“Atalanta”dan “kambek”, “Real Madrid”dan navbatdagi gʻalaba
Kecha, 25-fevral kuni Yevropa Chempionlar ligasi musobaqasining pley-off oʻyinlari davom ettirildi. Kun doirasidan oʻrin olgan dastlabki bahsda “Atalanta” jamoasi Bergamoda Germaniyaning “Borussiya Dortmund” jamoasini qabul qildi. Taʼkidlash joizki, ushbu jamoalar oʻrtasidagi dastlabki oʻyin “nemislar”ning 2:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlangan edi.
Ushbu bahsda esa Raffaele Palladino shogirdlari “kambek” qilishni uddalashdi. Uchrashuvda hisob 5-daqiqada Janluiji Skamakka tomonidan ochildi. 45-daqiqada Davide Dzappakosta “Atalanta”ning ikkinchi golini kiritdi. Birinchi boʻlim 2:0 hisobida yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimning 58-daqiqasida Kristian Pulishich hisobni 3:0 koʻrinishiga keltirdi. 75-daqiqada Karim Adeyemi mehmonlarning yagona javob goliga mualliflik qildi. Oʻyinga hakam tomonidan qoʻshib berilgan oltinchi daqiqada “Borussiya Dortmund” darvozasi tomon penalti belgilandi. 11 metrlik jarima toʻpini amalga oshirgan Lazar Samardjich jamoasiga gʻalaba keltirgan golga mualliflik qildi. Shu tariqa ikki oʻyin natijasiga koʻra, 4:3 hisobida gʻalaba qozongan “Atalanta” klubi musobaqaning nimchorak final bosqichiga yoʻl oldi.
Ushbu bosqichdagi yana bir qiziqarli oʻyin ham Italiyada boʻlib oʻtdi. Dastlabki oʻyinda “Galatasaroy”dan 5:2 hisobida magʻlub boʻlgan “Yuventus” klubini bu safar 3 ta toʻp farqidagi gʻalabagina qutqara olardi. Amalda ham shunday boʻldi.
“Keksa sinyora” oʻyinning asosiy vaqtida Manuel Lokatelli, Veston Makkenni va Federiko Gatti tomonidan kiritilgan gollar evaziga gʻalaba qozondi. Shundan soʻng jamoalar ekstra taymlarda nimchorak final ishtirokchisi kim boʻlishiga oydinlik kiritishdi.
Qoʻshimcha daqiqalarda esa Viktor Osimxen va Alper Yildiz tomonidan kiritilgan gollar evaziga “Galatasaroy” keyingi bosqich chiptasini ilib ketdi.
Lissabon shahridan 1:0 hisobidagi gʻalaba bilan qaytgan “Real Madrid” ikkinchi bahsda ham “Benfika”dan ustun keldi. Uchrashuvda hisob 14-daqiqada Rafa Silva tomonidan ochildi. Ammo oradan 2 daqiqa vaqt oʻtib, “qirollik klubi” hisobni tenglashtirdi. Golga Orelyen Chuameni mualliflik qildi. Birinchi boʻlim 1:1 hisobida yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimning 80-daqiqasida birinchi oʻyinning mutlaq qahramoni Vinisius Junior jamoasining oʻyindagi ikkinchi golini kiritdi. Shu tariqa bahs 2:1 hisobida Madrid klubining gʻalabasi bilan yakunlandi.
Musobaqaning amaldagi chempioni PSJ jamoasi ham nimchorak final masalasini aynan shu bosqich orqali hal qildi. Jamoa birinchi bahsda “Monako”ni 3:2 hisobida magʻlub etgan edi. Shu sababdan bu gal keyingi bosqichga chiqish uchun durang natija ham yetarli boʻldi.
Oʻyinda hisob 45-daqiqada Magnes Akliush tomonidan ochildi. 60-daqiqada Markinyos hisobni tenglashtirdi. 65-daqiqada esa Xvicha Kvarasxeliya jamoasining ikkinchi golini kiritdi. 90+1-daqiqada Jordan Teze jamoasiga durang taqdim etgan golni kiritdi. Shu tariqa bahs 2:2 hisobida yakunlandi. Umumiy hisobda 5:4 natijasi bilan ustun kelgan PSJ jamoasi musobaqaning keyingi bosqichiga yoʻl oldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
- Bir asrlik tarixga guvoh bino taqdiri
- Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi
- Toshkentda Butunjahon isteʼmolchilar huquqlari kuni munosabati bilan matbuot anjumani oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring