Badiiyat olami

18:50 29 Noyabr 2023 Madaniyat
286 0

Gʻafur GʻULOM

VAQT

Gʻuncha ochilguncha oʻtgan fursatni

Kapalak umriga qiyos etgulik,

Baʼzida bir nafas olgulik muddat –

Ming yulduz soʻnishi uchun yetgulik.

Yashash soatining oltin kapgiri

Har borib kelishi bir olam zamon.

Koinot shu damda oʻz kurrasidan

Yasab chiqa olur yangidan jahon.

Yarim soat ichida tugʻilib, oʻsib,

Yashab, umr koʻrib oʻtguvchilar bor;

Koʻz ochib yumguncha oʻtgan dam – qimmat,

Bir lahza mazmuni bir butun bahor.

Bir onning bahosin oʻlchamoq uchun

Oltindan tarozu, olmosdan tosh oz.

Nurlar qadami-la chopgan sekundning

Barini tutolmas ayuhannos ovoz.

Yigit termiladi qizning koʻziga,

Kiprik suzilishi, mayin tabassum…

Qoʻsha qarimoqqa muhr boʻladi

Hayotda ikki lab qovushgan bir zum.

Yashash darbozasi ostonasidan

Zarhal kitob kabi ochilur olam,

Tiriklik koʻrkidir mehnat, muhabbat,

Fursatdir qilguvchi aziz, mukarram.

Bebaho damlarning tirik joni biz,

Har oni oʻtmishning yuz yiliga teng.

Oʻzbekning barhayot avlodlarimiz,

Har nafas mazmuni fazolardan keng.

Qatrada osmon aks etganidek

Jahonday maʼnodor qorachigʻimiz.

Gʻolib asrimizga kuyoshdan mashʼal,

Zamon koʻrasining soʻnmas choʻgʻimiz.

Zamona soati zang urar mudom,

Minglab hodisalar minutlarga qayd,

Qahramon tugʻildi, shahar olindi,

Bir gigant qurildi sharafli bu payt.

Reyxstag ustiga gʻalaba tugʻin

Qadashda otilgan adolat oʻqi –

Yalt etgan umri-la barqaror qildi

Basharning muqaddas, oliy huquqin.

Gʻalaba amri-la, magʻlub nemisning

Generali qoʻl qoʻydi. Uch sekund faqat…

Shu malʼun imzoda odamlar oʻqir

Million yil fashistning umriga lanʼat.

Aziz asrimizning aziz onlari

Aziz odamlardan soʻraydi qadrin.

Fursat gʻanimatdir, shoh satrlar-la

Bezamoq chogʻidir umr daftarin.

Shuhrat qoldirmoqqa Gerostratdek

Diana maʼbadin yoqmoq shart emas.

Koʻplarning baxtiga oʻzlikni jamlab,

Shu ulugʻ binoga bir gʻisht qoʻysak bas.

Har lahza zamonlar umridek uzun,

Asrlar taqdiri lahzalarda hal,

Umrdan oʻtajak har lahza uchun

Qudratli qoʻl bilan qoʻyaylik haykal.

Hayot sharobidan bir qultum yutay,

Damlar gʻanimatdir, umrzoq soqiy.

Quyosh-ku falakda kezib yuribdi,

Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy.

CHIN ARAFA

Saharda charaqlaydi osmon toʻla yulduzlar…

Tolei tong otarday, kelajagi koʻkday keng,

Ey, mening farzandlarim, qunduz qosh, qora koʻzlar,

Dasturxon atrofiga yulduz kabi toʻplaning,

Bugun chin arafadir.

Bugun chin arafadir, gʻoliblar oʻlkasida.

Koʻzgudek jilolansin murgʻak koʻngillaringiz,

Baxtingiz qolmasin deb zulmat koʻlankasida,

Daryo-daryo qon toʻkib, bu kunni keltirganmiz,

Bugun chin arafadir.

Malʼunlardan yashirgan tilsim sandugʻingni och,

Himmating qanchalar bor, oltin yuzli oftob?

Bolalarning boshidan ayamay zaringni soch,

Endi kulish — argʻanun, qahqahalardir rubob,

Bugun chin arafadir.

Shodlik qoʻshini bosdi saodat koʻchasini,

Goʻdaklar jaranglatar hayitlik tangasini,

Qelinchaklar axtarar pardoz qutichasini,

Qirq kokil boʻlsin deydi, qistaydi yangasini,

Bugun chin arafadir.

Boʻlgan edik intizor koʻz koʻzga tushmak uchun,

Gʻoliblar qaytgan kun, yor orzusi qongan kun

Sheʼriy oʻxshatish bilan qalbimizdir lolagun,

Ayriliq unut boʻlib, bir-birni quchmoq uchun,

Bugun chin arafadnr.

Yuzimizni yoritdi kechagi toʻkilgan yosh,

Bugun bayram keltirdi kechagi hajru firoq.

Bugun boʻston kezadi, kecha qon kechgan quyosh,

Har kunning fayzi boshqa, erta yana yaxshiroq,

Bugun chin arafadir.

Yigitga ot kelishar, bayroq — gʻolib qoʻliga,

Qadri baland insonga shon kerak, sharaf kerak,

Yuz ming koʻklam poyandoz arslon erlar yoʻliga,

Mening yenggan elimga bayram kuni muborak,

Bugun chin arafadir.

Ertaga tong otardan nogʻorada zilu bam,

Chaling, Ahmadjon ota, navoni savti bilan,

Sen ham shoh sheʼringni yoz bayramga, Gʻafur Gʻulom,

Foilotan faalan, foilotan faalan,

Bugun chin arafadir.

* * *

Muncha ham sogʻintirding, aziz Vatanim,

Bodomday ming koʻz bilan intizor tanim,

Qanot qoqqan joʻjaday titrab badanim,

Ishtiyoq hijronida qoldim, sevganim,

Chamanlar, gulbogʻlar yodimga tushdi.

Loladan poyandoz har bir qadamda,

Uzluksiz kulkuga doimo banda,

Oltin tuprogʻingni oʻpganim damda

Nafasing sezilar edi badanda,

Haroratli quchoqlar yodimga tushdi.

Issiq quyosh boshimdan silab oʻstirgan,

Oyogʻimga ustinida kirmagan tikan,

Kiprigimga qoʻngan zarrinkor changdan,

Alqissa, shabboda chopgan ohangdan

Musiqaviy jumboqlar yodimga tushdi.

Baland-baland togʻlaring ming pillapoya,

Archalar yonbagʻriga tashlaydir soya,

Men oshiq shabbodaya, kuyosha, oya,

Sheʼr oʻqib, sheʼr oʻqib bilonihoya,

Chuldiroq irmoqlar yodimga tushdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?