Suv taqchilligini kamaytirishning yoʻli bor
Maʼlumotlarga koʻra, toʻqsoninchi yillarda respublikamiz aholisi 20 million nafardan ortiqroqni, iqtisodiyot tarmoqlarida sarflangan suv hajmi 64 milliard kub metrni tashkil etgan. Joriy yilga kelib esa aholi soni 34 million nafarga yetdi. Lekin iqtisodiyot tarmoqlarida 52 — 54 milliard kub metr miqdorida suv ishlatilishi kutilmoqda.
Bu nima degani? Bu shuni anglatadiki, yillar oʻtib, aholi soni va ehtiyoj koʻpaygani bilan suvdan foydalanish imkoniyatimiz kamaymoqda. Demak, hayot manbai hisoblangan suvdan yana-da tejab-tergab foydalanishni, sugʻorish ishlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishni davrning oʻzi taqozo etyapti. Isteʼmol qilinayotgan obihayotning 90 foizdan ziyodi qishloq xoʻjaligi hissasiga toʻgʻri kelayotganini inobatga olsak, faqat suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllash orqali maʼlum natijaga erishish mumkin.
Bosqichma-bosqich joriy qilinadi
Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida suvdan foydalanish, soha samaradorligini oshirish yuzasidan Suv xoʻjaligi vazirligi oldiga bir qator vazifalarni qoʻygan edi.
— Shundan kelib chiqib, bugungi kunda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, sugʻorish tizimlariga ilgʻor ishlanma va texnologiyalarni qoʻllash choralari koʻrilyapti, —deydi suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamroyev. — Xususan, bu yil respublikamiz boʻyicha 44 ming gektardan ortiq yerga suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllash, jumladan, 24,8 ming gektar paxta maydonini tomchilatib sugʻorishga oʻtkazish rejalashtirilgan. Mazkur sohada davlat qoʻllab-quvvatlovi, xususan, subsidiyalar ajratilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Joriy yilda ham suv tejovchi texnologiyalarni tatbiq qilishni qoʻllab-quvvatlash uchun 300 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi. Qishloq xoʻjaligi ekin turi, sugʻorish texnologiyasi va yerning bonitet ballidan kelib chiqib, tomchilatib sugʻorish tizimlari uchun gektariga 8 million soʻm, yomgʻirlatib sugʻorish tizimlari uchun 4 million soʻm, diskretli sugʻorish uchun 1 mil¬lion soʻmdan mablagʻ yoʻnaltirish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan paxta xom ashyosi ishlab chiqaruvchilariga tomchilatib sugʻorish tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlari tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasidan bir gektarga 20 million soʻmdan oshmaydigan qismining 10 foizi miqdorida qoplab berilmoqda.
Umuman, respublikamizda hozirgi kunga qadar 130 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar tatbiq etilgan boʻlib, shundan tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilingan hudud 77,4 ming gektarni tashkil etadi. 2020-yil yana 250 ming gektar yerda shunday texnologiyalar tatbiq qilinadi. Jarayon shu tartibda davom etib, tejamkor texnologiyalar qoʻllaniladigan maydonlar 2025-yilga borib 1 million gektarga, tomchilatib sugʻoriladigan yerlar esa 250 — 300 ming gektarga yetkaziladi.
Obihayot sarfi onlayn kuzatiladi
Yilning qanday kelishini hammadan koʻra dehqonlarimiz yaxshi bilishadi. Yaʼni bir mavsumda suv yetarli boʻlsa, keyingi yili taqchillik sezilishi mumkin. Yurtimizda olinadigan hosil choʻgʻi koʻproq ob-havoga, yaʼni yogʻingarchilikka bogʻliqligini inobatga ¬olsak, suv xoʻjaligi obyektlarini boshqarish, suvni nazorat qilish va uning hisobini ¬yuritish tizimini avtomatlashtirish biz uchun nihoyatda muhim. Shu bois vazirlik tizimida ushbu yoʻnalishdagi ishlarga ham jiddiy eʼtibor berilyapti. Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan birgalikda respublikamizning asosiy yillik suv obyektlariga zamonaviy “Aqlli suv” tizimi joriy qilinayotgani ana shunday saʼy-harakatlar sirasiga kiradi. Natijada oʻtgan yili KOICAning grant mablagʻi evaziga moliyalashtirilayotgan loyiha doirasida 61 obyektga suv sarfini onlayn kuzatish imkonini beruvchi qurilmalar oʻrnatildi. Ushbu tizim 2020-yilda yana 90 ta obyektga qoʻyiladi va ular sonini 2025-yilda 300 taga, 2030-yilga borib esa 1000 taga yetkazish koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, sizot suvlari sathi va minerallashuvi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni onlayn uzatish, monitoring yuritish hamda sugʻoriladigan maydonlarning meliorativ holatini baholash tizimini yaratish maqsadida bu yil 2 mingta, 2025-yilda 6 mingta, 2030-yilgacha esa 27 mingdan ziyod kuzatuv quduqlarida geoaxborot tizimlari qoʻyiladi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda koʻplab suv xoʻjaligi obyektlarini boshqarish jarayoni avtomatlashtiriladi.
