Uch hududda “yashirin ombor”lar fosh etildi

10:22 19 Mart 2026 Jamiyat
157 0

Videodan kadr

Namangan, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida sifati kafolatlanmagan dori vositalari aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, DXXning Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Ichki ishlar organlari va “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Tadbirda Kosonsoy tumanida yashovchi, 1971, 1975 va 1990-yillarda tugʻilgan 3 nafar fuqaro tomonidan tumanning “Oʻrikzor”, “Gulobod” va “Mahdumi Aʼzam” mahalla fuqarolar yigʻinlari hududlarida tashkil etilgan 3 ta “yashirin ombor” fosh etilgan.

Natijada 723 turdagi jami 57422 dona xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan va sifat sertifikatiga ega boʻlmagan, shuningdek, ayrimlarining yaroqlilik muddati oʻtgan kontrafakt dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

DXX Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM hamkorligida oʻtkazilgan tadbirda esa Qarshi tumanida istiqomat qiluvchi, 1965-yilda tugʻilgan shaxs oʻzining yashash xonadonida tegishli litsenziyasiz dorixona tashkil qilib, 82 turdagi jami 1520 dona meʼyoriy hujjati boʻlmagan dori vositalarini sotib kelayotgani aniqlangan.

Bu kabi qonunbuzilish holati Samarqand shahrida ham qayd etilib, jumladan, 1980-yilda tugʻilgan mahalliy fuqaro ijaraga olgan omborxonalarda 225 turdagi jami 14322 dona isteʼmolga yaroqsiz dori vositalari sotish maqsadida saqlab kelinayotganligi DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan fosh etilgan.

Hozirda har uchala holatda olingan dori vositalariga nisbatan ekspertiza tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер