Anʼanaviy “Stixiya” festivali ilk marta Toʻdakoʻl sayyohlik markazida oʻtkaziladi

12:31 14 Avgust 2023 Madaniyat
2459 0

Joriy yil 31-avgust — 2-sentyabr kunlari Buxoro va Navoiy viloyatlarini bogʻlab turuvchi Qiziltepa tumanida joylashgan Toʻdakoʻl turizm markazida “Stixiya” elektron musiqa festivali oʻtkaziladi.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, festivalning asosiy maqsadi jahon jamoatchiligi eʼtiborini ekologiya muammosiga, xususan, Orol dengizining holatiga, shuningdek, mamlakatimizda rivojlanayotgan choʻl turizmi yoʻnalishida sayyohlar oqimini oshirishdan iborat.

Ushbu festival Oʻzbekistonda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish, isteʼdodlarni bir joyda toʻplash, turizmning iqtisodiyotda tutgan oʻrni va ahamiyatini oshirish, shuningdek, viloyat yoshlarining ijodiy kamolotini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Toʻdakoʻl turizm markazida “Stixiya” elektron musiqa festivalini oʻtkazish uchun 15 gektar choʻl tekisligida sahnalar tayyorlanmoqda.

Tashkilotchilarga koʻra, bu yilgi “Stixiya” yorqin va unutilmas tadbir boʻlishni, chet ellik mehmonlar uchun gʻayrioddiy yangi turizm hududini kashf etishi va mamlakatimiz musiqa ixlosmandlariga yangi musiqiy kombinatsiyalar dunyosida zavqlanish imkoniyatini taqdim etadi.

“Joriy yilda Oʻzbekiston turizm sohasidan ikki milliard dollardan ortiq daromad olishi kutilmoqda. Mamlakatga yetti milliondan ortiq xorijiy sayyohlar kelishi kutilmoqda. 2023-yilda 200 ga yaqin yirik tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, ulardan biri “Stixiya” hisoblanadi. Anʼanaviy tarzda har yili oʻtkazib kelinayotgan festival tufayli mamlakatimizning yangi turizm yoʻnalishlarida katta imkoniyatlarga ega ekanligini koʻrsatmoqdamiz” – dedi qoʻmita vakili.

Qayd etish kerakki, “Stixiya” festivali 2017-yildan buyon Moʻynoqdagi “Kemalar qabristoni”da oʻtkazilib kelinardi. Joriy yilda esa ilk bor tadbir oʻtkaziladigan joy oʻzgartirilmoqda. Ushbu yirik sanʼat anjumanida har yili dunyoning turli burchaklaridan didjeylar, rassomlar, olimlar, prodyuserlar shuningdek, oʻzbek musiqachilari ishtirok etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?