Sayyohlarning sevimli maskani Maydanak
Qamashi tumanining Maydanak baland togʻ platosida joylashgan Maydanak observatoriyasi noyob turistik obyektlardan biriga aylanmoqda. 1970-yilda Maydanak baland togʻ platosining dengiz sathidan qariyb 2700 balandlikdagi ikki choʻqqisida ikkita observatoriya barpo etilgandi. Ular nafaqat texnologik imkoniyatlari, balki hududdagi astroiqlimining noyobligi boʻyicha ham jahonning eng oldi observatoriyalaridan hisoblanadi. Ayni paytda Maydanak togʻining gʻarbiy qismida joylashgan asosiy observatoriyada ilmiy izlanishlar davom etayotgan boʻlsa, sharqiy qismdagi ikkinchi observatoriya uzoq yillardan buyon faoliyat yuritmayotgandi.
2023-yilning 24-25-oktyabr kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Maydanak observatoriyasi joylashgan hududda turizm zonasini barpo etish boʻyicha bergan topshiriqlariga asosan faoliyati toʻxtab qolgan ikkinchi observatoriyani qayta taʼmirlab, astroturistik obyektga aylantirish, hududda yirik sayyohlik majmuasini barpo etish boʻyicha ishlari boshlab yuborildi. Natijada tuman markazidan 80 chaqirim uzoqlikda, baland togʻ choʻqqilari ortida joylashgan bu hudud gavjum maskanga aylanib bormoqda.
– Ilgari bu joylarga oddiy transport vositasida kelishning imkoni boʻlmagan, – deydi tadbirkor Bahrom Ashurov. – Maydanak turizm zonasini qurish boʻyicha loyihalar ilgari surila boshlangach, avvalo hududga olib keladigan yoʻllarda keng qamrovli taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Togʻ yoʻllarida transport vositalarining xavfsiz harakatlanishi uchun sharoit yaratildi. Bugun hududga turistik xizmatlarni koʻrsatish uchun sarmoya kiritayotgan tadbirkorlar soni ham, sayyohlar soni ham ortib bormoqda. Biz ham oʻtgan yili Maydanak observatoriyasiga olib boradigan yoʻl boʻyidan joy olib, oʻtov uylar barpo etgandik. Birinchi yil mijozlar ancha kam boʻlsa, joriy mavsumda ularning soni sezilarli darajada oshdi. Chunki bu yerdagi goʻzal va sokin manzara, toza havo, yozda ham doim esib turadigan salqin shabadani boshqa joydan topish qiyin.

Tumanning eng olis hududlaridan biri Katta oʻra qishlogʻidan oʻtib, togʻ choʻqqilari sari chiqib borarkansiz, koʻz oʻngingizda hududning betakror manzarasi namoyon boʻladi. Sayyohlar oqimi koʻpayayotgani bu chekka hududlarda ham hayot jonlanayotgani, aholiga tadbirkorlik qilish, qoʻshimcha daromad topish imkoniyatlari kengayib borayotganidan quvonasiz.
– Ushbu mahsulotlarni avval ham yetishtirardik, ammo isteʼmoldan ortiqchasini sotish haqida oʻylamaganmiz, – deydi shu qishloqlik Aziz Nazarov. – Chunki qishloqda bu narsalar hammada bor, tuman markaziga olib borib sotish esa qoplamasdi. Hozir koʻpchilik yoʻl boʻyiga olib chiqib, sayyohlarga sotyapti. Bu boshlanishi, turizm zonasi toʻliq ishga tushgach, bizda bu turdagi tadbirkorlik yanada rivojlanishiga ishonchim komil.
Yoʻlda davom etarkanmiz, nihoyat Maydanak togʻining ikki choʻqqisida qad rostlab turgan observatoriyalar koʻzga tashlanadi. Ulardan turizm obyektiga aylantirilayotgan observatoriya. Ayni paytda bu yerda qurilish-bunyodkorlik ishlari avjida. Ayni vaqtga qadar qariyb 60 gektarlik katta maydonni oʻz ichiga oladigan turistik zona hududida ikkita vertolyot qoʻnish maydonchasi, 10 ta bungalo, 10 ta shale uslubidagi kottejlar, 20 ta kapsula uylar qurilib, oxirgi pardozlar ishlari olib borilmoqda. Zarur yoʻlaklar, tungi yoritish chiroqlari zamonaviy andozalar asosida barpo etilgan. Sayyohlar observatoriyada mamlakatimizda astronomiya ilmining rivojlanish tarixi bilan tanishish, zamonaviy teleskoplar yordamida osmon jismlari harakatlarini kuzatish imkoniyatiga ega.

– Observatoriyaning birinchi qavati muzeyga aylantiriladi, – deydi Maydanak baland togʻ turistik markazi bosh mutaxassisi Alisher Roʻziqulov. – Unga shu vaqtga qadar sohada qilingan ishlar tasvirlangan foto suratlar va boshqa eksponatlar joylashtiriladi. Ikkinchi qavatimizda eng zamonaviy texnologiyalar asosida osmon jismlarining jonli tasvirlari koʻrsatiladi. Sayyohlar teleskop yordamida osmon jismlari, sayyoralarni oʻzlari vizual koʻz bilan koʻrish imkoniyatiga ega boʻladi.
Bugun Maydanakda amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlarining hajmi va qamrovini koʻrib, tez orada bu hudud nafaqat viloyat, balki mamlakatimizdagi eng yirik turizm maskanlaridan biriga aylanishiga amin boʻlamiz. Buning ortidan minglab yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Hudud iqtisodiyoti katta daromad keltiradigan yana bir muhim tarmoqqa ega boʻladi.
Jahongir BOYMURODOV
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Saida Mirziyoyeva Bryusselda Yevropa Ittifoqi komissari bilan uchrashdi
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring