“Paxtakor-79” fojiasiga 46 yil toʻldi

15:30 11 Avgust 2025 Sport
343 0

Bugun, 11-avgust — oʻzbek futboli tarixidagi eng alamli kun. 1979-yilning aynan shu kuni “Paxtakor” jamoasi aʼzolari Dneprodzerjinsk osmonida aviahalokatga uchragan edi.

Oʻsha kuni Toshkent–Gurev–Donesk–Minsk yoʻnalishida parvoz qilayotgan TU-134 samolyoti Chelyabinsk–Kishinyov reysini amalga oshirayotgan shu rusumdagi boshqa bir layner bilan 8400 metr balandlikda toʻqnashdi.

Toʻqnashuv natijasida ikki samolyotdagi 178 kishi halok boʻldi. Ular orasida “Paxtakor”ning 17 futbolchisi ham bor edi.

Tergov natijasiga koʻra, ikki aviadispetcher — Nikolay Jukovskiy va Vladimir Sumskoy xatosi halokatga sabab boʻlgan. Ular 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Fojia paytida “Paxtakor” SSSR Oliy ligasida yaxshi oʻyin koʻrsatayotgan, hatto Yevropa musobaqalariga chiqish imkoniyati haqida ham gaplar yurardi. Ammo bir avlod futbolchilar bir zumda yoʻqolib, oʻzbek futboli rivojiga katta zarba berildi.

Halokatda hayotdan koʻz yumgan “Paxtakor” futbolchilari:

1. Mixail An – yarim himoyachi

2. Ravil Agʻishev – himoyachi

3. Viktor Churkin – hujumchi

4. Vladimir Fyodorov – hujumchi

5. Olim Ashirov – himoyachi

6. Sirojiddin Bazarov – hujumchi

7. Sergey Pokatilov – darvozabon

8. Vladimir Sobirov – hujumchi

9. Konstantin Bakanov – yarim himoyachi

10. Yuriy Zagumennix – himoyachi

11. Shoʻhrat Eshboʻtayev – hujumchi

12. Rustam Durmonov – yarim himoyachi

13. Aleksandr Korchyonov – hujumchi

14. Gennadiy Kruglov – himoyachi

15. Yevgeniy Zinovev – darvozabon

16. Nikolay Kulikov – himoyachi

17. Vladimir Makarov – yarim himoyachi

Soʻzimizni ustoz jurnalist Xayrulla Hamidovning “Paxtakor” jamoasiga atab yozilgan ushbu sheʼr bilan yakunlaymiz:

Parvoz qani? Qani qanot oqqushlar,

Moviylikda bulut boʻlib oqishlar.

Qirq yil boʻldi, yuraklarim ezilar,

Koʻkka uchib qaytmay ketgan oqqushlar.

 

Tingladi dil chin ayriliq kuyini,

Koʻrmadilar, futbolimiz toʻyini.

Dilni tirnar bugungilar oʻyini,

Koʻkka uchib qaytmay ketgan oqqushlar.

 

Yer bilan har aylabon har uchtasin,

Tirnar goʻyo odam qalbi kashtasin.

Uzib, yanchib mustahkam dil rishtasin,

Koʻkka uchib qaytmay ketgan oqqushlar.

 

Demasman, Badjo yo Kanni sogʻindim,

Balkim vujudan bir tanni sogʻindim.

Oʻzbek boʻlib ketgan Anni sogʻindim,

Koʻkka uchib qaytmay ketgan oqqushlar.

 

Toʻpni tamom oʻz oniga agʻdarib,

Kiyevning toʻriga gollar yogʻdirib,

Blaximni hoʻp yigʻlatgan Fyodorov,

Koʻkka uchib qaytmay ketgan oqqushlar.

 

Futbol nadir, bu millatga alam ey,

Yigʻla xalqim, yigʻla, senga hoʻp kam ey,

Mendan kichik Sirojiddin aka‌m ey,

Koʻkka uchib qaytmay ketgan oqqushlar.

 

Koʻkka uchib qaytmay ketgan oqqushlar,

Qayga ketdi, bizga kulib boqishar.

Mustaqil yurt libosida toʻp surib,

Madhiyani aytmay ketgan oqqushlar.

Muhammadamin Zuhriddinov tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер