Toshkentda oʻpirilib tushgan tunnel yoʻli vaqtincha yopildi

18:20 12 Mart 2026 Jamiyat
521 0

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Avvalroq Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanida Temur Malik va Buyuk ipak yoʻli koʻchalari kesishmasidagi yangi tunnel yoʻli devorining bir qismi oʻpirilib tushgani haqida xabar berilgan edi. Poytaxt hokimligi hodisa ortidan ushbu yoʻlning bir qismi vaqtincha yopilishini maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash hamda zarur texnik ishlarni amalga oshirish maqsadida Temur Malik koʻchasining Mirzo Ulugʻbek koʻchasi bilan kesishmasidan Sultoniya koʻchasi kesishmasigacha boʻlgan qismi barcha avtotransport vositalari harakati uchun vaqtincha yopiladi.

Shu oʻrinda, Buyuk Ipak yoʻli koʻchasi boʻylab harakatlanish cheklanmaydi, biroq Buyuk Ipak yoʻli koʻchasidan Temur Malik koʻchasiga tushish-chiqish yoʻllari vaqtincha yopiladi. Bildirilishicha, ushbu cheklovlar ishlar toʻliq yakunlangunga qadar amal qiladi.

Shu munosabat bilan haydovchilardan yoʻnalishlarni oldindan rejalashtirish, vaqtincha oʻrnatilgan yoʻl belgilariga hamda masʼul xizmatlar xodimlari koʻrsatmalariga qatʼiy rioya etish soʻralgan. Hokimlik, shuningdek, harakat qayta tiklanishi haqida qoʻshimcha axborot berilishini qoʻshimcha qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?