2050-yilga borib, koʻkrak bezi saratoni bilan kasallanish qariyb 40 foizgacha ortadi — Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti

14:01 04 Mart 2025 Dunyo
178 0

Dunyo boʻylab yiliga 2,3 million nafardan ortiq ayolga koʻkrak bezi saratoni tashxisi qoʻyiladi. Bu raqamlar yildan yilda oshib bormoqda, deydi Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti.

Tashkilot hisobotiga koʻra, kasallikning oʻsish surati shunday davom etadigan boʻlsa, 2050-yilga borib, kasallikka chalinganlar soni 38 foizga, oʻlim darajasi esa 68 foizga oshishi taxmin qilinmoqda.

Bu kasallik turli xil usullarda roʻyobga chiqishi mumkin, ammo eng asosiy sabablardan biri yosh koʻrsatkichlari hamda genetik faktorlar hisoblanadi.

“Qator omillar orasida eng koʻp uchraydigan hamda ushbu kasallikni keltirib chiqaruvchi sabablar inson genidagi ayrim faktorlar hamda insonning yosh koʻrsatkichlariga bogʻliq. Nosogʻlom turmush tarzi, xususan, spirtli ichimliklar isteʼmoli, kamharakatlik va ortiqcha vazn ham kasallikning rivojlanishiga sabab boʻladi”, — deydi ekspertlar guruhi oʻz xulosalariga tayanib.

Soʻnggi tadqiqotlar natijasida aniqlanishicha, sogʻlom turmush tarziga rioya qilish orqali koʻkrak bezi saratoni xastaligiga chalinish qariyb 25 foizga kamayishi mumkin.

Shuningdek, bugungi kunda dunyo boʻylab 30 ga yaqin mamlakatlarda koʻkrak bezi saratonidan oʻlim darajasi sezilarli kamayib bormoqda. Shifokorlar bu holatni kasallikning erta aniqlanishi va toʻgʻri davolash usullari bilan bogʻlashmoqda.

Xalqaro Saraton tadqiqotlari agentligi tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, dunyo boʻylab har 20 ayoldan 1 nafari hayoti davomida koʻkrak bezi saratoni bilan kasallanadi.

“Bu kasallanish koʻrsatkichi shunday davom etsa, 2050-yilga kelib koʻkrak bezi saratoni bilan bogʻliq 3,2 million yangi holat aniqlanadi. Kasallikdan oʻlim topish holatlari ham yiliga 1,1 milliongacha ortishi mumkin”, — deydi tadqiqotlar agentligi oʻz hisobotida.

Maʼlumot uchun, 2022-yil davomida dunyo miqyosida koʻkrak bezi saratoni bilan bogʻliq 2,3 million yangi holat roʻyxatga olingan. Shu yilning oʻzida esa kasallik tufayli 670 ming nafar inson vafot etgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер