Yangi Oʻzbekiston — baxtiyor millatlar diyori

17:40 02 Avgust 2025 Jamiyat
399 0

30-iyul — Xalqlar doʻstligi kuni mamlakatimizda koʻtarinki ruhda keng nishonlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xalqimizga bayram tabrigi ayyom shukuhini yanada oshirdi. Bu bejiz emas, albatta. Xalqi oʻzaro doʻst, ahil-inoq mamlakatning tonglari tinch-osuda otadi. Osoyishta mamlakatga esa bayramlar yarashadi.

Darhaqiqat, toʻy-maʼrakasiga qarindoshidan avval devordarmiyon qoʻshnisini chaqiradigan, uyida borini u bilan baham koʻradigan xalqmiz. Qoʻshnimiz qaysi millatga mansub boʻlishidan qatʼi nazar, biz uchun yon qoʻshni, mahalladosh boʻlgani uchun qadrli. Bu xalqimizning qadimiy qadriyatlaridan.

Prezidentimizning tabrigida taʼkidlanganidek, yurtimiz zaminida qadimgi davrlardan buyon davom etib kelayotgan etnik xilmaxillik noyob ijtimoiy hodisa boʻlib, bugun — Yangi Oʻzbekiston sharoitida yangicha maʼno-mazmun va anʼanalarga ega boʻlib borayotgani diqqatga sazovordir. Barchamiz uchun aziz va moʻtabar boʻlgan Vatanimiz aynan shu asosda inson qadri va baxti ulugʻlanadigan tom maʼnodagi tinchlik, doʻstlik va mehr-oqibat diyoriga aylanib bormoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillarining yanada emin-erkin yashashlari uchun keng koʻlamli ishlar qilinmoqda.

Totuvlik — umuminsoniy qadriyat

Millatlararo totuvlik gʻoyasi butun jahon xalqlari uchun umuminsoniy qadriyat hisoblanadi. U tinch­lik va farovonlikning kafolati, millatlararo hurmat, doʻstlik va hamjihatlikning maʼnaviy asosidir. Mazkur gʻoya har bir millat vakili orzu-umidlari, iqtidori va isteʼdodining toʻliq roʻyobga chiqishi uchun zamin hozirlaydi hamda uni Vatan istiqboli, yurt tinchligi, xalq farovonligi kabi umuminsoniy maqsadlar sari yetaklaydi.

Mustamlakachilik 150 yil davom etgan Oʻzbekistonga kuchli assimilyatsiya qilinuvchi ijtimoiy makon sifatida qaralgan. Shu bois ham Oʻzbekiston hududini koʻp millatli makonga aylantirish boʻyicha tarixiy jarayonlar amalga oshirildi. Maʼlumotlarga qaraganda, 1885-yilda hozirgi Oʻzbekiston hududida 18 ga yaqin millatlar istiqomat qilgan boʻlib, ularning 11 tasini mahalliy xalqlar vakillari, 7 tasini koʻchirib olib kelinganlar tashkil etgan. 1926-yilga kelib esa mahalliy mansubdagi millatlar 11 ta qolgan holda koʻchirib keltirilganlar 80 xil boʻlgan. 1959-yilda ularning soni 113 taga, 1979-yilda 123 taga, 1989-yilda esa 130 taga yetgan edi.

Joriy yilning 28-iyul holatiga koʻra, doimiy aholisi soni 37 910 136 nafar kishini tashkil etayotgan yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari ahil va inoq, bir-birlariga yelkadosh boʻlib yashab kelmoqda. Ularning har birini assimilyatsiya boʻlishdan saqlash siyosati yurgizilmoqda.

Hamjihatlikning huquqiy maqomi

Asrlardan-asrlarga oʻtib kelgan millatlararo totuvlik anʼanalari bardavomligini taʼminlash maqsadida huquqiy asos yaratildi. Dunyoning koʻplab mamlakatlarida “Multikulturalizm” bahslari avj olganda, Oʻzbekistonda yashayotgan har bir millatning urf-odatlari, tili, dini, milliy qadriyatlarini saqlab qolish va rivojlantirish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

Xalqimizning bagʻrikengligi tufayli koʻplab millat vakillariga boshpana berildi. Koreyslar, nemislar, armanlar, gruzinlar, mesxeti turklar, polyaklar, yunonlar, qrim-tatarlar oʻzbek elida qoʻnim topdi. Ularning zurriyotlari shu zaminda tugʻildi, shu yerda taʼlim-tarbiya olib, voyaga yetdi.

Bugungi kunda nafaqat oʻzbek millati, balki boshqa millat va elatlarning taniqli siymolariga bagʻishlab koʻchalar, istirohat bogʻlari, turli muassasalarga nomlar berildi, monumentlar oʻrnatildi.

Prezidentimizning 2025-yil 19-martdagi “Umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashni yangi bosqichga olib chiqishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmitasi tashkil etildi. Mazkur qoʻmita jamiyatda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlashga hissa qoʻshib kelmoqda.

Poytaxtimizda millatlar va elatlarni hamjihatlikka chorlovchi “Doʻstlik bogʻi” barpo etilgan. Mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan 157 ta milliy madaniy markaz, 42 ta doʻstlik jamiyati va xorijdagi 100 dan ortiq vatandoshlar jamoat birlashmalari davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda yurtimizda doʻstlik va bagʻrikenglik muhiti, milliy va umumbashariy qadriyatlar uygʻunligini mustahkamlash, chet ellar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalar, xalq diplomatiyasini har tomonlama rivojlantirish boʻyicha koʻplab ijobiy natijalarga erishmoqda.

Oʻzbekistonda har bir millat va elatning oʻz tili, madaniyati, urf-odatlarini saqlab qolish, oʻrganish va rivojlantirishiga shart-sharoit hozirlangan. Masalan, koreyslar oʻz tarixi, tili, madaniyati, dini, urf-odatlari, qadriyatlarini oʻrganib, milliy marosim va bayramlarini emin-erkin nishonlab keladi. Oʻzbek xalqining azaliy milliy taomlari: osh, qozon kabob, norin, halim, sumalak, somsa deyarli barcha koreys xonadonida tayyorlanadi va sevib isteʼmol qilinadi. Koreyslarning “chimchi” va boshqa salatlarini oʻzbeklarning dasturxonida koʻrish mumkin. Shuningdek, yurtimizda koreys filologiyasi 12 ta oliy taʼlim muassasasi, 48 ta maktab va litseyda oʻqitilmoqda. Har ikkala xalq vakillari koreys filmlari yoki oʻzbek filmlarini tomosha qilishadi, oʻzbek va koreys tilidagi qoʻshiqlar sevib kuylanadi, eshitiladi.

Umumxalq referendumida qabul qilingan Konstitutsiyamizda mustahkamlab qoʻyilgan qoida va meʼyorlar asosida nodavlat tashkilotlarning rolini oshirish, ularning huquqlarini kafolatlash orqali fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgani ham bajarilayotgan ishlarning mantiqiy davomidir.

Orziqib kutilgan fuqarolik baxti

Eslasak, agar bundan sakkiz yil avval Oʻzbekistonda fuqaroligi boʻlmagan koʻp odamlar oddiy masalalarini ham hal etolmay sarson-u sargardon yurardi — ularning fuqarolik huquqlari yoʻq edi. Mana shunday notenglikka barham berildi. Oʻzbekistonda koʻp yillardan buyon yashab, mehnat qilib kelayotgan boshqa millat vakillariga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik pasportlarini topshirish tizimi faoliyati ham diqqatga sazovor.

Masalan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 22-aprelda imzolagan Farmoniga asosan 70 nafar koreys millatiga mansub yurtdoshimizga Oʻzbekiston fuqaroligi pasporti topshirildi. Va albatta, oʻtgan yillarda bu raqamlar soni bir necha yuzdan ortdi. Bu esa koʻp yillar yurtda astoydil mehnat qilib, Oʻzbekistonimizni Vatan deb qadrlaganlar, oʻz zurriyotini ulgʻaytirib kelayotgan insonlarga yanada koʻtarinki ruh va kayfiyat bagʻishladi.

Mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillariga oʻzbeklar bilan teng huquqlar berilib, ular davlat va jamiyat boshqaruvi ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy hayotda faol va erkin qatnashmoqda. Chunonchi, bugungi kunda senatorlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari, vazirliklar, idoralar, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar rahbarlari orasida turli millat vakillari bor. Shahar va qishloqlarda oʻzini oʻzi boshqarish organlari (qishloq va mahalla fuqarolar yigʻinlari va hokazo)ga oʻzbeklar bilan birga rus, tojik, tatar, qirgʻiz, qozoq, ukrain va boshqa millatga mansub boʻlgan oqsoqollar (mahalla raislari) rahbarlik qilmoqda.

Koʻp yillik “muz”lar eridi

Mamlakatimiz chegaradosh davlatlar bilan yaqin hamkor, xalqlarimiz bir-biri bilan qondosh-qarindosh, quda-andali. Ammo avvallari yurtdoshlarimiz davlat chegarasidan oʻtolmay, hatto yaqinlari taʼziyasiga ham bora olmagan vaziyatlar boʻlgani sir emas. Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi davrida bu kabi koʻngilsizliklar barham topdi. Davlat chegaralari ochildi.

Oʻzbekiston Tojikiston, Turkmaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Afgʻoniston va boshqa mamlakatlar bilan bir gʻoya — millatlar, xalqlar oʻrtasida tinchlik, totuvlik, bagʻrikenglik asosida yashash tamoyilini ilgari surmoqda. Buni chegara hududlarining erkinlashtirilgani, davlatlar rahbarlari tomonidan fuqarolarga siyosiy, ijtimoiy, huquqiy va boshqa sohalarda qulay sharoitlar yaratib berilayotgani, insonlar qoʻshni mamlakatda yashayotgan yaqinlari bilan uchrashib, diydorlashgani, borishi yoki kelish jarayonlarining jadallashganida ham koʻrish, kuzatish mumkin.

Oʻzbekistonning dunyo davlatlari, ayniqsa, qoʻshni mamlakatlar bilan yaqin hamkorlik oʻrnatganini, oʻzaro tashriflar va qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy yordam qoʻlini choʻzishni butunlay yangi bosqichga koʻtarganini jahon hamjamiyati eʼtirof etmoqda. Jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining kam sonli millatlar boʻyicha Oliy komissari Lamberto Zanyer shunday deydi: “...hozir mamlakatingiz oʻz qoʻshnilari bilan chegaralarni ochdi, odamlar emin-erkin yaqinlarini koʻrgani borishyapti. Bu tashabbuslarning hammasi millatlararo munosabatlarga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Yurtingizga Oʻsh orqali kirib keldik. Fargʻona vodiysida boʻlib, bu yerda turli tillarda oʻqitiladigan maktablarga bordik, oʻquvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdik. Oʻzbekistondagi taʼlim va boshqa sohalarda xalqaro kelishuvni taʼminlash boʻyicha holat ijobiyligiga guvoh boʻldik. Umuman, millatlararo munosabatlar yoʻnalishida konstruktiv siyosat olib borilyapti. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatda bagʻrikenglikni mustahkamlash yoʻlida yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Ayni shu jarayonga bizning tashkilot ham munosib hissa qoʻshishga tayyor”.

Shu oʻrinda aytish joizki, Fransiyaning “LʼUsine Nouvelle” yangiliklar agentligi xabarida AQSH Davlat departamenti Oʻzbekistonni “Alohida xavotir uygʻotadigan davlatlar roʻyxati”dan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilgani yozildi. “LʼUsine Nouvelle” muxbirlarining fikricha, bu respublikada kechayotgan ijobiy oʻzgarishlarning har tomonlama eʼtirof etilayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, Oʻzbekistonning inson huquqlari boʻyicha BMT doimiy komissiyasiga aʼzo qilingani quvonarli holdir.

Yuqoridagi fikrlarni umumlashtirib aytish mumkinki, Oʻzbekistonda turli millat va elat vakillari oʻzlarini erkin his etmoqda, oʻzbeklar bilan birga qoʻlni qoʻlga berib ishlamoqda, yashamoqda. Bu bagʻrikenglik yurtimizda asrlar davomida shakllanib kelgan boshqa xalqlarga samimiy, hurmat bilan munosabatda boʻlish borasidagi qadriyatlar, umuminsoniy qarashlarga tayangan holda yondashish anʼanasidan kelib chiqadi. Qolaversa, mamlakatimizda barcha millatlarning teng huquqliligiga asoslanuvchi siyosat, ularning oʻz tili, madaniyati, urf-odatlari, qadriyatlarini rivojlantirish uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar baxtli, tinch-totuv hayotning, farovonlikning kafolati boʻlib xizmat qilmoqda.

Obidjon HAMIDOV,

Buxoro davlat universiteti rektori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?