Qofiyaning qurboniga aylangan qatorlar

17:50 18 Sentyabr 2019 Madaniyat
2007 0

Ishga jamoat transportida qatnaganligim uchun, har kuni turfa xil kishilar va voqealarga guvoh boʻlaman. Ayniqsa ishdan charchab, uyga qaytayotgan odamga koʻpincha musiqa hamroh boʻladi. Bir kuni avtobusda qoʻyilgan qoʻshiqning maʼnosiga (aslida maʼno deyishga ham uyalasan kishi) eʼtibor qaratdim.

“Dilimni oʻynama, oʻynama,

Sevaman deb aldama, aldama,

Bevafosan aslida, aslida,

Meni buncha qiynama, qiynama...”

Maʼno qofiyaning qurboniga aylangan bu qatorlarni eshitib dilim xira tortdi. Qoʻshiq raqsbop, ammo undagi soʻzlar raqsga tushadigan emas. Aksariyat yosh xonandalarimizning ijodini kuzata turib, shunga amin boʻldimki, ular sheʼriyatning asl maʼnosini tushunmasalar kerak. Kuyi ham, soʻzi ham toʻybop, mavzusi esa raqsga tushayotgan jononaga qarab siyqa usulda xushtorlik izhor qilishdan boshqa narsani anglatmaydigan qoʻshiqlar ham bolalab ketgani rost. Bu xiyla bahstalab, jiddiy mavzu. Ammo oʻylab koʻrsak, qoʻshiq xuddi isteʼmol qiladigan taomimizga oʻxshaydi. Yaxshi taom qorinni toʻydirishdan tashqari, insonning jismonan salomatligiga taʼsir qilib, dilini yayratadi. Qoʻshiq boʻlsa, kishining ruhiyatiga taʼsir qiladi. Bir ustozim qoʻshiq haqida qoʻyidagi fikrlarni bildirgan edi: “Biz uchun sanʼatlar ichida eng muhimi qaysi? – Kino? Ehtimol, bu ham toʻgʻridir. Biroq men bu injiq sanʼat sohasining chinakam zahmatkashlarini mutlaqo ranjitish niyatida boʻlmaganim holda, qoʻshiqni birinchi oʻringa qoʻygan boʻlardim. Negaki, biron haftami, oymi, ishqilib, kino koʻrmasdan, haykal yo rasm tomosha qilmasdan ham yashasa boʻladi, ammo biron kunimiz yoʻqki, qoʻshiqsiz oʻtmagan boʻlsin. Xuddi shuning uchun ham qoʻshiqni kishilik tarixida eng avval paydo boʻlgan sanʼat deb bilaman. Inson qoʻshiq bilan yashaydi – tugʻilgan kunidan ona allasini eshitsa, butun hayoti davomida qoʻshiq tinglaydi, oʻlgan chogʻida esa jigarbandlari aytib-aytib yigʻlaydi, bu ham – qoʻshiqning bir turi, aslida. Inson qoʻshiq eshitib yayraydi, qoʻshiq aytib jangga kiradi, soʻng bu jang tafsilotlarini qoʻshiq (doston) qilib aytib, avlodlarga qoldiradi. Qoʻshiq inson dilini muvozanatga soluvchi moʻjiza, kishi shod-xurramligi yoki gʻam-alami ichiga sigʻmay qolgan paytlarida qoʻshiq aytib, hovurini bosadi.”

Televideniye orqali shuni kuzatishimiz mumkinki, ayrim yosh xonandalar tomonidan aytilayotgan qoʻshiqlarga ham oʻzi muallif, ham bastakordirlar. Albatta, saʼnat olamida serqirra boʻlgan yaxshi, ammo xalqimiz bekorga “chumchuq soʻysa ham qassob soʻysin” demagan. Xuddi shunday qoʻshiqlarning biriga eʼtibor qaratsak:

“Tashlab ketding meni, menga qaramay,

Oʻzga bilan ketding holim soʻramay,

Yigʻladim ortingdan, yigʻladim tinmay,

Qayt ortingga, qaytgin sevgilim...”

Bu qoʻshiqni eshitib, uning maʼno va mazmuniga, kuyi va ohangiga eʼtibor qaratishimizdan oldin, avvalo, er yigit tomonidan ijro etilgani oʻylantirib qoʻyadi. Erkak kishining yigʻlashi Sharq xalqlariga xos boʻlmagan odat. Qoʻshiq matnida sevgani boshqa odam bilan ketgani va u yigʻlab, unga qayt deb yalinmoqda. Bu qatorlar har qanday erkak kishining nafsoniyatiga tegishi shubhasiz. Axir biz ayollar erkak kishiga baland togʻimiz, suyanchigʻimiz, otamiz, ogʻamiz, umr yoʻldoshimiz deb qarab, ularning bir ogʻiz gapini ikki qilmaslikka harakat qilib, nigohlaridan hayiqib turamiz. Oʻsha qatʼiyatli qarashlar, oʻtkir nigohlarni koʻrib, ojizamiz, deymiz. Ammo bunday qoʻshiqlar ushbu fikrlarga tamomila zid.

Erkak kishilarning erligini qatʼiyatlik, jasorat belgilasa, ayol kishining ojizaligini iffat, sharm-hayo belgilaydi. Qiz bola kimgadir koʻngil qoʻysa, dilidagini hech qachon tiliga chiqarmaydi, deyishadi. Bunga tarixda yashab oʻtgan qancha momolarimizning hayoti va ijodini misol qilishimiz mumkin. Jahon otin Uvaysiyning ushbu misralariga eʼtibor qaratsak:

“Moʻrdek pomoldurmankim, salomat ahliga,

Dard ahliga bu dam sardordurman ishqida.

Aql-u, fahm-u, xush-u idrokin sazovar oʻldirkim,

Mijmari bardosh ichinda nordurman ishqida.”

Momolarimiz shu qadar iffatli, hayoli boʻlishgan, hattoki sevgi soʻzini shivirlab aytishga uyalishgan. Bir kuni qishloqda buvimning uylarida mehmonda boʻldim. Buvim sakson yoshni qarshilagan boʻlishiga qaramasdan, qoʻl oyogʻi chaqqon. Televizor tomosha qilayotganimizda, telekanallarning birida taniqli xonandamiz tomonidan aytilayotgan qoʻshiqning klipini koʻrib, “Voy sharmanda, ana bu qizga qara yigitni orqasidan tinmay yuguryapti”, dedilar. Yosh emasmizmi, buvijonimizning aytganidan kuldik. Oʻylab qarasak, aslida kulish emas, chuqur oʻylab, fikr yuritish lozim ekan.

“Manga telefon qilmaydi,

Sevaman deb aytmaydi,

Turli bahonalar qilib,

Yonimga hech kelmaydi...”

Bu qatorlarni oʻqib, na kulishni, na yigʻlashni bilmaysan kishi. Ayrim ayol xonandalarimiz ijro qilayotgan qoʻshiqlarini eshitib, maʼno, mantiq, mazmun degan tushunchalar yoʻqolib ketayotganini kuzatishimiz mumkin. Naqarotiga,

“Nima qilay sevaman,

Sensiz yashay olmayman...”

Bu qatorlarni uch daqiqalik qoʻshiqda oʻn besh martadan koʻp taʼkidladi. Bechora sevgi degan soʻzning oʻzi uyalib, qayergadir yashirinib ketgan boʻlsa kerak. Muhabbat tuygʻusi aslida bunday boʻlmaydi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda milliy estrada sanʼatini rivojlantirish borasida koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Quyushqondan chiqib ketayotgan sanʼatkorlarimiz ogohlantirilyapti. Oʻsha ustozim shunday degan edilar: “Besh-olti yil burun shifoxona foyesiga qoʻyilgan televizorni tomosha qilib oʻtirib, bir qoʻshiq tinglagan edik. Sahro. Shabadada xas-hashaklar dumalayapti, qum uchyapti. Sayxonlikda besh-olti erkak, uch-toʻrt ayol. Erkak xonandalardan biri daroz boʻyli, bir koʻzi koʻr. Boshqasi keksaygan, yapasqi gavdali. Ular uchun bizning xor jamoasidagiday boʻysira boʻlib turish, yakrang kiyinib, kapalak galstuk taqishlar birlamchi emas ekan. Biroq aytgan nashidasini eshitsangiz! Kuyi ham, albatta, gimnbop, jangovar. Bu nashidaning har bir bandi “Vatan!” deb boshlanar ekan, “Vatan!” deya nido qilgan chogʻda xonandalarning gavdasi larzaga tushib titrab-silkinib ketar edi. Qoʻshiq sob boʻlgunicha ulardan bir nechasining koʻzlaridan yosh dumalab ketdi. Atrofga qarasam, bemorlardan baʼzilarining koʻzi ham namlangan, hayajon bilan tikilib oʻtirishibdi. Ana shunda, kishi qalbini junbushga keltira oladigan bitta qoʻshiq vatanparvarlik mavzuida bitilgan oʻnta joʻn kitobning oʻrnini bosishga qodir ekanligi haqida oʻylanib qoldim. Qoʻshiq degani ana shunaqa, asl boʻlsa ekan...”

Qaxramon Shermatov,

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bosh mutaxassisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?