Sabr va sadoqat timsoli
Harbiylik — bu nafaqat kasb, balki butun umrga tanlangan sharafli yoʻldir. Bu fidoyilik, masʼuliyat va qatʼiyatni talab etadi. Eng muhimi, bu yoʻlni harbiy bilan birga uning oilasi ham bosib oʻtadi. Shu bois harbiy oilani sabr, matonat va birdamlikning haqiqiy namunasi, deyish mumkin.
Men harbiy sohada 16-yildan buyon xizmat qilib kelmoqdaman. Shu yillar davomida Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida sidqidildan xizmat qilish bilan birga, oilaviy hayotimiz ham harbiy xizmat bilan uzviy bogʻliq boʻlib keldi. Xizmat faoliyatim sababli turli hududlarda yashashimizga toʻgʻri keldi.
Xususan, Jizzax viloyati Baxmal tumani hamda Sirdaryo viloyati Shirin shahrida istiqomat qildik. Bir joydan ikkinchi joyga koʻchish, yangi muhitga moslashish oson emas. Ammo qayerda boʻlmaylik, oilam doimo yonimda boʻldi. Ana shu birdamlik menga har qanday vazifani masʼuliyat bilan bajarishga kuch bagʻishladi.
Harbiy xizmatning oʻziga xos jihatlaridan biri — uzoq xizmat safarlari, kechayu kunduz davom etadigan vazifalardir. Bu paytlarda oila sogʻinchi yanada kuchayadi. Ayniqsa, turmush oʻrtogʻim zimmasiga katta masʼuliyat tushadi. Farzandlar tarbiyasi, uy-roʻzgʻor yumushlari, kundalik tashvishlar asosan uning zimmasida boʻladi. Bu esa ulkan sabr, matonat va fidoyilikni talab etadi. Shukrki, turmush oʻrtogʻim ana shunday fazilatlarga ega.

Biz uch nafar farzand — ikki qiz va bir oʻgʻilni tarbiyalab voyaga yetkazmoqdamiz. Farzandlarimizni bilimli, tarbiyali va Vatanga sadoqat ruhida voyaga yetkazish eng muhim maqsadimizdir. Ularning har bir yutugʻi oilamiz uchun eng katta baxt va faxr hisoblanadi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda harbiy xizmatchilar va ularning oilalari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar alohida eʼtiborga loyiq. Uy-joy masalasi, ijtimoiy himoya, farzandlar taʼlimiga qaratilayotgan imkoniyatlar harbiylarning xizmatga boʻlgan masʼuliyatini yanada oshirmoqda.
Oʻz kasbimdan faxrlanaman. Chunki Vatan xizmati — oliy burch va sharaf. Harbiy oila esa shu sharafli yoʻlning eng ishonchli tayanchidir.
Abdullo MIRAHMEDOV,
podpolkovnik.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring