Asalarichilar koronavirusga chalinishmaydi(mi?)

11:43 25 Avgust 2020 Jamiyat
1403 0

Yuz quti asalari oilasini parvarish qilgan oʻttiz kishilik xonadonning roʻzgʻori but, dasti ham uzun boʻladi. Shofirkon tumani Guliston mahallasida yashovchi Bahodir Nazarovning bunga ishonchi komil.

— Bizni asalarichilar sulolasi deb aytish mumkin, — deydi u. — Otam Xalloq bobo 1965-yildan boshlab shu ish bilan shugʻullanishga kirishganlar. U kishidan biz, aka – ukalar asalarichilikni oʻrganib aslo kam boʻlganimiz yoʻq. Bugungi kunga kelib asalari oilalari sonini 100 qutiga yetkazdik. Xonadonimizda jami oʻttiz nafar jon bor. Shukr, barcha orzu-havaslarimizga shu asalarichilik ortidan yetyapmiz.

Mahalladagilarning aytishlaricha, Nazarovlar xonadoni aʼzolarini qachon kuzatmang xuddi chumolidek, aniqrogʻi, asalaridek tinim bilmay mehnat qilishayotganini koʻrasiz. Toʻgʻrida, huzur-xalovatning oʻzi kelmaydi. Aytmoqchi, aka-ukalar asalari boqish uchun zarur barcha jihozlarni ham oʻz qoʻllari bilan tayyorlashadi.

— Yaqinda Samarqandning Nurobodida boʻlib qaytdik, — davom etadi Bahodir.— Asalarilarimiz u yerdagi oqburan, jinjak degan dorivor giyohlar gulidan shira yigʻdi. Sizga aytar boʻlsam, hozir asalning bozori chaqqon.Biz sotayotganda asalga insof bilan narx qoʻyamiz.Hozir undan hamma bahramand boʻlsin, deymiz.Chunki asal kishi immunitetini mustahkamlaydi. Koronavirus deganlari immuniteti baquvvat kishiga yaqin yoʻlamaydi.

Asalarining chaqishi ham inson organizmi uchun foydali ekanligi fanda allaqachon oʻz isbotini topgan. Qizigʻi, dunyo olimlari qator kasb egalari hayoti, turmush tarzini kuzatib,yana bir holatni alohida eʼtirof etishmoqda. Asalarichilar koronavirusga deyarli chalinishmas ekan. Buning tahlilini mutaxassislar hukmiga havola etaylik-da asal, shuningdek, asal mumi, ona asalari suti, propolisidan isteʼmol qilib turaylik.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер