Superkubok oʻyini va vodiy derbisi

16:04 03 Mart 2026 Sport
509 0

Oʻzbekistonda yangi futbol mavsumi start oldi. Fevral oyining soʻnggi kunlarida bir qator murosasiz bahslarga guvoh boʻldik. Mart oyida ham bizni bir qator qiziqarli oʻyinlar kutmoqda.

Bunyodkor — Dinamo

Birinchi turda muhim gʻalabaga erishgan Bunyodkor jamoasi ikkinchi turni oʻz maydonida oʻtkazadi. 6-mart kuni boʻlib oʻtadigan ushbu bahsda qaldirgʻochlarga dastlabki turda magʻlubiyatga uchragan Samarqandning Dinamo jamoasi raqiblik qiladi.

Ushbu jamoalar oʻrtasidagi oʻtgan yilgi toʻqnashuvlar ham juda qiziqarli oʻtgan. Bunyodkor mezbonligi ostida oʻtgan bahsda Vadim Abramov boshchiligidagi Dinamo, Samarqandda oʻtgan bahsda esa Ilyos Zeytullayev boshqaruvidagi qaldirgʻochlar gʻalaba qozongan edi. Koʻramiz, jamoalarning bu galgi toʻqnashuvida qaysi jamoa zafar quchar ekan.

Paxtakor — Navbahor

Mavsumni juda yaxshi boshlagan Toshkentning Paxtakor va Namanganning Navbahor klublari Superliganing 3-turi doirasida oʻzaro toʻqnash keladi. Uchrashuv 10-mart kuni Paxtakor stadionida boʻlib oʻtadi.

Ayni vaqtda har ikki jamoani ham istiqbolli mutaxassislar Timur Kapadze va Kamoliddin Tojiyev boshqarmoqda. Ular oʻzlarining qisqa faoliyatlari davomida katta muvaffaqiyatlarga erishishni uddalashdi. Kapadze terma jamoani Jahon chempionatiga olib chiqqan boʻlsa, Tojiyev Paxtakor bilan Oʻzbekiston kubogini qoʻlga kiritdi. Ushbu mutaxassislar va ular boshqaruvidagi jamoalardan bu yil ham koʻpchilik ijobiy natijalar kutmoqda. Bu oʻyin esa jamoalar uchun ham, murabbiylar uchun ham jiddiy sinov boʻlishi aniq.

Andijon — Neftchi

Superliganing 3-turi doirasida muxlislar vodiy derbisiga guvoh boʻlishadi. Mazkur bahsda Samvel Babayan boshchiligidagi Andijon klubi musobaqaning amaldagi chempioni Fargʻonaning Neftchi klubi bilan toʻqnash keladi.

Mazkur qarama-qarshilik har doim keskin va murosasiz ruhda oʻtib kelgan. Vodiy jamoalari oʻrtasidagi bellashuv nafaqat uch ochko, balki prinsipial ustunlik uchun ham ahamiyatli hisoblanadi.

Har ikki jamoa uchun mavsum omadli boshlandi. Andijon ham, Neftchi ham yirik gʻalabaga erishdi. Shunday ekan, jamoalarda kayfiyat yuqori. 3-tur doirasidagi ushbu uchrashuv Superliga muxlislariga yorqin va esda qolarli futbol taqdim etishi shubhasiz.

Dinamo — Nasaf

Mavsumni qiyin gʻalaba bilan boshlagan Nasaf klubi musobaqaning uchinchi turi doirasida Samarqandda Dinamo mehmoni boʻladi.

Ushbu jamoalar oʻrtasida oʻtgan yili boʻlib oʻtgan har ikki bahs futbol jamoatchiligi tomonidan juda katta qiziqishga sabab boʻlgan edi. Ayniqsa, soʻnggi turda boʻlib oʻtgan bahs uchinchi oʻrin taqdirini hal etgan va oʻz maydonida muhim durangni qoʻlga kiritgan Nasaf klubi yakunda bronza medallarga ega chiqqandi. Xoʻsh, Dinamo ushbu holat uchun oʻz muxlislari qarshisida gʻalaba qozonish orqali revansh oladimi yoki Nasaf muvaffaqiyatli seriyasini davom ettiradimi? Buni 11-mart kuni bilib olamiz.

Neftchi — Paxtakor

Mart oyining bezagiga aylanishi kutilayotgan oʻyin 15-mart kuni Andijon viloyatida joylashgan Bobur arena stadionida boʻlib oʻtadi. Shu kuni Oʻzbekiston Superkubogi uchun Superliganing amaldagi chempioni boʻlgan Fargʻonaning Neftchi klubi mamlakat kubogi musobaqasining 2025-yilgi sohibi Toshkentning Paxtakor klubiga qarshi oʻynaydi.

Bu yil juda koʻplab mutaxassislar tomonidan bu ikki jamoa Oʻzbekiston Superligasi gʻolibligi uchun asosiy daʼvogarlar qatorida eʼtirof etilmoqda. Shunday ekan, mazkur bahsda qozonilajak gʻalaba jamoaga nafaqat Oʻzbekiston Superkubogini keltirishi bilan, balki Superligada ham gʻoliblik ruhiyatini berishi bilan ahamiyatlidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?