Samarqand viloyatida “Nafosat” festivali oʻtkazildi
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi tashabbusiga binoan «Oʻztoʻqimachiliksanoat» uyushmasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik markazi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mamlakatimiz viloyatlarida aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida kiyinish madaniyatini yana-da rivojlantirishga qaratilgan “Nafosat” festivali oʻtkazilmoqda. Shu jumladan, kuni kecha Samarqand viloyatida ham boʻlib oʻtdi.
Mazkur festivalning dastlabki kunida Samarqand shahridagi “Yoshlar markazi” binosida dizayner va hunarmandlar tomonidan yaratilgan milliy liboslar koʻrgazmasining ochilishi boʻlib oʻtdi. Unda soʻzga chiqqanlar soʻnggi yillarda jamiyatimizda xotin-qizlarning mavqeini yana-da yuksaltirish, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash masalalari davlatimiz siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilanganligini alohida taʼkidladi.
Xususan, ijtimoiy hayotda ayollarning oʻrni ortib borgan sari ularning kiyinishiga, tashqi koʻrinishiga eʼtibor ham asosiy oʻringa chiqishi alohida qayd etildi. Bugungi kunda xotin-qizlar oʻrtasida milliy va zamonaviy ruhdagi, mentalitetimizga mos ravishdagi kiyimlar andozasini muntazam targʻib qilib borishni davrning oʻzi taqozo etayotganiga urgʻu berildi.
Bundan tashqari, oʻzbekistonlik dizaynerlar, yoshlar hamda soha mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ilgʻor ishlab chiqarish korxonalari faoliyati toʻgʻrisidagi “Made in Uzbekistan” nomli lavha namoyish etildi.
Qolaversa, festival doirasida “Ayollar va yoshlar orasida kiyinish madaniyati” mavzusida seminar-trening oʻtkazilib, unda bir qator mahalliy mutaxassislar, ilgʻor dizaynerlar “Moda va anʼanalar” hamda “Yetakchi mutaxassislar va oʻzbek dizaynerlari tomonidan zamonaviy oʻzbek ayolining imiji” kabi bir qancha dolzarb mavzular yuzasidan oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.
Festival doirasida “Samarqand milliy liboslari tarixi” modalar namoyishi boʻlib oʻtdi. Unda Samarqand viloyati “Hunarmand” hamda “Tadbirkor ayol” uyushmalari vakillari mazkur sohani yana-da rivojlantirish, yoshlar oʻrtasida milliy va zamonaviy ruhdagi, mentalitetimizga mos ravishdagi kiyimlar andozasini yaratish va uni muntazam ravishda targʻib qilib borish borasida oʻz mulohazalarini bildirib oʻtdi.
Qolaversa, “Bibixonim” oʻquv markazi tomonidan liboslar namoyishi oʻtkazilib, tadbir davomida yigʻilganlarga “Samarqand milliy liboslari”, “Farida”, “Zamonaviy kiyimlar”, “Maftunkor oʻzbek ayoli” kolleksiyalar toʻplamlari namoyish etildi.
Tadbirning ikkinchi kunida esa festival ishtirokchilari “Bibixonim” yetakchi oʻquv markazi bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, “Zamonaviy oʻzbek modasi, anʼanalar va yangi dizaynlar” deb nomlangan modalar va yetakchi oʻzbek dizaynerlari tomonidan tayyorlangan yangi kolleksiyalar namoyishlari ham oʻtkazildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring