“Tibbiyotda 90 kunlik oʻzgarishlar” dasturi boshlanadi

15:49 07 May 2025 Siyosat
154 0

Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida “Tibbiyotda 90 kunlik oʻzgarishlar” dasturi boshlanishi eʼlon qilindi.

Bunda, viloyat hokimlari kutish joylarida qulay oʻrindiqlarni koʻpaytirib, navbatni tartibga keltirish, “ona-bola” xonalarini tashkil qilish, nogironligi borlar erkin harakatlanishi uchun kirish-chiqish joylari, xona va yoʻlaklarda inklyuziv muhit yaratish, qoʻl yuvishga issiq suvi bor pokiza hojatxonalar tashkil etish uchun masʼul boʻladi.

“Oddiy qilib aytganda, tibbiyot muassasasiga madaniyat, tartib-intizom, fayz olib kirib, odamlarga ijobiy kayfiyat ulashadi”, dedi Prezident.

Bunga har bir viloyat hokimi 10 milliard soʻmdan ajratadi.

Mutasaddilarga bu ishlarni butun respublikada tizimli tashkil qilish, toʻqson kun natijasi boʻyicha Prezidentga batafsil hisobot berish topshirildi.

Yuqumli kasalliklarning 35-40 foizi oddiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga kelayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan barcha maktab, bogʻcha, texnikum, oliygoh, poliklinika va shifoxonalarda “Toza qoʻllar” dasturi amalga oshiriladi. Unga koʻra:

  • taʼlim va tibbiyot tashkilotlaridagi qoʻl yuvish joylari sanitar-gigiyena vositalari bilan toʻliq taʼminlanadi,
  • sharoiti ogʻir boʻlgan 126 ta maktabda hojatxonalar binoni ichida joylashtirilib, yangidan quriladi, 6 mingdan ziyod bogʻchaga geliokollektor olib beriladi;
  • 4 ming 295 ta ijtimoiy muassasada suv baki va sisterna oʻrnatiladi.

Ushbu maqsadlar uchun shu yilning oʻzida byudjetdan 780 milliard soʻm ajratiladi.

Har bir ijtimoiy soha muassasasi toza, ozoda boʻlishi, unda odamlar uchun qulay sanitar-gigiyena sharoiti yaratilishi shartligi qayd etildi.

“Toza qoʻllar” dasturining mohiyati, shaxsiy gigiyena haqida katta targʻibot kampaniyasini tashkil etish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер