“Real Madrid”dan yirik gʻalaba, “Manchester Siti”dan sensatsion natija
Kecha, 20-yanvar kuni Yevropa chempionlar ligasi musobaqasining 7-tur oʻyinlari start oldi. Kun doirasidan oʻrin olgan muhim bahslarga toʻxtalib oʻtamiz.
Turda 2 ta sensatsion natija kuzatildi. Dastlab, Pep Gvardiola boshchiligidagi “Manchester Siti” jamoasi Norvegiyada “Bude-Glimt” klubi bilan kuch sinashdi. Oʻyin oldidan “shaharliklar” Chempionlar ligasi turnir jadvalida 4-oʻrinni egallab turgan edi. Ammo bu galgi oʻyin omadli chiqmadi.
Bahs musobaqada 35-oʻrinni egallab turgan “Bude-Glimt” klubining 3:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.
Dastlab birinchi boʻlimning 24 va 26-daqiqalarida Norvegiya klubining daniyalik hujumchisi Kasper Hyoyg 2 ta gol kiritib, jamoasini tanaffusga gʻolib holatda olib chiqib ketgan edi.
Ikkinchi boʻlimning 58-daqiqasida Yens Petter jamoasining uchinchi golini kiritdi. Ordan 2 daqiqa oʻtib, Rayan Cherki “Manchester Siti”ning yagona javob golini kiritdi.
62-daqiqada Pep Gvardiola jamoasining oʻyinida asosiy vazifalardan birini bajarayotgan Rodri qoʻpolligi sababli maydondan chetlatildi. Shu tariqa bahs 3:1 hisobida maydon egalarining gʻalabasi bilan yakunlandi.
Ikkinchi sensatsion natija esa Lissabon shahrida oʻtgan oʻyinda kuzatildi. Unda “Sporting” klubi musobaqaning amaldagi chempioni PSJ jamoasini qabul qildi.
Oʻyin hujumkor ruhda oʻtdi. Ammo 75-daqiqaga qadar hisob ochilmadi. Ushbu daqiqaga kelib, Luis Xavyer Suares hisobni ochdi. Ordan 4 daqiqa oʻtib, Xvicha Kvarasxeliya hisobni tenglashtirdi.
Oʻyin asosiy vaqtining soʻnggi daqiqasida Suares bahsdagi ikkinchi golini kiritdi. Shu tariqa bahs mezbonlarning sensatsion gʻalabasi bilan yakunlandi.
9 kun oldin bosh murabbiyini isteʼfoga chiqargan va shu voqeadan 2 kun oʻtib, Ispaniya Qirol kubogi musobaqasidan chiqib ketgan “Real Madrid” klubining ham Alvaro Arbeloa boshchiligida Chempionlar ligasida oʻtkazgan dastlabki oʻyini muvaffaqiyatli chiqdi.
Oʻyin oldidan turnir jadvalida 7-oʻrinni egallab turgan “qirollik klubi” ushbu gʻalaba evaziga 2-oʻringacha koʻtarilib oldi.
“Monako”ga qarshi kechgan oʻyin 6:1 hisobida yakunlandi. Arbeloa jamoasidan gollarga Kilian Mbappe (2 ta), Franko Mastantuono, Jud Bellingem va Vinisius Junior mualliflik qildi. Yana bir gol avtogol sifatida Tilo Kerer hisobiga yozildi. “Monako”ning yagona javob goliga esa Jordan Teze mualliflik qildi.
Turning markaziy oʻyinida “Inter” klubi APL va Yevropa chempionlar ligasi yetakchisi “Arsenal” jamoasini qabul qildi. Uchrashuv kutilganidek, mehmonlarning ustunligi ostida oʻtdi.
Oʻyinda hisob 10-daqiqada Gabriel Jezus tomonidan ochildi. Ordan 8 daqiqa oʻtib, Petar Suchich hisobni tenglashtirdi. 31-daqiqada Jezus jamoasini tanaffusga gʻalaba bilan chiqib ketishini taʼminlovchi golni kiritdi. Ikkinchi boʻlimning 84-daqiqasida Viktor Gyokeresh jamoasining oʻyindagi uchinchi golini kiritdi. Shu tariqa oʻyin 3:1 hisobida Mikel Arteta jamoasining gʻalabasi bilan yakunlandi.
Tur doirasida boʻlib oʻtgan boshqa oʻyinlar natijalari bilan quyida tanishishingiz mumkin:
“Qayrat” (Qozogʻiston) — 1:4 “Bryugge” (Belgiya);
“Kopengagen” (Daniya) — 1:1 “Napoli” (Italiya);
“Olimpiakos” (Gretsiya) — 2:0 “Bayer” (Germaniya);
“Tottenhem” (Angliya) — 2:0 “Borussiya Dortmund” (Germaniya);
“Vilyarreal” (Ispaniya) — 1:2 “Ayaks” (Niderlandiya).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring