Barhayot satrlar
Yangi yil munojoti
Vaqtning chopqirligiga hayratim tugamasdir,
Yilning oʻtishi goʻyo chaqnagan chaqmoq misol.
Yil nadir, umr oʻzi aslida bir nafasdir,
Eshikdan kirib shu on darchadan chiqmoq misol.
Besh yuz yil yashar emish togʻ ahli bir qabila,
Sabrni maslak bilib, qanoatni toat deb.
Uy tiklamas emishlar birgina sabab ila,
Shu ozgina umrga ranj chekmoq na hojat deb.
Bu-ku bir afsonadir, aslida ahli olam
Odamdek yashash istar shu besh kunlik dunyoda.
Jahondan umid uzmas umri oʻtib borsa ham,
Yoshi ulgʻaygan sari orzulari ziyoda.
Bolam deb nihol ekar, nabiram deb uy solar,
Mendan ham biror yodgor avlodimga qolsin, der.
Dil tubida umrbod yashar oydin xayollar,
Vatanim kamol topsin, millatim yuksalsin, der.
Insondek yashamoqning asli shudir maʼnosi,
Yurt sevgisi bizlarga yurakdagi qondandir,
Bu muqaddas tuygʻuda ajdodlarning nidosi,
Hadis soʻzi — Vatanga muhabbat imondandir.
Imonimni butun qil, yurtimni nurafshon qil,
Pok, halol yoʻllaringga bizni yoʻlla, Ilohim.
Vatanim kemasini dolgʻalardan omon qil,
Bu poyonsiz ummonda Oʻzing qoʻlla, Ilohim.
Yuraklarga mehr sol, adovatdan qil yiroq,
Bu kungi zahmatlarning oqibati qut boʻlsin.
Erkka tashna elimning baxti boʻlsin yarqiroq,
Osmoni yorugʻ boʻlsin, nasibasi but boʻlsin!..
GOʻZALLIK
Mulki borliq ichra bir mahal
Koʻrksizgina olam yaralgan.
Bermoq uchun dunyoga sayqal
Olam aro odam yaralgan.
Shundan beri inson tinmayin
Shu yer uzra ter toʻkar hamon.
Yerni goʻzal qilgani sayin
Goʻzal boʻlur oʻzi ham inson.
Erkin VOHIDOV,
Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring