“Temir daftar”ni yuritishda noxolisliklar bor...(mi?)
Yaqinda boʻlib oʻtgan Xalq deputatlari Uychi tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi Zafar Xudayberdiyev, mahalliy Kengash deputatlari, sektorlar va tumandagi davlat hamda jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etishdi.
Sessiyada Uychi tumanida aholining ehtiyojmand qatlamini qoʻllab-quvvatlash (“temir daftar”), tadbirkorlikni rivojlantirish, byudjet daromadlarini oshirish va xorijda mehnat qilgan ishsiz fuqarolarni bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar qizgʻin muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masala boʻyicha deputat Zafar Xudayberdiyev oʻz fikrlarini bildirdi:
"Shuni alohida taʼkidlamoqchimanki, sessiya ishi boshlangunga qadar “temir daftar”dan oʻz rozilik xati orqali chiqarilayotgan bir necha oilalarda boʻldim va ular bilan suhbatlashdim. Suhbat davomida ayrim oilalar “temir daftar”dan doimiy daromad manbaiga ega boʻlmasa-da, chiqarib yuborilayotgani, ayrim holatlarda bu daftarga ulardan-da ehtiyojmand oilalarning kiritilmaganligi ham kuzatildi.
Jumladan, mahalla vakillari emas, balki oʻzim tanlagan uyga kirganimda, de-yure boʻlmasa ham, de-fakto 2 ta nogiron borligi, biri 74 yoshli ayol, insult oqibatida yotib qolgani, ikkinchisi, 4 yoshli bolakay, gemiparez bilan ogʻrib, oyoq va qoʻlida nuqsoni borligi, onaxonning oʻgʻil farzandi boʻlmagani bois nabirasining qaramogʻida qolgani va nabiraning topgani oʻzining nogiron farzandini davolatishdan ortmayotganining guvohi boʻldim. Eʼtiborli jihati, bu oila ehtiyojmand oila sifatida daftarga kiritilmagan.
Kuzatuvlarim natijasida olingan maʼlumotlar “temir daftar”ga kiritish va chiqarish yuzasidan quyidagi xulosalar qilishga asos boʻldi:
Birinchidan, aholining ehtiyojmand qatlamini “temir daftar”ga kiritishda noxolisliklar, oilalar sharoitini chuqur oʻrganmaslik holatlari uchraydi.
Ikkinchidan, ehtiyojmand oilalarni “temir daftar”dan chiqarishda doimiy daromad manbaiga ega qilmasdan chiqarib yuborish, jumladan, ishga joylangandan soʻng maosh olgan-olmaganligini, boqish uchun uy hayvonlari olib berilgandan soʻng yoki issiqxona qurib berilgandan soʻng daromadga kirgan-kirmaganligini yoki tikuv mashinasi olib berilgandan soʻng ishlayotgan-ishlamayotganini monitoring qilmaslik holatlari kuzatiladi.
Uchinchidan, mahallalarda “temir daftar”ga nisbatan oilalarga nafaqa puli yoki moddiy yordam ajratishga oʻxshagan tizim sifatida tushunish shakllangan (yaʼni ehtiyojmand oilalarni navbat bilan “temir daftar”ga kiritish va undan chiqarish).
Toʻrtinchidan, “temir daftar”ni yuritilishida “mahalla – deputat – sektor” hamkorlik tizimi talab darajasida yoʻlga qoʻyilmagan. Mahalla masʼullari deputatlarga nisbatan hamkor sifatida emas, balki yana bir nazoratchi sifatida qaramoqdalar. Bunday qarash mahalla masʼullari va deputatlar oʻrtasida yuzaga kelgan muloqot shakli bilan bogʻliq, desak yanglishmagan boʻlamiz.
Xullas, aholining ehtiyojmand qatlamini qoʻllab-quvvatlashda mahalla masʼullari, deputatlar va sektor rahbarlari ijtimoiy sherik sifatida bahamjihat ish yuritmas ekanlar, aholini rozi qilishdek mashaqqatli va masʼuliyatli jarayonda muammolar yuzaga kelaveradi".
Sessiyada mazkur muammolarni yechishda deputatlarning faol boʻlishlari, amalga oshirilayotgan bu jarayonlar saylovchilar ishonchini oqlash uchun yana bir imkoniyat ekanligi borasida tavsiyalar berildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring