Quyoshli har bir kun gʻanimat
Foto: “Xalq soʻzi”
Ob-havoning keskin oʻzgarishi va koʻklamning seryogʻinligi bugun koʻpchilikni, ayniqsa, Navoiy viloyatining qariyb olti yuz nafarga yaqin ehtiyojmand oilasi vakillarini tashvishga solmoqda. Boisi, ular davlatimiz rahbarining oʻtgan yili 23-noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida ochiq elektron tanlov orqali ekin maydonlarini ijaraga olib, ulkan niyatlar bilan qulay fursatni kutmoqdalar.
Mazkur qaror asosida 2022 – 2025-yillarda Navoiy viloyati boʻyicha fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi past hosilli, paxta va gʻalla ekinlaridan qisqartirilgan 19 ming 560 gektar yer maydoni 0,25 gektardan 2 gektargacha boʻlgan oʻlchamda ijara huquqi asosida berilishi belgilangan va hozirda shundan 7 ming 823 gektari ochiq elektron tanlovlar orqali oʻz egalarini topgan.
— Bizga berilgan imkoniyat faqatgina yer maydoni ajratilishi bilan chegaralangan emas, — deydi Qiziltepa tumani «Bobodoʻgʻi» MFYda yashovchi Istam Orziqulov. — Imtiyozli kredit olish, suv, koʻchat va urugʻlik, oʻgʻit taʼminoti — barcha-barchasida koʻmaklashish nazarda tutilgan. Faqatgina sidqidildan mehnat qilib, daromad olish, oʻz hayotimizni oʻzimiz farovonlashtirish zimmamizda qolgan.
Albatta, yerni ijaraga olish fuqaroning huquqi boʻlishi bilan birga unga bir qator burch va majburiyatlarni ham yuklaydi. Chunonchi, yerdan unumli foydalanish, har qarichini daromad va bandlik manbai sifatida qadrlash, agrotexnik tadbirlarni obi-tobida oʻtkazish, uni boshqaga ijaraga berish va sotish yoki boshqa tarzda oʻzgaga oʻtkazishga urinmaslik, unumdorligini saqlash va oshirish, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini soz holatda saqlash shular jumlasidandir.
— Ijaraga berilgan yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan tayyorlangan metodik qoʻllanma shu kungacha viloyatimizdagi har bir yer ijarachilariga yetkazildi, — deydi Navoiy viloyat sudining matbuot xizmati rahbari Aziza Roʻziyeva. — Viloyat sudi sudya va mutaxassislari ularning har biri bilan yuzma-yuz muloqot oʻtkazib, tashvishga solayotgan masalalarda huquqiy maslahatlar berdilar va amaliy yordam koʻrsatildi. Shuningdek, ijaraga oluvchi tomonidan yerdan oqilona foydalanmaslik ijara shartnomasini sud orqali muddatidan oldin bekor qilishga sabab boʻlishi tushuntirildi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz, mazkur tadbir tizimli ravishda 2025-yilga borib qishloq hududlarida ulkan klasterlar faoliyatini yoʻlga qoʻyishni nazarda tutadi. Bu agrar sektorda barqarorlikni, ijtimoiy hayotda aholi bandligini taʼminlash maqsadlari roʻyobiga xizmat qiladi.
Temur ESHBOYEV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
- Surxondaryoda 3 ming yillik shahar qoldiqlari topildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring