Andijon viloyatida turizm yo‘nalishi yanada rivojlanadi

Foto: Xalq so'zi
Turizm, nafaqat, sayr-u sayohat, balki, mamlakat iqtisodiyotining asosiy bo‘g‘imlaridan biridir. Garchi, mamlakatimiz bu borada katta imkoniyatlarga ega bo‘lsada, afsuski, bundan unumli foydalanilmayotir. Xo‘sh, bu boradagi muammolarning ijobiy yechimini ta’minlash, sayyohlik salohiyatini oshirish uchun nimalar qilish kerak? Xonobod shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi tadbirda Andijon viloyati misolidagi loyihalar ko‘rib chiqildi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh. Abdurahmonov bu borada amalga oshirilishi muhim bo‘lgan vazifalar xususida fikr yuritish bilan bir qatorda istiqbolli loyihalar bilan ham tanishdi.
-Bir necha yillardan buyon Xonobod shahridagi adirliklarda ilmiy-eskpedisiya ishlarini olib bormoqdamiz,-deydi “Hamkor Stimul Servis” Innovasion loyihalar ilmiy tadqiqot markazi rahbari Shoxidaxon Sultonova. –Yuzlab tarixiy ashyolar bilan bir qatorda ma’danli suv buloqlarini ham topishga erishdik. Amaliyotda sinovdan o‘tkazilganida u inson salomatligi uchun juda katta foyda ekanligi aniqlandi. Viloyat hokimi bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot davomida izlanishlarimiz manzillarda ekoturizm bilan bir qatorda ziyorat va tibbiyot turizmlarini ham rivojlantirishga sharoit mavjudligi borasidagi o‘z loyihamni taqdim etdim. Nasib bo‘lsa, tez orada uning istiqboli tufayli ichki sayyohlik salohiyatini oshirishga hissa qo‘shamiz.
Andijon viloyatida gastronomik turizmni rivojlantirish uchun ham yetarli asoslar bor. Buning uchun nafaqat, o‘zbek, balki qardosh mamlakatlar taomlarini tayyorlash va taqdim etish uchun yetarli sharoitlar yaratilgan.
-Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida tayyorlanadigan milliy va zamonaviy taomlarni targ‘ib qiluvchi “Zo‘r taom TV” kanalini yuritaman,-deydi bloger Baxtiyorjon Foziljonov. –Hozirda 70 ming nafardan ziyod obunachilarimiz bor. Shveysariya, Isroil, Rossiya kabi davlatlardan ko‘rsatuvimizni ko‘rib, Andijonga tashrif buyurgan sayyohlar bilan suhbatlarda bo‘lganmiz. Bu boradagi kelgusi rejalarimiz bilan viloyat hokimiga yuzlandik. Shu joyning o‘zida amaliy yordam ko‘rsatilib, mutasaddi idoralar bilan birgalikda jahon talablariga mos keladigan ko‘rsatuvlar, rolik va reklamalar tayyorlash uchun imkoniyat yaratildi.
Tadbir davomida Andijon viloyatida haftaning har shanba kuni Turizm kuni, deb e’lon qilindi. Shu kuni sohaga oid muammolar ijobiy yechim topib, bajarilishi lozim bo‘ladigan muhim vazifalar belgilab boriladi. Hozirda viloyatda 422 ta madaniy meros, 70 ta turistik ob’yektlarning mavjudligi hafta kunini belgilashning nechog‘li ahamiyatli ekanligidan dalolatdir. Aytish joiz, ayni paytda hududda sayyohlar uchun 8 ta yo‘nalish ishlab chiqilgan. Tashrif buyuruvchilar uchun qulayliklar yaratish maqsadida 81 ta sanitariya-gigiyena shaxobchalari, 2316 o‘ringa mo‘ljallangan 114 ta joylashtiruv vositalari, 76 ta turistik tashkilotlar mavjud. Bir so‘z bilan aytganda, Andijonda dam olish orqali daromad topish uchun barcha qulayliklar mavjud. Hamma gap undan unumli foydalashda qoldi, xolos.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring