Qator qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi

12:28 25 Dekabr 2019 Siyosat
1697 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Baʼzi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini imzoladi. Ushbu Qonun Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan imzolangan edi.

Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 19 ta qonuni va 2 ta kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi 23 ta moddadan iborat.

Jumladan, togʻ-metallurgiya tarmogʻi korxonalari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartishlar kiritildi. Ularda portlovchi moddalarni, shuningdek ularni ishlab chiqarish uchun maxsus materiallar va asbob-uskunalarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish bilan shugʻullanadigan korxonalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi lozimligi nazarda tutadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi hamda ushbu qoʻmita huzurida Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi tegishli ravishda Qurilish vazirligi va Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi etib qayta tashkil etilishi munosabati bilan “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisida”gi, “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi va “Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida”gi qonunlarga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

Shuningdek, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi etib qayta tashkil etilishi munosabati bilan “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi va “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi qonunlarga tegishli oʻzgartishlar kiritildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, shuningdek yongʻin xavfsizligini taʼminlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2019-yil 10-apreldagi Farmoniga muvofiq Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi, uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari Ichki ishlar vazirligidan chiqarilib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga oʻtkazildi.

Tugatilgan Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan vakolatlari Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yuklatildi.

Kichik hajmli kemalarni ekspluatatsiya qilish qoidalarini buzish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarning oldini olish profilaktik tadbirlar oʻtkazish (tushuntirish, ogohlantirish) bilangina chegaralangan, huquqbuzarlik sodir etilganda tegishli maʼmuriy choralar amaliyotda qoʻllanilmagan.

Shu munosabat bilan “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida”gi va “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi qonunlarga, shuningdek Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga Favqulodda vaziyatlar vazirligining vakolatlarini nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

Shu bilan birga, prokuratura organlari va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari javobgarligini oshirish maqsadida “Prokuratura toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunlardan mazkur organlar yuqori turuvchi mansabdor shaxslarining roziligi bilan maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi normalar chiqarib tashlangan.

Jinoyat-protsessual kodeks yangi norma bilan toʻldirilmoqda. Unga koʻra murojaat va unga ilova qilinadigan hujjatlar sudga elektron hujjat shaklida yuborilishi mumkin. Ish holatlari hujjatlarning faqat asl nusxalari bilan tasdiqlanishi lozim boʻlganda, shuningdek boshqa zarur hollarda hujjatlarning asl nusxalari taqdim etiladi.

Botir MATMURATOV,

Oliy Majlis Senati

Sud-huquq masalalari va

korrupsiyaga qarshi kurashish

qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?