Oʻzingni asrasang, oʻzgani asraysan!
“Xalq soʻzi”.Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi Online”
Koʻpchilik yaxshi xabardor: Xitoyning Uxan shahridan boshlangan koronavirus infeksiyasi (SOVID-19) yangi davru zamonlarning chinakam kulfati sifatida oradan koʻp oʻtmayoq dunyo mamlakatlarida ham, ona Vatanimizda ham oʻz aks sadosini berdi.
Aks sado, degan ibora balki bu oʻrinda mazkur pandemiyaning bor mahobatiyu oqibatini oʻzida mujassam etolmas, biroq axborot kanallariyu ijtimoiy tarmoqlar, turli informatsion saytlarning tunu kun tinimsiz berib borgan sharh va munosabatlari, darhaqiqat, ham hayratlanarli, ham xavotirli boʻlganini alohida taʼkidlab oʻtish kerak.
Bugun kattayu kichikning nigohi ommaviy axborot vositalarida, hamma yerda shu gap: koronavirus! Bu xavfli xastalikdan himoyalanish, uni tezroq bartaraf etish harakatida. Prezidentimiz ham mamlakat miqyosida katta yigʻilish chaqirib, mutasaddilarga bu borada tegishli topshiriqlarni berdi, xalqimizga murojaat qilib, jamiyatda koronavirusga qarshi kurashga alohida eʼtibor qaratdi.
Bu bilan kifoyalanmay alohida Farmon ham qabul qilindi. Xalqimiz salomatligini asrash, qoʻllab-quvvatlash uchun 10 trillion soʻm mablagʻ ajratildi!
Ayni paytda Prezidentimiz belgilab bergan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, mahallalarda, savdo maskanlarida, boringki, barcha tashkilot va idoralarda karantin choralariga qatʼiy rioya, tavsiyalarga amal qilinmoqda. Telekanallarda shifokorlar kasallikni yuqtirmaslik uchun nimalarga ahamiyat qaratish zarurligini uqtirib borishyapti. Qisqacha aytganda, mamlakatimizda koronavirus xavfini bartaraf etish boʻyicha barcha chora-tadbirlar koʻrilyapti.
Aslida bu ham xalqimizning boshiga tushgan bir sinov. Kimning qandayligi, hayotga munosabati, bilim-saviyasi, iymon-eʼtiqodi shunday kunlarda bilinadi. Qarangki, mehr-oqibatli, saxovatpesha xalqimiz vakillari — tadbirkorlarimiz qoʻllaridan kelganicha ushbu ofat oqibatida yuzaga kelgan vaziyatda begʻaraz yordam qilishga intilmoqda. Aytaylik, Qashqadaryo, Fargʻona, Namangan viloyatlaridan boʻlgan haydovchi yigitlar oʻz xohishlari bilan avtokarvonlar tuzib, Toshkentda oʻqiyotgan yuzlab talabalarni uylariga yetib olishida himmat koʻrsatgan boʻlsa, poytaxtlik bir tadbirkor oʻzi tiklagan koʻp qavatli, katta bir klinikani profilaktik maqsadlarda foydalanish uchun shifokorlar ixtiyoriga topshirdi. Yoki boʻlmasa, aksariyat hududlarda tibbiyot niqoblari bepul tarqatilayotir.
Bunday paytda, ayniqsa, shifokorlar uchun zalvari ogʻir, masʼuliyati yuksak boʻlgan davr kechayotir. Gippokrat qasamiga sodiq, kasbiga fidoyi shifokorlarimiz, oq xalatli hamshira opa-singillarimiz “Siz uyda oʻtiring, siz uchun biz mehnat qilamiz!” degan shior bilan kecha-kunduz oʻz xizmat joylarida sergak turishibdi. Bugungi kun talabi shunday: hozirgisi bilan qanoatlanib qolmasdan, sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish, malakamizni oshirish yuzasidan yana-da koʻproq, yana-da yaxshiroq ishlashimiz kerak, deyishmoqda ular.
Bunday misollarni esa istagancha keltirish mumkin. Eng muhimi, odamlarimiz zamon loqaydlik va befarqlikni aslo kechirmasligini yaxshi anglab yetmoqdalar! Albatta, bularning hammasi tahsinga loyiq. Ammo...
Bugun shiddat bilan oʻzgarib borayotgan dunyo shunday bir pallaga kirdiki, odamlar uyushmagan, birlashmagan, murosa yoʻlini topa olmagan joyda muammolar, keskinliklar uyushib, birlashib ketmoqda. Afsuski, bugun qatʼiy tartib-intizom, mehr-oqibat hamjihatligining koronavirus pandemiyasini magʻlub etish, koʻzlangan maqsadga erishish yoʻlida toʻsiqlar ham uchramoqda va taʼbir joiz boʻlsa, bundaylar amalga oshirilayotgan xayrli ishlar poydevorini nuratmoqda, desak, xato boʻlmaydi. Oddiy aytganda, ayni paytda yuzaga kelgan vaziyatdan oʻz shaxsiy manfaatlari, gʻarazli maqsadlari yoʻlida foydalanib qolish payida boʻlayotganlar ham taassufki, uchrab turibdi.
Eng asosiy muammolar nimalarda koʻrinadi?
Birinchi muammo, baʼzi nafsi oʻpqon, insofsiz haydovchilar yoʻlkira haqini ikki-uch hissaga oshirib yuborgani, ayrim bozorlarda “tadbirkor” niqobi ostidagi olibsotarlar baʼzi oziq-ovqat, xususan, sarimsoqpiyoz, limon kabi shu kunlarda xaridorgir boʻlgan mahsulotlar narxini oʻrinsiz ravishda oshirganini qanday baholash mumkin?
Ikkinchi muammo, baʼzi hamyurtlarimizning “rejalashtirib qoʻygandik”, deya mahalla bilan maslahatlashmay, imi-jimida toʻy-marosimlarni, oilaviy tadbirlarni hanuz toʻxtatishmayotgani, baʼzi bir yoshlarning koʻcha-koʻylarda, jamoat joylarida bemalol “sayr” qilib yurganiga nima deysiz?
Uchinchi muammo, raqamli texnologiyalarning ijtimoiy hayotda tobora faol qoʻllanilayotganiga borib taqaladi. Yaʼni internet tarmoqlarida ayrim kurakda turmaydigan, yolgʻon-yashiq, vahima “gap-soʻz”larni tarqatayotgan, ogʻziga kuchi yetmaganlarning uchrayotgani yana-da achinarlidir.
Bu, albatta, maʼnaviy qashshoqlik, tarbiyasizlik, begʻamlik, beparvolik oqibati. Demak, hali bu borada muhokama qilinishi lozim boʻlgan mavzular yetarli.
Donishmand adiblarimizdan biri “Boʻron-u dovuldan ham, sel-u toshqindan ham xavfli illat, bu — begʻam-beparvolikdir”, deb bejiz aytmagan. Shundan ekan, shu kecha-kunduzda onda-sonda boʻlsa-da, uchrab turgan yuqoridagi singari illatlarga qarshi koʻpni koʻrgan, boshidan ne-ne issiq-sovuq kunlarni oʻtkazgan kayvoni otaxon-onaxonlarimiz, yurt ogʻalari boʻlgan katta-kichik rahbarlar, xalq vakillari — deputatlar, koʻp sonli ziyolilarimiz, oʻzini bilgan har bir inson, barcha-barcha bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihatlikda kurashmogʻimiz, aholini shifokorlar tavsiyalariga rioya qilishga chorlamogʻimiz zarur. Zotan, kechikkan ishlar oʻrnini qoplashga imkoniyat hamisha, hamma joyda boʻladi.
Buning uchun imkoniyatlarimizdan oqilona va maqsadli foydalanishimiz kerak. Oilalardagi muhitni sogʻlomlashtirish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi, ehtiyojmand oilalar aʼzolarining hayotda oʻrnini topishiga koʻmaklashish, ularni qoʻllab-quvvatlash ishlariga mahalladagi obroʻli va salohiyatli kishilarni jalb etayotganimiz ham shundan dalolat.
Vatan ostonadan boshlanadi. Oila tinch, mahalla tinch boʻlsa yurt tinch boʻladi. Bugun har bir oilaning tinchi, sihat-salomatligi, bugungi kunda koronavirusni yuqtirmasligi koʻp jihatdan oila boshligʻi boʻlgan otalar, onalar zimmasida, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. Shifokorlar siz bilan bizdan talab etayotgan profilaktik choralar, qoidalar esa juda murakkab ham emas. Odamlar yigʻiladigan turli marosim va tadbirlarni vaqtincha toʻxtatish, oʻz xonadonimizda, mahallamizda ozodalikka, sarishtalikka rioya qilish, uyimiz, hovli-joyimizni pokiza tutish, uyda oʻgʻil-qizlarimiz, nevaralarimizni yonimizga olib kitobxonlik uyushtirish, televizordan maʼnaviyatimizni boyitadigan koʻrsatuvlarni tomosha qilish, qoʻlimizni har kuni tez-tez yuvib turish, niqobni kanda qilmaslik, koʻproq shifokorlar tavsiya etayotgan yengil, koʻkatli taomlar, quruq va hoʻl mevalarni isteʼmol qilsak kifoya. Ana shunda oʻz oilamizni, oʻz bolamizni oʻzimiz asragan boʻlamiz. Bu el-yurtimizni asraganimiz, vatanparvarligimizdan nishona demak!
Oʻylab qarasak, bizda koronavirus degan baloni, butun dunyoni, barcha xalqlarni tashvishga solib turgan xavfni bartaraf etishning barcha imkoniyati mavjud. Ota-bobolarimiz, momolarimiz, onalarimiz azaldan oʻz xonadonlari, yashaydigan koʻchalari, mahallalarini ozoda, pokiza tutishgan. Farzandlariga, nevaralariga “Koʻchaga tupurma, suvni iflos qilma, yoʻlga axlat tashlama, koʻzing yoʻlovchiga ozor yetkazadigan narsaga tushsa olib tashla”, deb nasihat qilishgan. Oʻzlari ham sarishtalikka, pokizalikka alohida eʼtibor berishgan. Uyga kelgan mehmonni birinchi galda qoʻliga suv quyish, mehmondorchilikdan keyin ham buni takrorlash, oʻrindiqlarni, dasturxon, sochiqlarni har doim ohorli, ozoda tutish, mehmon oldida ortiqcha yoʻtalmaslik, oʻpishib koʻrishmaslik va hokazo... Bularning barchasi boshqa xalqlar havas qilsa, ibrat olsa arziydigan fazilatlarimiz sanaladi.
Jonajon Oʻzbekistonimizni “Alloh nazari tushgan yurt”, deyishadi. Bahorimiz goʻzal, yozimiz yoqimli, kuzimiz barakali, qishimiz moʻtadil. Choʻpon tayogʻini tuproqqa qadab qoʻysa erta-indin koʻkarib barg yozib yuboradigan saxovatli zaminimiz bor. Bu zaminda bitmaydigan narsaning oʻzi yoʻq. Bagʻri butun bobodehqonlarimiz, feʼli keng fermerlarimiz dalasida, bogʻ-rogʻida, issiqxonalarida yetishtirilayotgan sarxil olma-uzumlar, oʻrigu giloslar, noku nashvatilar, qovun-tarvuzlar, mandarinu limonlar, pomidor-bodringlar, turfa koʻkatlar, ularning taʼmi-toti olamda yoʻq, dunyo bozorlarida tam-tam, talosh... Demoqchimanki, dori-darmonimiz, kuch-madorimiz, har qanday virusni, xastalikni yengishga qodir imkoniyatimiz, tabobatimiz, nabototimiz oʻzimiz bilan. Davo ham oʻzimiz bilan, shifo ham oʻzimiz bilan.
Xuddi shunday deymiz-u, lekin dunyo ham bugun kechagi dunyo emas, degan oʻyga boramiz. Soʻnggi yillarda televideniyedagi baʼzi xorijiy kinolar, ijtimoiy tarmoqlardagi nomaqbul “muloqot”larni koʻrib, kuzatib, eshitib mafkuraviy xuruj koʻrinmas ofat yangligʻ xalq hayotiga kirib kelishi, ildiz otishi, odob-axloq qoidalarini yemirishi, xiyonat va sotqinlikka mayl uygʻotishiga amin boʻlasan, kishi. Bu esa jamiyatda yangi-yangi muammolarni keltirib chiqarishi tayin. Oqibatda hayotiy tajribasi yetarli boʻlmagan, turmushning ogʻir sinovlariga duch kelmagan, hamma narsaga ishonch va havas koʻzi bilan qaraydigan yoshlar kutilmagan “iltifot”larga mahliyo boʻladilar, oradan hech qancha vaqt oʻtmay niyati buzuq kimsalar qoʻlida oʻyinchoqqa aylanib, ota-bobolariga xos milliy-maʼnaviy ildizlardan uzoqlashganlarini sezmay qoladilar. Shuning taʼsirida oʻzligimizga, oʻzbekligimizga yarashmaydigan oʻrinsiz iltifot, oʻpishib koʻrishish, boshni boshga urishtirish kabi bachkana qiliqlar ham kirib keldiki, endilikda yoshlarimiz oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish bilan bunday illatlarni ham bartaraf etishimiz zarurati tugʻilmoqda.
“El gʻamini bilgan elda doston”, deydi donishmand xalqimiz. Bugun yurtimizda inson omili oliy qadriyat darajasiga koʻtarildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Odamlar ertaga emas, bugun baxtli yashashni istaydilar”, degan tamoyilni ilgari surishi va buni bugungi siyosatimizning ustuvor yoʻnalishiga aylantirishida ham aynan shu mazmun-mohiyat mujassamdir. Mazkur prinsip ijrosi oʻlaroq, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan insonparvar siyosat odamlar hayotiga yangicha mazmun baxsh etmoqda. Eng muhimi, Prezidentimizning shaxsan oʻzi bugun ham koronavirusga qarshi kurashning boshida turibdi. “Qancha mablagʻ ketsa ham yurtimiz tinch boʻlib, xalqimiz salomat boʻlsa bas!” deb odilona va mardona qaror qabul qildi. Bosh vazirimiz boshliq shtab yigirma toʻrt soat ishlayapti. Sogʻliqni saqlash vazirligi, boshqa mutasaddi idoralar ham kunu tun sergak. Va eng asosiysi, bu yerda gap faqat koronavirus infeksiyasi yoki pandemiya haqida emas. Boshidan oʻtmishda ne-ne qiyinchiliklarni oʻtkazgan, qahatchilik, ocharchilik yillarini, urush uqubatlarini koʻrgan xalqimiz bu sinovli kunlardan ham eson-omon oʻtishiga shak-shubha yoʻq! Gap bu yerda davlatchilik haqida. Davlat kim va qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, oʻz fuqarolarining xavfsizligini taʼminlashni zimmasiga olgani uchun ham davlat hisoblanadi.
Vaqt yugurik. Ayniqsa, tobora globallashib borayotgan uchinchi ming yilligimiz odamdan oʻta hushyorlikni, hozirjavoblikni va keng mushohadani talab etadi. Ana shular haqida oʻylar ekanmiz, farovon yurtda yashayotganligimizga shukronalar qilamiz, el-yurt ravnaqi yoʻlidagi kamtarona mehnatimizdan faxrlanamiz. Va bu bizga, har birimizga oʻz ishimizga yana-da masʼuliyat bilan yondashishga undaydi.
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring