AQSH va Xitoy “savdo urushida” tanaffus oldi

16:59 12 May 2025 Dunyo
170 0

Arxiv foto

Dushanba kuni Amerika Qoʻshma Shtatlari va Xitoy qoʻshma bayonot chiqarib, oʻzaro tariflarni 90 kunga pasaytirish toʻgʻrisidagi kelishuvni eʼlon qildi. Bayonotda ikkala tomon ham barqaror, uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli iqtisodiy va savdo munosabatlarining muhimligini tan olgani keltirilgan.

AQSH va Xitoy rasmiylari ushbu hafta oxirida Shveysariyaning Jeneva shahrida kengroq potensial savdo kelishuvi boʻyicha muzokaralarga asos yaratish uchun muhokamalar oʻtkazdi.

Prezident Donald Trampning aprel oyida eʼlon qilingan tarif choralari ikki iqtisodiy gigant oʻrtasida tobora kuchayib borayotgan savdo urushini, bozorlarni izdan chiqarish va AQSHning tanazzulga uchrashi qoʻrquvini kuchaytirdi.

“Biz 90 kunlik tanaffus va tarif stavkalarini sezilarli darajada pasaytirish boʻyicha kelishuvga erishdik. Ikkala tomon, oʻzaro tariflarini 115 foizga pasaytiradi”, — deydi AQSH moliya vaziri Skott Bessent.

AQSH Savdo vakili Jeymison Grirning qoʻshimcha qilishicha, tomonlar kelishuv boʻyicha 10 foizlik oʻzaro tariflarni saqlab qoladi.

“Ushbu kelishuv bilan biz oʻzaro tarif stavkamiz AQSH tomonida 10 foizgacha tushirishga kelishib oldik. Xitoy ham, oʻz navbatida, stavkani 115 foizdan 10 foizgacha pasaytirmoqda va oʻzlari qabul qilgan qarshi choralarni bekor qilmoqda”, — dedi Grir.

“Oʻzgarishlar chorshanba kunidan kuchga kiradi”, deyiladi AQSH va Xitoyning qoʻshma bayonotida.

Xitoyning rasmiy davlat axborot agentligi “Sinxua” tomonidan eʼlon qilingan xabarda Pekin dushanba kungi kelishuvda belgilangan chora-tadbirlar amalga oshirilganidan soʻng tomonlar iqtisodiy va savdo aloqalari boʻyicha munozaralarni davom ettirish mexanizmini yaratishi aytiladi.

“Ushbu muhokamalar navbatma-navbat Xitoy va AQSHda yoki tomonlarning kelishuviga binoan uchinchi davlatda oʻtkazilishi mumkin”, — deyiladi xabarda. Qayd etilishicha, tomonlar zaruratga qarab, tegishli iqtisodiy va savdo masalalari boʻyicha ishchi darajadagi maslahatlashuvlar oʻtkazishi mumkin.

Oʻz navbatida, Xitoy Bosh vaziri oʻrinbosari Xe Lifen AQSH bilan savdo muzokaralarida katta istiqbol va muhim konsensusga erishilganini aytdi.

Oq uy esa hech qanday tafsilotlarni keltirmasdan, kelishuvga erishilganini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?