Rossiyada qiyin ahvolda qolgan ona va bola Oʻzbekistonga qaytarildi

14:46 18 Fevral 2026 Jamiyat
352 0

Rossiyada qiyin ahvolda qolib ketgan on va bola Oʻzbekistonga qaytarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Unda aytilishicha, Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan Oʻzbekiston fuqarolarini Vatanga qaytarish boʻyicha navbatdagi kechiktirib boʻlmaydigan amaliy chora-tadbir amalga oshirilgan.

Maʼlum boʻlishicha, yosh ona Rossiyaning migratsiya qonunchiligini buzgani uchun Novosibirsk huquq-tartibot idoralari tomonidan qoʻlga olingan va Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan. Onaning qiz farzandi esa bu vaqt davomida Novosibirskdagi “Oila” oila va bolalarga yordam koʻrsatish markazida, bosh konsul nazorati ostida boʻlgan.

Shundan soʻng, Bosh konsulxona diplomatlarining tezkor harakatlari natijasida qizaloq uchun barcha zarur hujjatlar olinib, kecha, 17-fevral kuni Novosibirsk xalqaro aeroportiga olib kelingan va u yerda onasi bilan uchrashtirilgan.

Shu kunning oʻzida ona va bola “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining “Novosibirsk–Fargʻona” reysi bilan Vatanga qaytarilgan.

“Ushbu chora-tadbirlar Oʻzbekistonning xorijdagi fuqarolarining huquq va manfaatlarini xalqaro majburiyatlar va qabul qiluvchi davlatlar qonunchiligiga rioya qilgan holda himoya qilishga qaratilgan izchil siyosatini aks ettiradi”, — deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?