Oʻzbekiston—Xitoy: barcha darajadagi hamkorlik rivojlanib bormoqda
Oʻzbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasiga ishchi tashrifi doirasida Urumchi shahrida ham boʻldi.
Bugun, 9-oktyabr kuni Urumchi shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Xitoy Kompartiyasi Markaziy qoʻmitasi Siyosiy byurosi aʼzosi, Shinjon-Uygʻur avtonom rayoni Partiya qoʻmitasi kotibi Ma Sinjuy bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Taʼkidlanganidek, Davlatlarimiz rahbarlarining muntazamlik kasb etgan muloqotlari, oʻzaro tashrif va uchrashuvlari natijasida xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik rishtalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni mutlaqo yangi — har tomonlama strategik sheriklik darajasiga olib chiqdi.
Oxirgi yillarda nafaqat davlatlar, hukumatlar darajasida, balki hududlararo hamkorlik aloqalari ham rivojlanib bormoqda.
Uchrashuvda bu boradagi hamkorlikni davom ettirish va yanada kengaytirish ikki tomon uchun ham manfaatli ekani qayd etildi.
Oʻzaro aloqalarini mustahkamlash, savdo hajmini oshirishda SHUAR alohida oʻrin egallaydi.
Zero, bugungi kunda Xitoyning mazkur hududidan mamlakatimizga zamonaviy texnologiya va uskunalar hamda boshqa mahsulotlar import qilinmoqda. Oʻz navbatida, yurtimizdan SHUARga toʻqimachilik, mis, mineral oʻgʻitlar, qishloq xoʻjaligi va boshqa turdagi mahsulotlar eksporti amalga oshirilyapti.
Bundan tashqari, “aqlli” qishloq xoʻjaligi boʻyicha oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish imkoniyati katta.
Joriy yil may oyida Sianda boʻlib oʻtgan Oliy darajadagi uchrashuvda umumiy qiymati 25 milliard dollarga yaqin investitsion loyihalar boʻyicha kelishuvlarga erishilgan edi.
Bugungi kunda mazkur kelishuv doirasida SHUARning bir nechta kompaniyalari bilan metallurgiya, energetika, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalar boʻyicha istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
SHUARning Oʻzbekiston uchun yana bir ahamiyatli tomoni – mazkur hudud davlatlarimiz oʻrtasidagi transport-logistika tizimida asosiy boʻgʻin hisoblanadi.
Mazkur yoʻnalishda “Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishini jadallashtirish boʻyicha birgalikda qatʼiy ishlash zarurligi taʼkidlandi.
Mavjud transport yoʻlaklari bilan bir qatorda, “Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” va “Xitoy — Tojikiston — Oʻzbekiston” multimodal transport yoʻlaklarini rivojlantirish muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Fan, taʼlim hamda kadrlar tayyorlash, madaniy-gumanitar yoʻnalishlaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Shuningdek, mamlakatimiz hukumati delegatsiyasining SHUARga tashrifi doirasida ““Xinjiang Hualing industry & trade group”, “China Southern power grid”, “China National Chemical engineering“, “Amer international group”, “Tbea” va boshqa Xitoyning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan tegishli yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi
- AQSH Hoʻrmuz boʻgʻozida kemalarni kuzatib borishni boshlashi mumkin
- 14-mart kuni kuzatiladigan ob-havo prognozi eʼlon qilindi
- Qiyinchiliklarda toblangan, ichki kuch va ogʻriqlarni jilovlay olgan — “Inson”
- Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring