Vallekano” bilan durang oʻynadi va “Sevilya”ga magʻlub boʻldi. Ayni vaqtda jamoa Ispaniya chempionatida 24 ta gol urgan holda musobaqada eng koʻp gol kiritgan jamoa boʻlib turibdi.

“Koʻk-anorranglilar”ning xalqaro maydondagi natijalari ham chaqqon. Jamoa dastlabki turda amaldagi chempion PSJga magʻlub boʻlgan boʻlsa-da, keyingi oʻyinda “Nyukasl”ni magʻlub etish orqali oʻz holatini ancha yaxshilab oldi.

Uchinchi turda esa Kataloniya klubi “Olimpiakos” jamoasi ustidan gʻalaba qozonish bilan bir vaqtda raqibi darvozasiga 6 ta toʻp kiritishni ham uddaladi. Taʼkidlash kerakki, “Barselona” Chempionlar ligasida soʻnggi bor 2016-yil, oʻsha mashhur oʻyinda PSJ darvozasiga 6 ta toʻp kirita olgandi.

Ayni vaqtda “Barselona” tarkibida jiddiy muammolar bor. Dani Olmo, Joan Garsiya, Pablo Gavi, Ter Shtegen, Robert Levandovski, Andreas Kristensen, Rafinya kabi jamoaning yetakchi futbolchilari jarohati tufayli maydonga tusha olishmayapti.

Shu sababdan Flik har doim boʻlgani kabi bu gal ham asosiy tarkibda qator oʻzgarishlarni amalga oshirdi. Kunde va Balde qanotlarga javob berdi. Markaz Kubarsi va Erik Garsiyaga ishonildi. Tayanch yarim himoyadan Pedri va Kasado joy oldi. 17 yoshli Dro Fernandes chap tomonga joylashtirilgan boʻlsa, jarohatidan endi forigʻ boʻlayotgan Lamin Yamal oʻng tomonda oʻynadi. Hujum ostida Fermin Lopes, markaziy hujumda Markus Reshford harakat qildi.

Uchrashuvda hisob 7-daqiqadayoq ochildi. Lamin Yamalning uzatmasidan soʻng, Lopes oʻyindagi dastlabki golini kiritdi. 38-daqiqada Fermin dublga erishdi. Bu gal u Dro Fernandes bergan uzatmani koʻkka sovurmadi. Birinchi boʻlim 2:0 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning 53-daqiqasida “Barselona” darvozasi tomon penalti belgilandi. 11 metrlik nuqtadan Ayyub Al-Kaabi aniq foydalanib hisobni qisqartirdi.

68-daqiqada endi Gretsiya klubi darvozasi tomon penalti belgilandi. 11 metrlik nuqtadan “Barselona” yulduzi Lamin Yamal aniq foydalanib, hisobni 3:1 koʻrinishiga olib keldi. 74 va 79-daqiqalarda “kataloniyaliklar”ning angliyalik futbolchisi Markus Reshford 2 ta gol kiritib, hisobni yiriklashtirdi. 76-daqiqada esa Fermin Lopes xet-trikka erishishga ham ulgurdi.

Shu tariqa oʻyin 6:1 hisobida yakunlandi. Oʻyindan soʻng “Sofascore” portali “Barselona” futbolchisi Fermin Lopesni oʻyin qahramoni deb topdi. Futbolchining harakatlari portal tomonidan 10 ballga baholandi.

Barselona – Olimpiakos 6:1

Gollar: Lopes 7, 39, 76, Yamal 68 (pen), Reshford 74, 79 – Al-Kabi 54 (pen)

“Barselona”: Shesni, Kunde (Arauxo, 75), Erik Garsiya, Pau Kubarsi, Balde (Martin, 75), Kasado, Pedro Fernandes (De Yong, 59), Pedri (Bernal, 81), Yamal, Fermin, Reshford.

“Olimpiakos”: Tzolakis, Koshtinya, Retsos, Pirola, Ortega, Martins, Dani Garsiya, Podense, Shikinyu (Nasimento, 31), Al-Kabi (Torimiy, 77).

Chetlatish: Hezze, 57 (ikkinchi sariq kartochka)

Markaziy oʻyin

Turning markaziy oʻyini London shahrida boʻlib oʻtib, unda “Arsenal” klubi oʻz maydonida Ispaniyaning “Atletiko Madrid” klubini qabul qildi. Bu oʻyinning oʻzi bir voqea boʻlgan boʻlsa, oʻyindan oldingi jarayonlar alohida voqea boʻldi.

Uchrashuvdan bir kun oldin “matraschilar” rahbariyati “Arsenal” ustidan UEFAga arz qilishdi. Ularning maʼlum qilishlaricha, “Atletiko”ning oʻyindan bir kun oldingi rasmiy mashgʻulotlaridan soʻng, mezbon klub stadion dushlarini atayin oʻchirib qoʻyishgan. Bu gaplar qanchalik asosli — busi bizga qorongʻi, lekin “londonliklar” bu gaplar uchun munosib javobni oʻyinda bera oldilar.

“Ushbu oʻyin”da mezbonlar tarkibida jamoa yetakchilari Martin Edegor, Noni Madueke, Gabriel Jezus va Kay Havers jarohati tufayli maydonga tusha olishmadi. Shu sabab Mikel Arteta asosiy tarkibda bir nechta oʻzgarishlarni amalga oshirdi.

Uchrashuvning birinchi boʻlimida hisob ochilmadi. “Atletiko Madrid”ning metin himoyasi yana bir bor oʻzini yaxshi tomondan koʻrsata oldi.

Ammo ikkinchi boʻlimda hammasi buzilib ketdi. 57-daqiqada Gabriel Magalyaes gol kiritib, jamoasini oldinga olib chiqqan boʻlsa, 64-daqiqada Gabriel Martinelli hisobni 2:0 koʻrinishiga olib keldi. 67 va 70-daqiqalarda Viktor Gyokeresh 2 ta gol urib, hisobni 4:0 koʻrinishiga yetkazdi. Yakunda ham tabloda 4:0 hisobi porladi va “Arsenal” UEFA Chempionlar ligasidagi uchinchi oʻyinida uchinchi gʻalabasini qoʻlga kiritdi.

“Arsenal” — “Atletiko” 4:0

Gollar: Gabriel 57, Martinelli 64, Gyokeresh 67, 70

“Arsenal”: Rayya, Timber (Uayt, 83), Saliba, Gabriel (Moskera, 72), Levis-Skelli, Eze (Nvaneri, 72), Rays, Subimendi, Saka, Gyokeresh (Merino, 83), Martinelli.

“Atletiko”: Oblak, Lyorente, Le Normann, Ximenes (Baena, 63), Hansko, Simeone (Grizmann, 72), Barrios, Koke (Gallaher, 63), Baena, Syorlot (Almada, 72), Alvares.

9 ta gol urilgan bahs

Turning eng gollarga boy oʻtgan oʻyini Germaniyaning Leverkuzen shahrida boʻlib oʻtdi. Unda musobaqaning amaldagi chempioni PSJ jamoasi zafarda “Bayer” bilan kuch sinashdi.

Uchrashuvda “parijliklar” 7:2 hisobi bilan gʻalaba qozondilar. Gollarga Luis Enrike boshchiligidagi jamoadan Dezire Due (2 ta), Villian Pacho, Xvicha Kvarasxeliya, Nuno Mendesh, Usmon Dembele va Vitinya mualliflik qildi. Mezbonlarning javob gollari esa Aleks Garsiya hisobiga yozildi.

“Bayer” — PSJ 2:7

Gollar: Garsiya 38 (pen), 54 – Pacho 7, Due 41, 45+3, Xvicha 44, Mendesh 50, Dembele 66, Vitinya 90

“Bayer”: Flekken, Andrix, Bade, Tapsoba, Grimaldo, Garsiya, Fernandes (Mensax, 81), Artur, Poku, Echeverri (Maza, 46), Kofane.

PSJ: Shevale, Zabarniy, Hakimi, Pacho, Mendesh, Vitinya, Due (Ernandes, 46), Zair-Emeri, Xvicha (Dembele, 63), Barkolya, Mayulu (Li Kang In, 63).

Haqiqiy sensatsiya

Ushbu turda qayd etilgan eng kutilmagan natijani taqdim etgan oʻyin Niderlandiyada boʻlib oʻtdi. Unda PSV jamoasi oʻz maydonida “Napoli”ni qabul qildi.

Oʻyin 6:2 hisobi bilan mezbonlarning gʻalabasi bilan yakunlandi. PSV jamoasining gullariga Dennis Man (2 ta), Kuhayb Driuesh, Rikardo Pepi va Ismael Saybari mualliflik qildi. Yana bir gol avtogol sifatida “Napoli” himoyachisi Alessandro Buonjorno hisobiga yozildi. “Italiyaliklar”ning javob gollariga esa Skott MakTominay mualliflik qildi.

PSV — “Napoli” 6:2

Gollar: Buonjorno 35 (avtogol), Saybari 38, Man 54, 80, Pepi 87, Driuesh 89 – Maktominay 31, 86

PSV: Kovarj, Flamingo, Sxauten, Gaserovski (Obispo, 46), Salax-Eddin, Saybari (Vanner, 88), Junior, Verman, Man, Til (Pepi, 85), Perishich (Driuesh, 85).

“Napoli”: Milinkovich-Savich, Di Lorenso, Bekema (Jezus, 58), Buonjorno, Spinassola (Guterres, 58), Gilmor (Lang, 58), Angissa, De Bryuyne (Elmas, 85), Maktominay, Lukka, Politano (Neres, 73).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер