Jajji shaxmatchilar — kelajak chempionlari

14:19 17 Mart 2026 Jamiyat
124 0

Bugun dunyo shaxmat olamida oʻzbek shaxmatchilari munosib oʻrin egallab, yurtimiz nomini xalqaro maydonlarda sharaf bilan himoya qilmoqda. Rustam Qosimjonov, Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Shamsiddin Vohidov va Nodirbek Yakubboyev kabi mahoratli grossmeysterlarimiz dunyo shaxmat muxlislarini lol qoldirib kelmoqda. Ana shunday ulkan yutuqlar zamirida mamlakatimizda yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik mujassam.

Buning yorqin misollaridan biri Termiz shahri Yoshlar markazida Surxondaryo viloyati maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan “Shaxmat festivali” boʻldi. Donalarni katta ishtiyoq bilan surgan jajji oʻgʻil-qizlarning oʻyin mahoratini kuzatgan har bir kishi ularning iqtidori va zehniga qoyil qoladi.

Festivalda tuman va shahar bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 30 nafar iqtidorli tarbiyalanuvchi ishtirok etdi. Yosh shaxmatchilar oʻrtasidagi bellashuvlar qiziqarli va murosasiz kechib, har bir partiya oʻziga xos zehniy kurashga aylandi. Bolalarning mantiqiy fikrlashi, vaziyatni toʻgʻri baholay olishi va gʻalaba uchun intilishi tadbir ishtirokchilarining eʼtiborini tortdi.

Yakuniy natijalarga koʻra, oʻgʻil bolalar oʻrtasida Mirkamol Normamatov (Boysun tumani, 7-sonli DMTT) birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Ikkinchi oʻrin Abrorjon Toshpoʻlatov (Termiz shahri, 27-sonli DMTT)ga nasib etdi. Uchinchi oʻrinni esa Abror Omonov (Jarqoʻrgʻon tumani, 34-sonli DMTT) egalladi.

Qiz bolalar oʻrtasida esa Xusniya Nuriddinova (Termiz shahri, “Volshebniy zamok” NMTT) gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Ikkinchi oʻrin Asila Shodmonova (Jarqoʻrgʻon tumani, 26-sonli DMTT), uchinchi oʻrin esa Dilara Safarova (Shoʻrchi tumani, 12-sonli DMTT)ga nasib etdi.

Gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Mazkur festival nafaqat bolalarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, balki ularda mantiqiy fikrlash koʻnikmalarini mustahkamlash, shaxmatga boʻlgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu kabi tadbirlar mamlakatimizda yoshlar sporti va intellektual rivojiga berilayotgan eʼtiborning amaliy ifodasi boʻlib, kelajakda yangi grossmeysterlar kamol topishiga mustahkam zamin yaratmoqda.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?