Aholi bandligini taʼminlashda yangi tashabbus

10:07 26 Mart 2026 Jamiyat
151 0

Surxondaryo viloyatining Qumqoʻrgʻon tumanida aholi bandligini taʼminlash va kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan amaliy loyiha yoʻlga qoʻyildi. Tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimi hamda tijorat banklaridan biri hamkorligida aholiga daromad manbai yaratishga xizmat qiluvchi tashabbusni amalga oshirmoqda.

Loyiha doirasida tumanga 2 mingdan ortiq hosildor limon koʻchatlari olib kelinib, ayni kunlarda ehtiyojmand va ishsiz oilalarga bosqichma-bosqich tarqatilmoqda. Tashabbusning asosiy maqsadi — fuqarolarni tomorqadan samarali foydalanishga jalb etish, ularning daromadini oshirish va doimiy bandligini taʼminlashdan iborat.

— Bizga ham limon koʻchatlari tarqatishdi, — deydi Barno Jonqobilova. — Mutaxassislar koʻchatlarni toʻgʻri ekish, parvarishlash, zararkunandalardan himoya qilish hamda hosildorlikni oshirish boʻyicha amaliy tavsiyalar ham berilmoqda. Endi tomorqamizdan yanada samarali foydalanish imkoniyatimiz kengaydi.

Mazkur tashabbus orqali nafaqat ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qoʻllab-quvvatlanmoqda, balki ularni tadbirkorlikka jalb etish, oʻz tomorqasidan daromad topish koʻnikmalarini shakllantirishga erishilmoqda. Kelgusida bu kabi loyihalarni kengaytirish orqali tumanda kambagʻallikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish maqsad qilingan.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?