Amirning Yaltadagi saroyi
Butun boshli bir avlod ongu shuuriga oʻtmishdagi hukmdorlarning aksariyati nodon va savodsiz, johil boʻlgan, oʻz kayfu safosi bilan yashagan, degan tasavvurlarning singdirilgani bugungi kunda sir emas. Vaholanki, tarixiy manbalar bunday qora boʻyoqdan iborat fikrlarni inkor etadi. Deylik, 1885 – 1910-yillarda hukmronlik qilgan amir Abdulahadxon fiqh, mantiq, falsafadan yaxshigina xabardor boʻlgan, “Ojiz” taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. Sheʼrlaridan namunalar XIX asrda yashagan Hoji Neʼmatulla Muhtaramning “Tazkirat ul – ashʼor” asariga kiritilgan.
Amir Abdulahadxon Makka va Madinada mehmonxona, xonaqoh, rabot, madrasa, masjid, savdo doʻkonlari qurilishiga homiylik qilganini arxiv manbalari orqali bilish mumkin. U shu tariqa haj ziyoratini ado etuvchilarga qulaylik yaratgan. Bilamizki, u boshqarayotgan amirlik hududi oʻshanda yarim mustamlaka edi. Shunga qaramay, Abdulahadxon rus podsholari Aleksandr III va Nikolay II bilan yaqin elchilik va hamkorlik aloqalarini oʻrnatadi. Ulardan Rossiyaning turli shaharlarida masjid va boshqa inshootlar qurishga ruxsat oladi. Sankt – Peterburg shahrida bunyod ettirgan masjidni misol tariqasida keltirish mumkin. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hukumatida xalq maorifi noziri vazifasida ishlagan va 1922 – 1923-yilning qishida Rossiya boʻylab sayohat qilgan Qori Yoʻldosh Poʻlatov oʻzining “Yoʻl xotiralari” asarida amirning bu xayrli ishi haqida toʻxtalarkan, “Agar Abdulahadxon masjid oldida Rossiyadagi musulmon talabalar uchun madrasa barpo etganida nur ustiga aʼlo nur boʻlar edi”, deya yozib qoldirgan.
Endi esa bevosita amirning Yaltadagi saroyiga toʻxtalmoqchimiz. Oʻtgan asrning 20 – yillarida Moskvadagi Buxoro bilim yurtida tahsil olgan Qodirqul Abdi Nabi ism-sharfli kishining yozishicha, Yalta saroyi Qora dengizdan ikki chaqirim uzoqlikdagi baland bir tepalikda bunyod etilgan. Muallif hozirgi “Buxoronoma”ning oʻtmishdoshi sanalgan “Ozod Buxoro” gazetasining 1924-yil 21-avgust sonida chop etilgan maqolasida amir bu saroy qurilishi uchun xorijiy muhandislar xizmatidan foydalangani, uch qavatli binoni bunyod etishda buxorolik oʻnlab hunarmandlar ham ishtirok etganini taʼkidlaydi. Xonalari devoriga anvoyi gullar chizilib, sharqona ruh berilgan saroy atrofidagi yer ham amir tomonidan sotib olingan. Bu hududda bogʻ hamda gulzorlar, shuningdek, Turkiston tabiatida uchraydigan yovvoyi hayvonlardan iborat oʻziga xos zoopark barpo qilingan.
Jannatmonand bu majmuaning taassufki, taqdiri silliq kechmadi. 1920-yilning sentyabrida amirlik tuzumi qulatilgach, oʻrniga Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tashkil topdi. Natijada BXSR xorijdagi inshoot va mol-mulklar merosxoʻri boʻlib qoldi. Ammo Rossiyada 1917-yil oktyabridagi bolsheviklar toʻntarishi, fuqarolar urushi, qolaversa, milliy oʻlkalarga past nazar bilan qarash oqibatida Yaltadagi saroy qarovsiz holga tushdi. Undagi osori atiqalar talon-taroj qilindi.
Toʻgʻri, BXSR hukumati qarab turgani yoʻq. Xorijdagi mulkni Buxoroga qaytarish bilan shugʻullanuvchi maxsus komissiya tuzildi. Saʼy-harakatlar natijasida Yaltadagi amir saroyini BXSR ixtiyoriga berish toʻgʻrisida qaror ham chiqarishga muvaffaq boʻlindi. Saroyni taʼmirlash, tashib ketilgan yoki oʻgʻirlangan buyumlarni topish, yangilarini keltirib qoʻyish, saroy atrofidagi bogʻlarni qaytarib olish sari dastlabki qadamlar qoʻyildi. Maqsad bu soʻlim goʻshani turkistonliklar, jumladan, buxorolik oddiy xalq vakillari, mulozimlar va talabalar hordiq chiqaradigan maskanga aylantirmoq edi. Biroq talatoʻplar davri tugamagan, oldinda Oʻrta Osiyoni milliy davlat chegaralanishi bilan bogʻliq voqealar kutayotgandi. Oqibatda niyatlar roʻyobga chiqmay ora yoʻlda qolib ketdi.
Shodmon HAYITOV,
Buxoro davlat universitetining
Jahon tarixi kafedrasi professori,
tarix fanlari doktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Kotrina Kulbite — Litvaning “Eng yaxshi ayol murabbiyi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring