Oʻzbekistonda yoʻl bezoriligi targʻib qilingan akkauntlar bloklanadi

11:45 04 Mart 2026 Jamiyat
337 0

Oʻzbekistonda ijtimoiy tarmoqlarda poyga va yoʻl bezoriligini targʻib qiluvchi shaxslarning akkauntlari faoliyatiga chek qoʻyish choralari koʻrilmoqda. Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Toshkent shahar IIBB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasida IIV Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi, general mayor Rustam Joʻrayev raisligida yigʻilish oʻtkazilgan. Unda Toshkent shahar IIV JXD YHXX hamda poytaxt IIBB YHXB rahbariyati, YPX brigada va batalyon qoʻmondonlari hamda sohaviy boʻlinmalar boshliqlari ishtirok etgan.

Yigʻilishda ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va YouTube videoxostingida yoʻl harakati qoidalarini buzishni targʻib qiluvchi videomateriallar — xavfli haydovchilik, noqonuniy koʻcha poygalari, drift va “shashka” kabi harakatlar tarqatilayotgani taʼkidlangan. Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida, internet tarmogʻini doimiy ravishda monitoring qilish va bunday videolarni joylashtirayotgan shaxslarni aniqlab, ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora koʻrish hamda qoʻpol qoidabuzarliklarni “piar” qilib namoyish etgan akkauntlarni bloklash belgilangan.

Departament boshligʻi tomonidan avariyalar sonini kamaytirish, ogʻir oqibatli yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, statsionar va mobil postlar faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek blogerlar va qoʻpol qoidabuzar haydovchilar bilan profilaktik ishlarni faollashtirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgan. Bundan tashqari, tungi reyd tadbirlarini kuchaytirish, yoʻl bezoriligi uchun jazoning muqarrarligini taʼminlash, xizmat intizomini mustahkamlash va xodimlarning shaxsiy masʼuliyatini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilishi taʼkidlangan.

Qayd etilishicha, joriy yilning 26-fevral kuni boshlangan operativ-profilaktik reyd tadbirlarida 3-mart kuniga qadar quyidagi ishlar amalga oshirilgan:

• Monitoring guruhi tomonidan internet tarmoqlaridagi platforma va saytlar oʻrganilib, yoʻl bezoriligi aks etgan jami 107 ta videolavhalar aniqlangan.

• Mazkur videolar asosida 66 nafar haydovchiga nisbatan bayonnomalar rasmiylashtirildi, 62 ta avtomobil jarima maydoniga joylashtirilgan.

• YPX hamda PPX xodimlari bilan hamkorlikda giyohvandlik va psixotrop moddalarni noqonuniy saqlash bilan bogʻliq 23 ta holat va oʻtkir jismlarni olib yurish bilan bogʻliq 262 ta holat aniqlangan.

Olib borilayotgan tadbir davomida 5 919 ta qoʻpol qoidabuzarlik aniqlanib, barcha transport vositalari jarima maydoniga joylashtirilgan. Maʼlum boʻlishicha, huquqbuzarlarning 54 nafari voyaga yetmagan shaxs boʻlgan.

Asosiy qoidabuzarlik turlari quyidagilar: poyga — 4 ta, boʻysunmaslik — 70 ta, tonirovka — 116 ta, noqonuniy sirena va mayoqchalar — 61 ta, davlat raqamisiz boshqarish — 34 ta.

Qoʻshimcha qilinishicha, ustaxonalarda oʻtkazilayotgan oʻrganishlar vaqtida tyuning xizmatini koʻrsatuvchi 68 nafar tashkilot rahbarlari va 79 nafar ularning xodimlari soʻrovdan oʻtkazilib, 100 nafar avtoservis rahbarlari bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazilgan.

Hozirda ijtimoiy tarmoqlardagi poyga va yoʻl bezoriligini targʻib qiluvchi akkauntlarning faoliyatiga chek qoʻyilish choralari koʻrilmoqda. Reyd tadbirlari respublika boʻylab davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер