Qishloqning zamonaviy ayoli

U bichishni oʻrganganida maktabning 8-sinf oʻquvchisi edi. Bu ham bir hunar-da, deya oʻshanda tikuvchilik mashgʻulotlariga qatnay boshlaganini eslasa, hozir ajablanadi. Chunki uning orzusidagi kasb butkul boshqacha boʻlgan. Oradan koʻp yillar oʻtdi. Qahramonimiz Mohigul Arziqulova oila qurdi. Toshkentga koʻchib kelishdi. Taqdir uni farzand neʼmati bilan siyladi. Ammo siylovlar sinovlar bilan birga keldi. Oʻtgan yillar uni koʻp koʻchalarga boshladi, turmush chorrahalarida koʻp chalgʻitishga urindi. Biroq qishloqning zamonaviy ayoli qaddini tik tutib, oʻzini yoʻqotmadi.
Mohigul Arziqulova – mutaxassisligi boʻyicha pedagog. Hozirgi kunda Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti bitiruvchisi. “Hunarmand” uyushmasi aʼzosi, tadbirkor. Tadbirkor deb aytishga oson, Mohigul Arziqulovaning faoliyatini surishtirsangiz, koʻp tarmoqli tadbirkorlik subyektlari egasiligiga amin boʻlasiz. Ixcham boʻlsa-da, tikuvchilik sexi; zamonaviy sport zali va boshqa xizmat koʻrsatish shoxobchalari. Darvoqe, agar Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi masʼullari ishni paysalga solmasa, Oʻrta Chirchiq tumanidagi “Oʻchoqli” mahallasida yangi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat yurita boshlaydi.
Oddiy uy bekasi, kamtar qishloq ayolining koʻp tarmoqli tadbirkorga aylanishi mumkinligiga qahramonimiz misolida iqror boʻlasiz. 1995-yilda Qarshidan Toshkentga koʻchib kelgan Mohigul Arziqulova oilasi Bektemirda yashay boshladi. Uning turmush oʻrtogʻi Tolibjon Toʻraqulov Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining Radio uyida “Axborot” dasturlarini olib borar, boʻlajak tadbirkor ayol 2005-yilda novvoyxona va somsaxona faoliyatini endi-endi yoʻlga qoʻya boshlagandi.
– Roʻzgʻor uchun hissa qoʻshishni xohlardim, – deya eslaydi Mohigul Arziqulova. – Hunarimni ishga solib, albatta, uyda qop xalta tika boshladim. Ippodromga borib bozorchilarga sotib kelardim...
2018-yilda mahalla tuzilmasida “hokim yordamchisi” lavozimi joriy qilingach, unga kredit olish taklifi bildirildi. U novvoyxona faoliyatini kengaytirish va tikuvchilik sohasida ish boshlash uchun dastlab 10 million soʻm, keyinchalik 33 million soʻm kredit oldi. Bu orada tadbirkorlikning hadisini olgan Mohigul Arziqulova 2021-yilgacha toʻquvchilik, uy hamshiraligi, uqalash muolajalari kabi hunarlarni ham egalladi. Qadim zamonlarda “Bir yigitga qirq hunar oz” deyilardi. Mohigul Arziqulova “Bir ayolga qirq hunar oz” deya bu maqolni oʻzgartirgandek.
2023-yilda Mohigul Arziqulovaning turmush oʻrtogʻi vafot etdi. Bunday judolik koʻpchilik ayollarni choʻktirib qoʻyadi. Qahramonimiz hayot sinovlari qarshisida yorugʻ kunlar istagi bilan yashadi. U shu yili yana 100 million soʻm kredit olib, “Oʻchoqli” mahallasida zamonaviy sport zalini tashkil etdi. Hozirgi kunda talab va taklifga koʻra, mazkur sport zalini tuman maʼmuriy markaziga koʻchirish jarayonlari boshlangan. Bektemirdagi uyida qop xalta tikib yurgan ayol bugungi kunda yaratilgan sharoit va imkoniyat bois uch kishilik tikuv sexi rahbari, sport zali boshqaruvchisi. Yangi bogʻchaning mudirasiga aylanmoqda.
– Agar hozirgidek imkoniyatlar bundan yigirma yil oldin boʻlganda edi, – deydi Mohigul Arziqulova. – Turmush oʻrtogʻimning daldasi bilan juda koʻp ishlarni qilardim. Ammo hozir ham chakkimas, taqdirimdan nolimayman, mahalladagi hokim yordamchisi zarur yordamni ayamaydi.
“Oʻchoqli” mahallasidagi hokim yordamchisi Nilufar Dehqonboyeva hududdagi barcha tadbirkorlar qatorida Mohigul Arziqulovaga ham davlat koʻmagini yetkazib bermoqda. Sport zali va yangi bogʻchaning ochilishida uning ham hissasi bor. Kiroyi har bir hokim yordamchisi shunday boʻlsa...
– Shu ixcham xonada uch tikuvchi ishlaydi. Uchovi ham shu mahallaning kelinlari, – deydi “Oʻchoqli” mahallasidagi hokim yordamchisi Nilufar Dehqonboyeva. – Bir kunda 50 tadan 100 tagacha ayollar liboslari tikiladi, oʻrtacha 80 ming soʻmdan sotuvga chiqariladi. Agar buyurtmaga tikish boshlansa, daromad naqd. Mohigul opa faoliyatini kengaytirmoqchi, bu boʻyicha Oʻrta Chirchiq tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi bilan hamkorlikda tadbirkorga qulaylik yaratish choralarini koʻryapmiz.
Mohigul Arziqulova bogʻcha faoliyatini muntazam yoʻlga qoʻygach, yangi oʻquv markazi ochish taraddudida. Oʻrta Chirchiq tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi hamkorligida ochilajak bu oʻquv markazida ishsiz va hunarsiz yigit-qizlar uchun tikuvchilik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, pazandachilik, uqalash muolajalari, uy hamshiraligi kabi oʻnga yaqin yoʻnalishda malakaga bepul ega boʻlish imkoniyati yaratiladi. Xuddi shu yerning oʻzida amaliyot mashgʻulotlari ham tashkil etilib, tikuvchilik yoʻnalishi oʻquvchilari uchun oʻnta tikuv mashinasi hozirlanmoqda.
Aytgancha, Mohigul Arziqulovada bu boʻyicha ham katta tajriba bor. U Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Toshkent viloyati hududiy boʻlinmasi huzuridagi Tadbirkorlik markazida xotin-qizlar tadbirkorligi boʻyicha maxsus oʻquv mashgʻulotlari olib bormoqda. Oʻtgan vaqtda qariyb 600 nafar xotin-qizlar mazkur mashgʻulotlarda oʻqib, tadbirkorlik sertifikatiga ega boʻldi. Oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻydi. Bir qishloqning zamonaviy ayoli shuncha ishning boshida turibdi. Intilganga tole yor, imkoniyat ham bor. Muhimi, Mohigul Arziqulova kabi harakatni boshlash kerak.
Otabek ISROILOV
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring