“Zakovat”chi akalarga havasim keladi — Sirojiddin Ubaydullayev

15:03 13 Yanvar 2024 Jamiyat
782 0

Foto: "Xalq soʻzi"

Muhammadsharif Soʻfizoda nomli Namangan viloyat bolalar kutubxonasida yoshlarni kitob mutolaasiga qiziqtirish, ularning dunyoqarashi va erkin fikrlashini shakllantirishga yoʻnaltirilgan tadbirlarni tez-tez uyushtirish odat tusiga kirgan.

Yaqinda bu yerda maktablardan saralangan aʼlochi oʻquvchilar oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyini tashkil etilib, ularning zukkoligi sinovdan oʻtkazildi. Unda 7 — 11 sinf oʻquvchilaridan tarkib topgan jamoalarning 70 nafardan ziyod bilimdonlari bahsga kirishdi. Oʻquv fanlari, maʼnaviyat, tarixiy faktlar, urf-odat va qiziqarli voqealar bilan bogʻliq murakkab savollar qatnashchilarni birmuncha oʻylantirganiga qaramay yoshlar ularga aniq javob qaytarishga harakat qilishdi.

— Televideniye orqali namoyish etilayotgan “Zakovat” intellektual oʻyini hech bir tomoshabinni befarq qoldirmaydi, — deydi Pop tumanidagi 67-umumtaʼlim maktabi “Bilimdonlar” jamoasi sardori Sirojiddin Ubaydullayev. – Ular boshlovchi tomonidan berilgan kutilmagan savolga chuqur dunyoqarash, tarix fanini puxta bilish, kuchli mantiqiy fikrlash salohiyati orqali javob beradilar. Biz ham ana shu zukko aka-opalarimizga havas qilib, bugungi oʻyinda bor bilimimizni ishga soldik.

Yakunda “Bilimdonlar” jamoasi eng yuqori natijaga erishib, birinchi oʻrinni egalladi. Mingbuloq va Chortoq tumanidan kelgan yoshlarga keyingi faxrli oʻrinlar nasib etdi. Gʻolib jamoalar kutubxona maʼmuriyati va homiylarning esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?