Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari ragʻbatlantiriladi

11:12 25 Aprel 2020 Hujjatlar
3002 0

“Koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini yana-da ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning hududiy boʻlinmalari tibbiyot xodimlarining:

- lavozim maoshiga mehnatning sogʻliq uchun xavfliligi va ogʻir sharoitlari uchun belgilanadigan qoʻshimcha toʻlovlar miqdori tegishincha 15 foizdan 50 foizga hamda 40 foizdan 75 foizga oshiriladi;

- mehnatga haq toʻlash razryadlari boʻyicha tarif koeffitsiyenti 5 foizga oshirgan holda qoʻllanadi.

Mazkur moddiy ragʻbatlantirish choralari 2020-yilning 16-martidan boshlab, respublikada koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlari rasman toʻxtatiladigan oy yakuniga qadar amal qiladi.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb etilgan davrda Agentlik va uning hududiy boʻlinmalari tibbiyot xodimlari uchun oylik lavozim maoshiga nisbatan 6 foiz miqdorida kunlik qoʻshimcha toʻlov, shuningdek, qonunchilikda koʻzda tutilgan boshqa ustamalarni olish huquqi saqlanib qoladi.

Qarorga koʻra, Agentlikning markaziy apparatida Moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etish boshqarmasi tashkil etildi.

Qaror bilan Bosh davlat sanitariya vrachlariga karantin davrida, davlat va nodavlat tibbiyot muassasalarining tibbiyot va boshqa xodimlarini jalb qilgan holda epidemiyaga qarshi vaqtinchalik otryadlarni tashkil etish huquqi berildi.

Karantin davrida vaqtinchalik otryadlar tarkibiga jalb etilgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlarining asosiy ish joyidagi mehnatga haq toʻlash tartibi, shartlari va miqdorlari saqlanib qoladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?