Qiziltepada ilk xususiy maktab faoliyatini boshladi

19:06 02 Sentyabr 2025 Jamiyat
207 0

Taʼlim dargohiga Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi Soʻfiyon mahallasida tadbirkor Oybek Murodov rahbarligidagi “Bibirajab aya vorislari” MCHJ tomonidan asos solinib, “Parvoz” xususiy maktabi, deya nomlandi.

— Maktabimiz 240 oʻringa moʻljallangan boʻlib, darslar bir navbatda olib boriladi, — deydi O. Murodov. – Oʻqituvchilar va oʻquvchilar saralab olindi. Maqsad qishlogʻimiz hududida ham sifatli va zamonaviy sharoitga ega taʼlimni yoʻl qoʻyib, iqtidorlarni qoʻllab-quvvatlashdan iborat. Shu sabab boshqa maktablardagi kabi bir sinfda 30-35 nafar oʻquvchi emas, 20 nafar oʻquvchi taʼlim olishi belgilangan. Kelgusida xalqaro IELTS imtihonlariga tayyorlashni ham yoʻlga qoʻymoqchimiz.

Loyiha qiymati 7 milliard soʻmlik “Parvoz” xususiy maktabida oʻquvchilarga bir qator xorijiy tillar chuqurlashtirilgan holda oʻrgatiladi.

Mazkur maktab faoliyatini boshlagan Qiziltepa tumani pedagoglari 2024/2025 oʻquv yilida bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish koʻrsatkichi boʻyicha ilk bor viloyatda 1-oʻrinni egallashdi. Yaʼni hududdagi umumtaʼlim maktablarini tugallagan 1436 nafar yigit-qizning 812 nafari (57,4) foizi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilindi. Ularning 360 nafari davlat granti asosida talabalar safidan oʻrin egalladi.

Qiziltepaliklar taʼlimda erishgan marra bugun viloyatning umumtaʼlim maktablarida oʻtkazilgan Bilimlar kuni tadbirlarida alohida eʼtirof etildi. “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida oʻtkazilgan “Kelajak darslari”da taʼlim va tarbiya mamlakat taraqqiyotining ishonchli kafolati ekanligi taʼkidlandi.

Xususan, viloyat hokimi Normat Tursunov Navoiy shahridagi 3-IDUMda boʻlib, dunyodagi eng sharafli va mashaqqatli kasb egasi boʻlgan taʼlim sohasi fidoyilari hamda oʻquvchilarni Bilimlar kuni bilan qutladi. “Mustaqillik darsi”da ishtirok etdi, oʻquvchi va pedagoglar bilan suhbatlashdi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, oʻtgan uch yillik natijalar sarhisobiga koʻra Navoiy viloyati oʻquvchilarining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish koʻrsatkichi 40 foizdan 47 foizga oshdi.

Temur ESHBOYEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер