Qoidabuzarga tegishli chora koʻrildi
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Navoiy shahridagi Islom Karimov koʻchasi boʻylab harakatlanib kelayotgan “Lasetti” avtomashinasi shahardagi “Gulbozor” savdo majmuasi hududida tungi navbatchilikni olib borayotgan viloyat IIB jamoat xavfsizligi xizmati YHXB xodimlari diqqatini tortadi.
Avtomashina haydovchisi YPX xodimining toʻxtash ishorasiga boʻysunmasdan harakatni davom ettirgach, transport vositasi kuzatuvga olinib, “Yoshlik” mehmonxonasi hududida toʻxtatiladi.
— Avtomashina haydovchisining shaxsiga aniqlik kiritilib, undan hujjatlari taqdim etilishi soʻralganida, avtomashina qidiruvda ekanligi, haydovchining avtotransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomasi yoʻqligi aniqlandi, — deydi Navoiy viloyati IIB Axborot markazi rahbari Fayozjon Qosimov. — Mazkur holat boʻyicha YPX xodimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 135 hamda 194-moddalari asosida bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi jarima maydoniga joylashtirildi.
Shu bilan ushbu qoidabuzarlik oʻz nihoyasiga yetishi ham mumkin edi. Biroq mazkur avtomashinani ishonchnoma asosida boshqarish huquqiga ega boshqa bir fuqaro viloyat IIB YHXB xodimlariga avtomashinani jarima maydonchasidan chiqarib berish hamda jarima toʻlamaslik evaziga 800 ming soʻm pora taklif etadi. IIB xodimlarining pora olish ham, pora berish ham jinoyat ekanligini bir necha bor tushuntirishlari naf bermagach, holat yuzasidan Navoiy viloyat prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasiga murojaat qilinadi.
Fuqaro 750 ming soʻm pulni pora sifatida berayotganida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olinib, unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 211-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring