Tramp dunyoni Uchinchi jahon urushidan qutqardi – Rossiya prezidentining maxsus vakili

Foto: Reuters
Rossiya Federatsiyasi prezidentining xorijiy davlatlar bilan sarmoyaviy va iqtisodiy hamkorlik boʻyicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev Vashingtonda AQSH hukumati vakillari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi.
Muloqotlarda Ukraina inqirozi va sanksiyalarni bekor qilishdan tortib, Arktikadagi hamkorlik va toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni tiklashgacha boʻlgan turli mavzularni muhokama qilingan. Dmitriyev AQSHning Yaqin Sharq boʻyicha maxsus elchisi Stiv Uitkoff, shuningdek, senatorlar Markueyn Mallin va Lindsi Grem bilan uchrashdi.
“Bloomberg” agentligi muzokaralar bilan tanish boʻlgan shaxsga tayanib yozishicha, AQSH hozir tomonlar keyingi qadamlarga oʻtishdan oldin uning Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga hisobot berishini kutmoqda. Nashrga koʻra, muzokaralarning asosiy mavzulari Ukrainadagi mojaroni hal qilish va Rossiya va AQSH oʻrtasidagi munosabatlarni tiklash boʻlgan.
“Soʻnggi ikki kun davomida prezident Putinning koʻrsatmasi bilan Vashingtonda prezident Tramp maʼmuriyatining asosiy aʼzolari bilan uchrashdim. Asosiy mavzulardan biri – Rossiya – AQSH munosabatlarini tiklash, Bayden maʼmuriyati davrida butunlay uzilib qolgan muloqotni tiklash boʻldi”, – deydi Dmitriyev jurnalistlarga.
“NBC News” telekanalining xabar berishicha, uchrashuv Donald Trampning iltimosiga binoan tashkil etilgan. Muloqot chogʻida oʻt ochishni toʻxtatish shartlari va Putinning bunga bogʻliq talablari muhokama qilingan. Oq uy rahbarining uchrashuvlarda ishtirok etgani nomaʼlum.
Ukraina boʻyicha nimalarga erishildi?
Dmitriyev “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Tramp maʼmuriyati Uchinchi jahon urushi boshlanishining oldini olganini aytdi.
“Biz samarali muzokaralar olib bormoqdamiz. Diplomatlarimiz ham yuzaga kelishi mumkin boʻlgan voqealar ustida ishlamoqda. Lekin shubhasiz, prezident Tramp jamoasi nafaqat uchinchi jahon urushining oldini oldi, balki Ukraina muammosini hal qilishda allaqachon sezilarli muvaffaqiyatlarga erishdi”, – dedi u.
Shu oʻrinda Dmitriyev gʻalla boʻyicha kelishuv hamda Rossiya va Ukraina boʻyicha energetika infratuzilmasiga zarba bermaslik toʻgʻrisidagi kelishuvlarni eslatdi.
“Menimcha, biz kelishuvni yakunlash tomon qanday harakat qilishimiz mumkinligi haqida tushuncha bor. Va bu sohada juda koʻp muhokamalar boʻldi, hali ham koʻp kelishmovchiliklar mavjud, ammo menimcha, bu muammolarni hal qilish uchun bir nechta yondashuvlar mavjud”, – deydi Dmitriyev.
Uning soʻzlariga koʻra, Moskva uzoq muddatli yechim topishni talab qilmoqda – “bu kerak, chunki biz global xavfsizlik va bu sohada Rossiya manfaatlarini qanday taʼminlash haqida ham oʻylayapmiz”.
Ukraina uchun baʼzi xavfsizlik kafolatlari Kreml uchun “maqbul boʻlishi mumkin”, ammo NATOga qoʻshilish “mutlaqo imkonsiz”, dedi Putinning maxsus vakili “FOX News” telekanaliga bergan intervyusida, ammo u qanday kafolatlar haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmadi.
“Menimcha, Ukrainaning NATOga qoʻshilishi, prezidentimiz aytganidek, umuman imkonsizdir va bu, menimcha, yaxshi tushunarli, jumladan, Tramp maʼmuriyatiga ham”, – deya taʼkidladi u.
Shu bilan birga, Dmitriyevning soʻzlariga koʻra, “Tramp Ukraina kuchli boʻlishini istaydi” va “AQSH oʻz vazifasini Kiyev uchun mustahkam pozitsiyani taʼminlashda koʻradi, bu haqda ular doimiy ravishda muhokamalar davomida maʼlum qilishgan”.
Uning taʼkidlashicha, Rossiya “global xavfsizlik borasida qandaydir xavotirda”. Dmitriyev, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan qurolli mojaro haqidagi savolga javob berdi.
“Koʻplab yolgʻon va soxta xabarlar aylanmoqda, masalan, Rossiyaning Yevropaga ehtimoliy hujumi haqida. Bu shunchaki ahmoqona fikr”, – dedi u.
Rossiya nega sanksiyalarni bekor qilishni soʻramayapti?
CNN telekanaliga bergan intervyusida Dmitriyev Vashingtondagi muzokaralar chogʻida Gʻarb sanksiyalarini yumshatishni soʻramaganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya iqtisodiyotida hammasi yaxshi, hozir esa Moskva bu borada hech qanday old shart qoʻymayapti.
“Koʻpchilik rossiyaliklar sanksiyalar Gʻarbga qaramlikdan qaytish uchun foydali, deb hisoblaydi” – deydi u.
Shu bilan birga, Dmitriyev Rossiya va Qoʻshma Shtatlar “muloqot va biznesni birgalikda olib borish uchun ulkan imkoniyatlarga ega ekanligini” taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, AQSH kompaniyalari Rossiyadan chiqib ketgani sababli 300 milliard dollarga yaqin foyda yoʻqotgan.
“Menimcha, AQSH kompaniyalari qaytib kelishni xohlasa, Rossiyadagi biznes imkoniyatlaridan foydalanmoqchi boʻlsa, sanksiyalarni olib tashlanadi”, – deydi u.
Rossiya va AQSH munosabatlarining istiqbollari qanday?
“Bugun va kecha biz koʻp sonli masalalar boʻyicha oldinga uch qadam tashladik. Ammo, albatta, “a” – ular juda koʻp toʻplangan va “b” – uch yil davomida Rossiya va AQSH oʻrtasida deyarli aloqa yoʻq. Shuning uchun muloqot jarayoni, qaror qabul qilish jarayoni biroz vaqt talab etadi”, deydi u.
Maxsus vakilning soʻzlariga koʻra, Rossiya “amerikaliklar bilan bir tilda gaplashish, ularning tashvishlarini tushunish, ularni nima tashvishga solayotganini tushunish” zarurligidan kelib chiqadi, shu bilan birga Moskva esa oʻz manfaatlarini birinchi oʻringa qoʻyadi.
Ukrainadagi sanksiyalar va kelishuvlardan tashqari, Dmitriyev AQSH tomoni bilan Rossiya va AQSHning Arktikadagi oʻzaro hamkorligi, noyob tuproq metallarini qazib olish va “boshqa sohalarda” hamkorlikni, muhokama qilgan.
Bundan tashqari, Moskva va Vashington toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovini tiklash, AQSH kompaniyalari esa Rossiyani tark etgan Yevropa kompaniyalari qoldirgan boʻshliqlarni egallash masalalari muhokama qilinmoqda.
Rasmiyning aytishicha, Rossiya va AQSH oʻrtasidagi yangi muzokaralar sanasi yaqin kelajakda aniqlanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring