“Airitom Free Zone” hududida “Ramazon yarmarkasi”

21:54 16 Mart 2026 Jamiyat
275 0

Muborak Ramazon oyi munosabati bilan Termiz shahri yaqinidagi “Airitom Free Zone” hududida “Ramazon yarmarkasi” tashkil etildi. Mazkur savdo tadbiri aholi uchun qulaylik va manfaatdorlikni taʼminlayotgani bilan ham ahamiyatli boʻlmoqda.

Yarmarkada Oʻzbekiston va Afgʻoniston tadbirkorlari ishtirok etmoqda. Ular tomonidan kundalik ehtiyojdagi oziq-ovqat va xalq isteʼmoli mollari ishlab chiqaruvchi korxonalar narxida, ayrim hollarda esa arzonlashtirilgan holda taklif etilmoqda. Bu esa Ramazon oyida aholi dasturxonini toʻldirish, bozorlardagi narxlar barqarorligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Yarmarka rastalarida un va oʻsimlik yogʻi, tuxum, dori-darmon vositalari, turli xil shirinliklar hamda boshqa koʻplab oziq-ovqat va xalq isteʼmoli mollarini hamyonbop narxlarda xarid qilish imkoniyati yaratilgan. Eng muhimi, mahsulotlar ishlab chiqaruvchilardan toʻgʻridan-toʻgʻri taklif etilayotgani sababli xaridorlar ularni ulgurji narxlarda sotib olish imkoniga ega boʻlmoqda.

— Yarmarka nafaqat savdo-sotiq maydoni, balki qoʻshni mamlakat tadbirkorlari oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muloqot maydoniga ham aylanmoqda, — deydi Balx viloyatidan tadbirkor Abdul Hakim Mohmand. — Bu yerda ikki davlat ishbilarmonlari oʻzaro tajriba almashib, yangi hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?