Alp Arslon kimligini bilasizmi?

13:56 18 Mart 2026 Madaniyat
145 0

Kan Yaloshan (Alp Arslon) oʻzbek tarixshunosligida deyarli nomaʼlum va maxsus oʻrganilmagan tarixiy shaxslardan biri hisoblanadi. Biroq qator xitoy manbalarida bu shaxs haqida muayyan maʼlumotlar uchraydi. Xitoy tarixidagi eng qudratli saltanatlardan biri – Tang imperiyasiga qarshi kurash olib borib, harbiy isteʼdodi va jasorati tufayli imperator darajasigacha koʻtarilgan shaxs zamonaviy adabiyotda An Lushan nomi bilan tilga olinadi. U dastlabki xitoy manbalarida Kan Yaloshan deb ataladi.

Kan Yaloshan ismidagi “Kan” nisbasi uning Samarqand bilan bogʻliqligini anglatadi. Yana bir nomi An Lushan xitoycha “An” (toʻliq shakli “Ango”) Buxoroni bildiradi. Demak, Kan Yaloshan Xitoyga Samarqanddan Buxoro orqali borgani haqida taxminlar mavjud.

Xitoy manbalarida Kan Yaloshan Xu (qadimgi xunlar) elining vakili sifatida qayd etilgan. U mahalliy urugʻlar iyerarxiyasida hukmron boʻlgan Ashina elidan keyin ikkinchi oʻrinda turgan Ashide urugʻiga mansub boʻlgan. Uning onasi Koʻk Tangri dinining shomoni boʻlgan. Qadim zamonlarda yurtimiz jangchilari xitoy (xan), vizantiya, fors, arab, rus va rim qoʻshinlarida yollanma askar sifatida xizmat qilib, jang sanʼatida katta shuhrat qozongan. Yoy otish, ot ustida chopish va kurash kabi mashqlarda ularga teng keladigan jangchilarni topish oson boʻlmagan.

Kan Yaloshan ham Xitoy qoʻshinida xizmat qilgan davridayoq jasorati va mahoratliligi bilan Tang imperatori Syuanzungning (asli ismi Li Lunszi, 685–762) eʼtiborini qozonadi. Harbiy xizmatdagi muvaffaqiyatlari tufayli imperator uni asta-sekin yuqori lavozimlarga koʻtarib, general darajasigacha yetib boradi. Shu vaqtdan boshlab u Xitoyda general An Lushan nomi bilan mashhur boʻladi.

General Kan Yaloshan armiyadagi 32 nafar (xitoy) xan qoʻmondoni oʻrniga oʻz yurtdoshlaridan boʻlgan turkiy jangchilarni qoʻmondonlikka tayinlaydi. Qisqa vaqtda uning qoʻshini kuchli va intizomli armiyaga aylanadi. Imperator Syuanzung bilan Kan Yaloshan oʻrtasidagi munosabatlar ota-oʻgʻildek yaqin edi. Jasur va ishonchli general saroydagi bayram va marosimlarda erkin qatnashar, imperatorning yonida bemalol oʻtirardi. U imperatorning goʻzallikda tengsiz boʻlgan mashhur kanizagi Yan Yuyxuanga (Yan Guyfey) alohida hurmat koʻrsatardi. Yan Yuyxuan generalning jasorati va qoʻrqmasligidan taʼsirlanib, uning shaxsiga mahliyo boʻladi. Bu munosabatlar keyinchalik ular oʻrtasida muhabbat paydo boʻlishiga olib keladi.

General Kan Yaloshan qoʻshinini turkiylarning turli koʻchmanchi qabilalari, xususan, kidanlar va mahalliy koʻk turklar bilan mustahkamlaydi. Uning koʻrsatmasiga koʻra, sugʻd savdogarlari Xitoyning turli hududlaridagi siyosiy vaziyat haqida razvedka maʼlumotlarini yetkazib turishgan. Saroydagi vaziyat hokimiyatni egallash uchun qulay boʻlgan paytda general oʻz rejasini amalga oshirishga kirishadi.

755-yilda mamlakatdagi ijtimoiy norozilikdan foydalangan general Kan Yaloshan isyon koʻtaradi. Isyondan avval u suyuklisi Yan Yuyxuanni bu haqda ogohlantirib, imperatorni taxtdan agʻdargandan keyin uni imperiya malikasi qilishini vaʼda qiladi. Yan Yuyxuan esa generaldan ikki narsani soʻraydi: uning maslahatchisi Yan Chjuanga ishonmaslik va imperator Syuanzungni tirik qoldirish.

General Kan Yaloshan boshchiligidagi 150 minglik qoʻshin poytaxt tomon yurish boshlaydi. Bu voqea Tang imperiyasida siyosiy inqirozni kuchaytiradi va davlat parchalana boshlaydi. Imperator bu isyonga javoban generalning saroyda boʻlgan sevimli oʻgʻlini qatl ettiradi. Isyonni bostirish uchun ikkita katta qoʻshin yuboradi. Biroq Kan Yaloshan qoʻshinlari bu armiyalarni tor-mor etadi. U avval Luoyan shahrini egallaydi, keyin esa poytaxt Chanʼanga gʻolib sifatida kirib boradi. Imperator ayonlari bilan poytaxtni tark etib qochishga majbur boʻldi. 756-yil 5-mart kuni Kan Yaloshan yangi davlat — Buyuk Yan imperiyasi tashkil etilganini eʼlon qiladi. Imperator deb tan olinadi.

Shundan soʻng Kan Yaloshan qoʻshini bilan Tang imperiyasi armiyasi oʻrtasida yana bir necha hal qiluvchi janglar boʻlib oʻtdi. Shensi viloyatidagi Chentao koʻli atrofidagi jangda ham Kan Yaloshan armiyasi ustun keldi. 756-yilning kuzida uning qoʻshini Xitoyning yirik shaharlaridan biri – Shensini ham egalladi.

Bu orada taxtdan voz kechgan imperator Syuanzung Sichuan hududida panoh topadi. Uning oʻgʻli Suzung esa uygʻur va tibet hukmdorlari bilan ittifoq tuzishga harakat qiladi. Uygʻur xoqoni Eletmish Bilga qagʻan (Moyunchur, 747–759) Tang sulolasiga yordam berish uchun muayyan shartlar qoʻyadi. Shartlarga koʻra, uygʻurlar imperiya siyosatida teng huquqqa ega boʻlishi lozim edi. Bu shartlar qabul qilingach, uygʻur – xitoy ittifoqi shakllanadi.

Uygʻurlar Tang sulolasini saqlab qolish uchun faol kurash boshlaydilar. Ular isyonchilarga qarshi yurish qilib, avval Kan Yaloshan tarafida boʻlgan baʼzi turkiy qabilalarni ham magʻlub etadilar. Kan Yaloshan esa oʻz davrining kuchli strateglaridan biri edi. U gʻalaba qozonishiga ishonar, Tang imperiyasining zaif tomonlarini yaxshi bilardi. Uning fikricha, xitoy armiyasi janglarda mustaqil ravishda katta gʻalabalar qozonishga qodir emas edi.

Biroq voqealar u aytganidek boʻlmaydi. 757-yil 30-yanvar kuni kechasi Kan Yaloshan xiyonat qurboniga aylanadi. Uning yaqin maslahatchisi Yan Chjuan va tansoqchisi Li Juer xiyonat qilib, uni uyqusida xanjar bilan oʻldirishadi. Shu tariqa Tang imperiyasini tiz choʻktirgan, yangi saltanat barpo etgan imperator Kan Yaloshan hayotdan koʻz yumadi. Tarixdan maʼlumki, xitoy armiyasining koʻplab gʻalabalarida turkiy qoʻshinlar muhim oʻrin tutgan. Kan Yaloshan kabi tarixiy shaxslarning faoliyatini yanada chuqur oʻrganish va xalqqa keng tanitish tarixshunoslik oldida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Erkin MUSURMONOV,

Samarqand davlat chet tillar

instituti professori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?