Vatan himoyasi – oliy burch va muqaddas mas’uliyat

09:35 13 Yanvar 2026 Jamiyat
76 0

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar.

Mamlakatni himoya qilish – bu har bir O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan qo‘yiladigan nafaqat huquqiy, balki axloqiy talabdir, uning ma’naviy burchi va umumiy majburiyatdir. Mazkur majburiyat mamlakatning hududiy birligi, suvereniteti, mustaqilligini, aholisini, moddiy va ma’naviy qadriyatlarini harbiy muhofaza qilishga qaratilgan bo‘lib, fuqarolarning muddatli, muqobil xizmatni, kontrakt asosidagi harbiy xizmatni, shuningdek safarbarlik chaqiruvi rezervida va boshqa tarzda xizmatni munosib o‘tash orqali o‘z konstitutsiyaviy burchini ado etishda namoyon bo‘ladi.

Konstitutsiya “fuqaroning burchi”ga ishora qilgan holda, majburiyatning nafaqat huquqiy, balki axloqiy jihatini ham nazarda tutadi. Chunki, “burch” toifasi “majburiyat” tushunchasidan farqli tarzda, davlat bilan fuqaro o‘rtasidagi munosabatlarning axloqiy jihatini belgilaydi.

Asosiy qonunda fuqaroning O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish majburiyati xususida so‘z yuritilar ekan, ushbu majburiyatning konstitutsiyaviy, ya’ni yuridik kuch borasida eng oliy xususiyatga egaligi alohida qayd etiladi. Ushbu moddaning tuzilishida “himoya” atamasi qo‘llanilib, mazkur normaning mohiyatidan kelib chiqib, fuqarolarning respublika suvereniteti, yaxlitligi, hududi va chegaralari bo‘linmasligi hamda daxlsizligini harbiy muhofaza qilishi tushuniladi.

Bosh qomusning 64-moddasidagi normalar O‘zbekiston fuqarosining harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tash majburiyatini belgilaydi. Bunda harbiy xizmat deganda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Qurolli Kuchlar safida umumiy harbiy majburiyatni bajarish borasidagi davlat xizmatining alohida turi tushuniladi.

Harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tash tartibi O‘zbekiston Respublikasining 2002 yil 12 dekabrda qabul qilingan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonun bilan tartibga solingan. Qonunga muvofiq O‘zbekistonda harbiy xizmatning quyidagi turlari belgilangan: muddatli harbiy xizmat; safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat; kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat; O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida harbiy xizmatni o‘tagan rezervchilar xizmati. Shuningdek, tinchlik davrida oddiy askarlar va serjantlar tarkibi lavozimlarida muddatli harbiy xizmatga, shuningdek safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga o‘n sakkiz yoshdan yigirma yetti yoshgacha bo‘lgan, salomatligiga ko‘ra Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli erkak fuqarolar chaqiriladi. Shu bilan birga xotin-qizlar ixtiyoriy ravishda kontrakt asosida harbiy xizmatni o‘tashga haqlidir.

O‘zbekiston Respublikasida muqobil xizmat deganda fuqarolarning umumiy harbiy majburiyatni bajarishining chaqiruv bo‘yicha harbiy xizmat o‘rniga iqtisodiyot, ijtimoiy sohaning turli tarmoqlarida kam malaka talab etiladigan (yordamchi) ishlarni, shuningdek falokatlar, halokatlar, tabiiy ofatlar va boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan alohida turi tushuniladi.

Mustaqillikka erishgach, O‘zbekistonda barcha turdagi harbiy va muqobil xizmatni o‘tash milliy tizimini isloh etish borasida ancha jiddiy ishlar olib borildi, natijada fuqarolarning, umuman jamiyatning armiyaga nisbatan munosabatini tubdan o‘zgartirishga erishildi.

Jumladan, milliy armiya tashkil topgan ilk yillarda uning saflarini chaqiriluvchilar bilan to‘ldirish masalasida jiddiy muammolar mavjud edi, avvalgi sho‘ro tuzumi davridagi armiyaga xos eskilik sarqitlarini – bo‘linmalarda nosog‘lom ruhiy muhitni yuzaga keltirayotgan, ustav qoidalariga zid bo‘lgan o‘zaro munosabatlarni yengib o‘tish va yo‘qotish talab etilar edi. Bu muammolarni hal etish uchun bir necha yil davomida ushbu salbiy holatlarni yo‘qqa chiqarish borasida izchil ish olib borildi. Xususan, muddatli harbiy xizmatning davomiyligi bir yilgacha qisqardi. Tizimli islohotlarni o‘tkazish davomida, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy-maishiy sharoitlari, ovqat rasioni tubdan yaxshilandi. Qonun hujjatlariga muvofiq zaxiraga chiqarilayotgan harbiy xizmatchilar uchun ishga joylashish va oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda imtiyozlar tizimi joriy etildi. Natijada harbiy jamoalarda sog‘lom ma’naviy va axloqiy muhit shakllanishiga ko‘maklashdi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, jamiyatimizda tinchlik va totuvlikni ta’minlash, yurtimiz mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish masalalari ustuvor yo‘nalishlar etib belgilandi.

So‘ngi yillarda, “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir” degan ezgu g‘oya asosida Qurolli Kuchlarning jangovar salohiyatini oshirish, harbiy qurilish sohasini tubdan modernizatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar natijasida milliy armiyada tub o‘zgarishlari yuz bermoqda. Natijada uning saflarida xizmat qilish tom ma’noda shon-sharaf ishiga aylanib bormoqda.

Shu bilan birga bugungi kunda harbiy xizmatchilarning professional mahorati va obro‘-e’tibori jahon miqyosida ham yuksalib bormoqda. Buni mamlakatimiz Qurolli Kuchlari vakillarining nufuzli xalqaro harbiy musobaqalarda faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelayotgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Yosh avlodni Vatanni himoya qilishga doir o‘z burchini ado etishi uchun tayyorlash yuzasidan mamlakatning umumta’lim muassasalarida boshlang‘ich chaqiruvgacha tayyorgarlikning samarali tizimi joriy etilgan, u o‘quvchilarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi. Boshlang‘ich chaqiruvgacha tayyorgarlik texnikumlar va akademik liseylar o‘quv dasturining majburiy fani bo‘lib, yoshlarni Vatanga sadoqat, uni himoya qilishga doir o‘z konstitutsiyaviy burchini ado etishga doimo shay bo‘lib turish ruhida tarbiyalashga ko‘maklashadi.

Xulosa qilib aytganda, zamonaviy, mobil, jangovar armiyaga aylangan mustaqil O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining zamonaviy qiyofasi – mamlakat Konstitutsiyasi negizida va uni ijro etish borasida tizimli, bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirilayotganligi, fuqarolarning Vatanni himoya qilish burchini tushunish darajasi ortganligi mahsulidir.

 

 

Kozimjon KAMILOV – Konstitutsiyaviy sud sudyasi,

Shoxrux MAJIDOV – Konstitutsiyaviy sud Ekspertlar guruhi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?