Anqarada Turk dunyosi notariuslar uyushmasi tuzildi

18:32 06 Oktyabr 2023 Jamiyat
1899 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A. Toshqulov, Oʻzbekiston Notarial palatasi raisi D. Ashurov va Andijon shahrida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius K. Jaloliddinovlar boʻlgan Oʻzbekiston delegatsiyasi Turkiya Adliya vazirligiga tashrif buyurdi. 

Mamlakatimiz delegatsiyasini Turkiya adliya vaziri Yilmaz Tunch bilan qabul qildi. Muloqot davomida ikki davlat vazirliklari oʻrtasida fuqarolarga huquqiy yordam koʻrsatish, norma ijodkorligi sohasida mutaxassislarni tayyorlash va oʻqitish, shuningdek, notariat sohasida hamkorlik qilish, istiqboldagi reja va takliflar haqida soʻz bordi.

Tashrif doirasida mehmonlar Anitqabirga tashrif buyurib, Mustafo Kamol Otaturk yodgorligi poyiga gulchambar qoʻydilar.

Shundan soʻng turkiy davlatlar uchun muhim tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan uchrashuvning asosiy qismi boshlandi. Tadbir davomida barcha mehmon davlatlar Notarial palatalari rahbarlari, jumladan, Oʻzbekiston Notarial palatasi raisi D. Ashurov maʼruza qildi. Mehmon davlatlar adliya vazirlari ham soʻzga chiqib, oʻz fikr va mulohazalarini bildirdilar.

Ushbu muloqot doirasida tarixiy voqea yuz berdi. Yaʼni Turk dunyosi Notariuslar uyushmasi (birligi) tuzilishi haqidagi Anglashuv memorandumi imzolandi.

Endilikda kelishuvga aʼzo boʻlgan davlatlar oʻrtasida qator yengilliklar yaratiladi. Yaʼni kelgusida Turkiyada yoki Bokuda tasdiqlangan ishonchnoma bilan Toshkentda notarial harakatni amalga oshirish uchun ishonchnomaning asl nusxasi kerak boʻlmaydi. Uyushmaga aʼzo davlatlar notarial tizimlari integratsiya qilinadi va ushbu davlatlar notariuslari uchun hujjatga apostil qoʻyish, hujjatni tekshirish uchun hujjatdagi notariuslarni internet orqali qidirib topib, murojaat qilish va vaqt yoʻqotish kabi muammolar boʻlmaydi.

— Biz notariuslarni ushbu yangilik juda ham sevintirdi, — deydi anjuman ishtirokchisi, notarius K. Jaloliddinov. — Chunki bu endilikda notarial harakat bajarayotganimizda nafaqat soha mutaxassislari uchun, balki fuqarolarga ham qator yengilliklar yaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?