Axsikent dunyo sayyohlarini hayratga solmoqda

12:28 30 Oktyabr 2025 Jamiyat
328 0

Uch ming yillik tarixga ega Axsikent yodgorligi ajdod va avlodlar uzviyligini aks ettirgan chorraha sifatida yangi qiyofa kasb etayotir. Koʻhna shahar xarobalari ostidan qazib olinayotgan qimmatbaho osori atiqalar bu yerda tashkil etilayotgan arxeologik klasterni maʼno va mazmun jihatidan boyitmoqda.

Ayniqsa, keyingi paytlarda bunyod etilgan ramziy darvoza, oʻsha payt ruxini aks ettirgan qalʼa devorlari va bir qator ochiq osmon ostidagi muzeylar sayyohlar oqimini yanada koʻpaytirib yubordi. Kuni kecha arxeoparkka turk noshirlari va media vakillarining guruhi keldi.

— Namanganga sayohatimiz ajoyib boʻldi, — deydi jurnalist Xande xonim. — Havo uchogʻidan tushiboq tarixga qorishib ketdik. Axsikent turkiy dunyoning bosh arxeoyodgorligidir. Uni avlodlar uchun saqlash borasidagi saʼy-harakatlar tahsinga sazovor.

Oʻzbekistonning eng sara manzillari oʻrin oladigan katta kitob-albom yaratish ishiga kirishga ijodiy guruh uchun arxeoparkning qoʻlyozmalar markazi manbalari haqiqiy sovgʻa boʻldi.

— Namangan yorqin ranglari bilan xotiramda qoldi. Uni oʻzgacha rakurslarda tasvirlarga muhrladim, — deya taassurotlarini izhor etadi videoekspert Fatix Pinar.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, Fargʻona vodiysining jozibali turizm maskanlaridan biriga aylanib borayotgan Axsikentni tomosha qilish uchun kelayotgan sayyohlar soni joriy yilning oʻn oyida 40 ming kishidan ortdi. Ularning yarmiga yaqini dunyoning 72 davlatidan tashrif buyurgan xorijliklardir.

Qudratilla NAJMIDDINOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?