Axlatxonada yashayotgan ayol
Bu gapni eshitib taajjubdan yoqa ushlashingiz tayin.Biz ham xabar topib avvaliga ishonmadik.Axir, shunday zamonda ham odamning,ayniqsa, ayol kishining axlatxonada yashab umrguzaronlik qilishi mumkinmi? Aql bovar qilmaydi.Lekin Buxoro shahri A.Jomiy koʻchasidagi koʻpqavatli uylar yonida joylashgan axlatxonaga borganimizda bu yerda chindan ham Shahodat Xudoyberdiyeva ismli ayolning yashayotganiga guvoh boʻldik.
Yaxshisi, soʻzni uning oʻzidan eshiting.
-Toʻqqiz yildan buyon uysizman,- deydi u.- Onam Buxoro shahri Alpomish koʻchasidagi yotoqxonada nevaralari bilan yashaydi.Uy bir xonali.Shu uyda roʻyxatda turaman.Men bilan norasmiy tarzda yashayotgan turmush oʻrtogʻim Umid Toshev boshqa joyda roʻyxatdan oʻtgan.Bir nafar nogiron farzandimiz bor.Ilojsizlikdan shu yerda er – xotin istiqomat qilyapmiz.Axlatxona biz uchun uy, boshpana.
Jondorda tugʻilganman. Ota –onam birga yashashmaydi.Hozir otam ham uysiz.Tumanning chekka bir yeridan loaqal ikki sotix yer ajratishsa, bir amallab uy tiklaymiz, vatanli boʻlamiz, deb qilgan murojaatlarimiz havoga ketdi.Oʻzim Buxoro shahar xotin – qizlar qoʻmitasiga, shahar hokimligiga “Uysizman.Yordam beringlar” deb ogʻzaki murojaat qildim.Nafi boʻlmadi.
Tabiiyki, bu yosh oilaning axlatxonani boshpana qilishi qay tariqa roʻy berdi, degan savol tugʻiladi.

Maʼlum boʻlishicha,Shahodatning onasi, oʻzini Momogul Boboyeva deb tanishtirgan ayol ilgari shu yerda ishlab, uch – toʻrt tanga pul topgan.Aniqrogʻi, axlatlar ichidan karton qogʻoz toʻplab, uni “Maxsusavtoxoʻjalik”ka topshirgan.Binobarin, bu ish Shahodatga “onameros”.Shahodat ayni damda xuddi shu ish bilan shugʻullanib, toʻplagan karton qogʻozining kilosiga ming soʻmdan “haq” olmoqda.Axlat konteyneri yonida bir paytlar maʼlum bir maqsadlarni koʻzlab qurilgan xonada eri bilan birga yashayapti. Ammo bu yerda odam qanday qilib istiqomat qilishini tasavvurga sigʻdirish qiyin.Axlatxonadagi allanimalardan qoʻlbola hojatxona qurib olishganini aytish bilan cheklanmoqchimiz, xolos.
-Derazani ochganimda shundoq badboʻy hid keladi,-deydi axlatxona yonboshidagi koʻp qavatli uyda yashovchi Zuhra Asadova.
-Bu sanitariya qoidalariga zid – ku,-deydi oʻzini “domkomman, familiyam Xudoynazarov” deb tanishtirgan otaxon.
Qiziq, bu noxush manzaraga shahar sanitariya – epidemiologiya markazi mutasaddilari qanday baho berishar ekan?
Axlatxona“Namozgoh” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan.Shaharning boshqa bir hududida roʻyxatdan oʻtgan, ammo bu yerga kelib yashayotgan oila taqdiri yigʻin raisi Qursiya Joʻrayevani befarq qoldirmadi, albatta.
-Bu singlimizga axlatxonada yashash mumkin emasligini, salqin, qish – qirovli kunlar boshlanayotganini,eng avvalo sogʻligiga ziyon yetishini bir necha bor tushuntirdik,-deydi u.-Ammo “Borarga joyim yoʻq” deb oyoq tirab turib olmoqda.
Darhaqiqat, muxbirning kelganidan xabar topgan mahalla raisi bu oilaga yana oʻz vakolati doirasida tushuntirish ishlarini olib bordi.
Fursatdan foydalanib, ayolning turmush oʻrtogʻini suhbatga tortdik.
-“Megameks” korxonasida ishlayman,-deydi U. Toshev.-Oylik maoshimning 33 foiziavvalgi oilam uchun aliment toʻlovi tariqasida ketadi.Xotinimning sogʻligi joyida emas.Farzandim nogiron.Bunaqangi sharoitda arzon uy – joyu yoqda tursin, hatto ijaraga turishga ham qurbimiz yetmaydi.
Ilojsizlikdan shunday achinarli shart – sharoitda yashayotgan bu oilani koʻch – koʻroni bilan koʻchirish balki qiyinchilik tugʻdirmas. Lekin bu xonadon qayerga borsin?Oilani oʻz holiga tashlab qoʻyamizmi?
-Loaqal, umumiy yotoqxonalardan bizga bittagina xona ajratib berishsin,- deydi Shahodat Xudoyberdiyeva.- Er – xotin ishlab, qaddimizni tiklab olamiz.
Buyogʻi endi shahar mutasaddilariga bogʻliq.Biz ulardan javob kutamiz.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
- Bir asrlik tarixga guvoh bino taqdiri
- Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi
- Toshkentda Butunjahon isteʼmolchilar huquqlari kuni munosabati bilan matbuot anjumani oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring