“Yangi Oʻzbekiston” massividagi yangi uylar foydalanishga topshirildi

10:46 24 Mart 2026 Jamiyat
277 0

Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga koʻra, bugungi kunda Samarqand viloyatining Urgut, Bulungʻur, Toyloq tumanlari va Samarqand shahrida “Yangi Oʻzbekiston” massivlari tashkil etilmoqda.

Jumladan, Toyloq tumanida “Yangi Oʻzbekiston” massivi uchun Charogʻbon mahallasi hududidan 27,4 gektar yer maydoni tanlanib, uch yildan buyon qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.

“Qishloqqurilishloyiha” davlat unitar korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan bosh reja asosida hududda 4592 xonadonli 41 ta koʻp qavatli turar-joylar qurilmoqda.

Navroʻz bayrami shukuhi davom etayotgan shu kunlarda tuman markazidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida 224 xonadondan iborat ikkita koʻp qavatli uy foydalanishga topshirildi. Ayni paytda yana 5 ta uy foydalanishga tayyor holatga keltirilgan. Yana 13 tasida qurilish ishlari davom etmoqda.

Yangi xonadonlarni topshirish marosimida viloyat va tuman hokimligi masʼullari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda soʻz olganlar yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va uning samaralarini eʼtirof etishdi.

“Yangi Oʻzbekiston” massivi nafaqat turar joylar, balki zamonaviy shaharcha sifatida barpo etilmoqda. Bu yerda taʼlimdan tortib sogʻliqni saqlash, madaniyatdan to sport va dam olishgacha boʻlgan barcha imkoniyatlar mujassamlashadi. Yaʼni massivda 2 ta 300 oʻrinli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti, 1650 oʻrinli ikkita umumtaʼlim maktabi, 100 qatnovga moʻljallangan oilaviy poliklinika, bir qator savdo va xizmat koʻrsatish, koʻngilochar maskanlar, bolalar va sport maydonchalari bunyod etiladi. Bir soʻz bilan aytganda, bu yerda inson uchun barcha qulayliklar yaratiladi.

Shuningdek, bayram munosabati bilan tuman markazidagi “Fayzli maskan” turar joy majmuasi ham foydalanishga topshirildi. Tantanali marosim davomida yangi xonadon egalari uchun kalitlar topshirilib, ularning quvonchiga quvonch qoʻshildi.

Mazkur yangi turar joylar hududning meʼmoriy qiyofasini yanada chiroyli va zamonaviy koʻrinishga keltirib, aholi uchun qulay va farovon yashash sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi. Bayram kunlarida bunday ezgu ishlarning amalga oshirilayotgani esa Navroʻzning yangilanish va bunyodkorlik gʻoyalari bilan uygʻunlashadi.

Bayram kunlari shuningdek, tumanning Bogʻichinor mahallasida yangi oʻquv markazi ham foydalanishga topshirildi. Tadbirda mahalla nuroniylari, faollar, jamoatchilik vakillari hamda yoshlar qatnashib, hududda yoshlar taʼlimi va kasb-hunar oʻrganishiga xizmat qiladigan ushbu maskanning ochilishi bilan bir-birlarini tabrikladilar.

Taʼlim jarayonini zamonaviy tashkil etish, yoshlarning bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan ushbu markaz kelajakda mahalladagi yoshlar uchun muhim bilim maskaniga aylanishi taʼkidlandi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?