Suv xoʻjaligidagi ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish, ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari uchun oʻn yil ichida 5 mil¬liard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Konsepsiyada hammasi aks etadi
Davlatimiz rahbari Murojaatnomasida, shuningdek, Suv xoʻjaligini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish va uni joriy yilning 1-apreliga qadar tasdiqlash uchun ¬kiritish lozimligi qayd etilgan. Shundan kelib chiqib,Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining grant mablagʻlari hisobiga xalqaro ekspertlar hamda suv xoʻjaligi sohasi uchun istiqbolni belgilovchi hujjatlarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan Avstraliyaning “Aither” kompaniyasi mutaxassislarini jalb qilgan holda, hujjat loyihasi tayyorlandi. U normativ-huquqiy hujjatlar lo¬yihalari muhokamasi portalida jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Loyiha bir qator dolzarb yoʻnalishlarni oʻz ichiga olgan. Xususan, unda tejamkor texnologiyalarni jadal joriy etish, sohada avtomatlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish, irrigatsiya tarmoqlarida taʼmirlash-tiklash va betonlashtirish ishlarini amalga oshirish orqali ularning foydali ish koeffitsiyentini hozirgi 0,63 dan 0,73 gacha yetkazish, bir million gektardan ortiq maydonlarning suv taʼminotini yaxshilash, melioratsiya obyekt-larini qurish va rekonstruksiya qilish, taʼmirlash-tiklash evaziga shoʻrlangan ¬maydonlarni har yili bir foizga kamaytirish hamda 298,5 ming gektar foydalanishdan chiqqan maydonlarni qayta foydalanishga kiritish vazifasi qoʻyilmoqda.
Shuningdek, 2030-yilgacha xizmat muddatini oʻtab boʻlgan nasos agregatlari va dvigatellarni energiya tejamkorlariga almashtirish hamda jihozlash evaziga elektr energiyasi isteʼmolini hozirgi 8,0 mlrd. kVt. soatdan 6,0 mlrd. kVt. soatgacha qisqartirishga erishiladi. 50 ta suv xoʻjaligi obyekti davlat-xususiy sheriklik asosida ¬xususiy sektorga berish moʻljallanyapti.
Albatta, har bir sohada yangiliklar qoʻllanilishi uning huquqiy asoslarini takomillashtirishni ham talab etadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi raisi Ravshan Mamutovning aytishicha, bugungi kunda suv va suvdan foydalanish borasidagi qonungaoʻzgartishlar kiritilishi zarur. Shu maqsadda joriy yilning birinchi iyuligacha taklif tayyorlash yuzasidan ishchi guruhi tuzilib, muhokama boshlangan. Bundan tashqari, 2022-yilning 1-yanvariga qadar Suv kodeksini ishlab chiqish ham moʻljallangan.
Bulardan koʻrinadiki, Oʻzbekiston sharoitida suvdan foydalanish dolzarb masala. Demak, obihayotni qanchalik tejasak, isrofgarchiliklarning oldini olsak, barchamiz uchun shunchalik foydali. Zero, suv — rizq-roʻzimiz manbai. Amalga oshirilgan va istiqbolga rejalashtirilgan ishlar ayni shunday ezgu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Isteʼmol qilinayotgan suvning 90 foizdan ortigʻi qishloq xoʻjaligi hissasiga toʻgʻri keladi.
Suv xoʻjaligini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi.
2020-yilda 90 ta obyektga “Aqlli suv” tizimi joriy etilsa, ular soni 2025-yilda 300 taga, 2030-yilga borib 1000 taga yetkaziladi. 50 ta suv xoʻjaligi obyekti davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga beriladi.
Dilshod ULUGʻMURODOV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring